Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilish marosimidagi nutqi



Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, siz, azizlarni betakror qadriyat va an’analar yurti bo‘lgan O‘zbekiston zaminida ikkinchi marotaba o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugungi tantanamizda YUNЕSKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi prezidenti Simona Mikulesku, AYSЕSKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Seytimov, Turkiya Respublikasi Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, Tojikiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy rivojlanish, madaniyat va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Abdullo Rahmonzoda, Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksutov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Gabil o‘g‘li Karimli va boshqa muhtaram mehmonlarimiz ishtirok etayotgani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

Xush kelibsiz O‘zbekiston zaminiga!

Qadrli mehmonlar!

Mazkur anjuman 2018-yilda ko‘hna Shahrisabzda o‘tkazilgan birinchi xalqaro maqom san’ati festivalining davomi bo‘lib, pandemiya tufayli vujudga kelgan olti yillik tanaffusdan so‘ng barchamizni yangicha ruh va shukuh bilan yana o‘ziga chorlamoqda.

Buyuk ipak yo‘li durdonasi – jannatmakon mamlakatimizning gavhari, serviqor tog‘lar, yam-yashil o‘rmonlar, xalqparvar va olijanob insonlar yurti bo‘lmish betakror Zomin bugun katta san’at bayramiga mezbonlik qilmoqda.

Qadimiy Zomin haqida ko‘plab kitoblar, ilmiy tadqiqotlarda batafsil ma’lumotlar berilgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, “Zomin” atamasi “Avesto”da tilga olingan “Zomyod”, ya’ni, farovonlik farishtasi degan nom bilan bog‘liq va miloddan avvalgi VII-V asrlarga borib taqaladi.

Noyob arxeologik topilmalari, zabardast allomalari bilan jahonga mashhur ushbu hudud ko‘p asrlar davomida sivilizatsiya beshiklaridan biri, ilm-fan, san’at va ma’rifat markazi bo‘lib kelgan. Jumladan, XII asrning oxiri va XIII asrning birinchi yarmida bu makonda yashab ijod etgan huquqshunos alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushoniy tarixda bolalar huquqlari bo‘yicha birinchi keng qamrovli manba – “Bolalar huquqlari kodeksi” (“Jomi’ ahkom as-sig‘or”) nomli noyob asar yaratganini katta faxr va iftixor bilan tilga olamiz.

Boshqacha qilib aytganda, ushbu tarixiy asar bola huquqlari G‘arb sivilizatsiyasidan qariyb olti yuz yil muqaddam bugungi O‘zbekiston zaminida to‘liq o‘rganilib, amalga oshirilganini ko‘rsatadi.

Bu ko‘hna diyor nafaqat beqiyos tabiat mo‘jizalarini, shu bilan birga, buyuk ma’naviy xazina bo‘lgan xalqimizning boy an’ana va qadriyatlari, madaniy merosi va folklor namunalarini ham saqlab kelayotgan tabarruk zamindir.

Shu o‘rinda Jizzax viloyatidan O‘zbekiston xalq hofizlari Eson Lutfullayev va Orifxon Hotamov, O‘zbekiston san’at arbobi Bahrullo Lutfullayev kabi hayotbaxsh va o‘lmas navolari bilan xalqimiz mehrini qozongan atoqli hofizlar, mohir bastakorlar yetishib chiqqanini yodga olishni istar edim.

Muhtaram festival qatnashchilari!

Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi bo‘lgan maqom san’ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi. Maqom – umumbashariy tuyg‘ularni avj pardalarda tarannum etadigan nodir san’at turi sifatida ham biz uchun g‘oyat qadrlidir.

Shu bilan birga, u o‘zida musiqa, she’riyat va raqs san’atini ajoyib tarzda uyg‘un etgan yuksak tafakkur va insoniy kamolot qomusidir. Maqom san’ati uchun asosiy mavzu – eng avvalo, shaxs, uning erki va qadri, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik va umumbashariy taraqqiyot hisoblanadi.

Bu mumtoz badiiy obida asrlar mobaynida avlodlar o‘rtasida ruhiy uzviylikni saqlab, inson ma’naviy olamini boyitib, yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashdek ulug‘ maqsadlarga xizmat qilib kelmoqda.

Maqom o‘zida xalqning teran ruhiyati, ezgu niyatlari, milliy mentaliteti, so‘nmas qadriyatlarini mujassam etgan bo‘lib, sivilizatsiya taraqqiyotida muhim o‘rin egallaydi.

Musulmon Sharqida Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida maqom san’ati jadal rivojlanib, o‘zining yuksak cho‘qqisiga ko‘tarildi. Xususan, X asrning birinchi yarmida Sharqda “Muallimi soniy” nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Nasr Forobiy o‘zining “Katta musiqa kitobi”da musiqa san’atining nazariy va amaliy mezonlarini ud sozi orqali mukammal tartibga keltirgan. Buyuk mutafakkir Muhammad Xorazmiy “Ilmlar kaliti” kitobining musiqaga bag‘ishlangan qismida o‘sha davrdagi musiqa cholg‘ulari haqida aniq ma’lumotlar beradi. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz esa noyob musiqiy asarlar yaratib, maqom rivojiga beqiyos hissa qo‘shganlar.

XX asrda bu an’analarni munosib davom ettirgan Abdurauf Fitrat, Viktor Uspenskiy, Yunus Rajabiy kabi salohiyatli va peshqadam san’atshunos olimlar, Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Turg‘un Alimatov, Berta Davidova, Fattohxon Mamadaliyev, Orif Alimaxsumov, Mahmudjon Tojiboyev singari atoqli va fidoyi ustozlarning unutilmas xizmatlarini hamisha cheksiz hurmat va ehtirom bilan esga olamiz.

Majoziy ma’noda olti azim o‘zanga qiyoslanadigan, xalqimiz badiiy tafakkurining beqiyos mahsuli bo‘lgan “Shashmaqom” asrlar davomida jahon madaniyat ummonini to‘ldirib, uni har tomonlama boyitib kelmoqda.

Shu o‘rinda mumtoz musiqa san’atining gultoji bo‘lgan betakror maqomlarimiz YUNЕSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani va bu uni butun dunyoda keng targ‘ib qilish va ommalashtirishga munosib hissa qo‘shayotganini ulkan xursandchilik bilan ta’kidlamoqchiman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

O‘zbekistonda maqom san’atini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazishda mashhur davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning o‘rni alohida ajralib turadi. G‘oyat og‘ir davrlarda Sharof Rashidovichning sa’y-harakatlari bilan Toshkent davlat konservatoriyasida maqom san’atini ilmiy o‘rganishga, uni xalqaro miqyosda targ‘ib etishga asos solingan edi. O‘sha yillarda respublikamizda maqom ansambli tashkil etilgan. O‘lmas “Shashmaqom” durdonalari notaga olinib, 6 jilddan iborat mukammal kitob nashr qilingan.

O‘ylaymanki, bugungi fayzli anjumanimiz tufayli rahmatli Sharof Rashidovichning ham ruhlari shod bo‘lmoqda.

Xabaringiz bor, Yangi O‘zbekistonda barcha sohalar qatori madaniyat va san’at yo‘nalishini rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Bu jarayonda “Sharq taronalari”, Xalqaro baxshichilik san’ati, “Lazgi”, Xalq hunarmandchiligi festivali singari nufuzli anjumanlar, Toshkent xalqaro kinofestivali, madaniyat kunlari, tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmalari hamda boshqa muhim tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hech shubhasiz, ular orasida mumtoz musiqa san’atining noyob durdonasi bo‘lgan maqomlarga bag‘ishlangan mazkur xalqaro festival beqiyos o‘rin tutadi. Mamlakatimizda ushbu san’at ravnaqini yangi bosqichga olib chiqish, iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bugungi kunda maqom san’ati butun mamlakatimiz bo‘ylab, boshlang‘ich ta’limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo‘lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o‘rganilmoqda. Biz Toshkent shahrida Maqom markazi yangi binosini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni boshladik. Maqom rivoji yo‘lida sermahsul ijod qilib kelayotgan bastakor, kompozitor, musiqashunos, xonanda va sozandalarni faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda nufuzli milliy tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda.

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, hayotini ana shunday sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlagan, go‘zal qalb olamida bu umumbashariy meros namunalarini avaylab-ardoqlab kelayotgan, o‘zining benazir va jozibador ohanglari bilan xalqlarimizni maftun va mamnun etayotgan sizlar kabi barcha aziz san’atkorlarimizga shaxsan o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Qadrli do‘stlar!

Biz bu borada boshlagan va baland marralarni ko‘zlagan reja va tadbirlarimizni albatta izchil davom ettiramiz. Zero, milliy maqom ijrochiligi mumtoz san’atimiz va yuksak madaniyatimizning o‘q ildizi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Ko‘ngil quvvati – xush navozdin, ruh quti – xush ovozdin”.

Qarang, qanday chuqur ma’noli so‘zlar.

Darhaqiqat, barcha olis va yaqindan kelgan san’atkorlar ishtirokida do‘st va birodar xalqlarimizning dillarini bir-biriga chambarchas bog‘laydigan bugungi anjumanimiz ham musiqa orqali yer yuzidagi barcha insonlarga ma’naviy oziq berishga xizmat qiladi. Festivalimiz ko‘lami tobora kengayib, bugun bu muhtasham majmuada Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qit’alarining 80 dan ortiq mamlakatlaridan qariyb 400 nafar mehmonlar jam bo‘lib turgani ham fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

Ezgulik va gumanizm bayrog‘i ostida birlashgan, san’atni butun borlig‘i bilan sevadigan barcha ijod ahli uchun ushbu festival, hech shubhasiz, katta bayramdir.

Fursatdan foydalanib, tadbirni tashkil etishda bevosita ishtirok etayotgan barcha fidoyi insonlarga, bizning quvonchimizga sherik bo‘layotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillariga, hurmatli mehmonlarimizga chin dildan tashakkur aytaman.

Maqomlar jahon musiqa ixlosmandlari ruhining tuganmas kuch-quvvat va ilhom manbai bo‘lsin!

Maqom san’atining shoni va shuhrati boqiy bo‘lsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, olijanob faoliyatingizda yangi omadlar yor bo‘lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat.



  ...