Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O’zbekiston: korruptsiyaga qarshi kurash - milliy xavfsizlikning asosiy shartidir



O’zbekistonda "korruptsiya" ta’rifi 2017 yil 3 yanvardagi 419-son O’zbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to’g’risida”gi qonunida berilgan.

Korruptsiya aynan qachon paydo bo’lgani noma’lum bo’lib, dunyoning barcha mamlakatlarida unga qarshi kurash olib borilayotganiga qaramay, u qancha vaqt davom etadi degan savolga javob berish imkoniyati mavjud emas. Shu o’rinda korruptsiya illatini tarixiy ildizlarini aniqlashga harakat qilib ko’rsak. Ehtimol, korruptsiya jamiyatning tabaqalanishi davrida, ba’zi odamlar ko’proq kuchga ega bo’lgan va ularning ijtimoiy mavqei nimanidir hal qilishi mumkin bo’lgan davrda paydo bo’lgan. Ma’lumki, inson tabiatiga  xos bo’lgan yaxshiroq yashash istagi uni “ochko’zlik” illatiga duchor qilib, tezroq  boyib ketishga undaydi. O’zbekiston hududida ham korruptsiya ancha oldin paydo bo’lgan, ammo o’sha paytda uni biroz boshqacha, ya’ni “tamagirlik” deb atashgan. Bu atama haqida birinchi eslatma XIV asrga to’g’ri keladi, keyinchalik u “Temur tuzuklari” va boshqa tarixiy asarlarda ham tilga olingan.

O’sha davrlarda poraxo’rlikni kuchayishiga oddiy xalqning huquqiy ongining pastligi muhim rol o’ynagan, aholi hukumat va boshqa amaldorlarni boqishga majbur bo’lgan, bu esa oddiy xalq bilan munosabatlarida hokimlarni “boyitish” va su’iste’mol qilish uchun sharoit yaratgan, bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlari o’zlari turli xil narsalar uchun, masalan, nizolarni hal qilish, suvdan foydalanishga ruxsat berish va boshqa ko’p narsalar uchun turli xil soliq va yig’imlarni joriy qilganlar, bu o’sha kunlarda odamlar orasida hukumatga nisbatan nafratni keltirib chiqarar edi. Tarixdan ma’lumki, Amir Temur amaldorlarni davlat maoshi bilan yashashlarini va tamagirlikka yo’l qo’ymaslik maqsadida ularni davlat g’aznasidan yuqori maosh va mukofotlar berishni joriy qilgan. Lekin, ushbu rag’batlantirishlardan qoniqmagan poraxo’r amaldorlarga nisbatan o’lim jazosi ham qo’llanilgani ma’lum.

Poraxo’rlik muammosi doimo dolzarb bo’lib kelgan va bugungi kunda bu masala keng yoritilib, jamoatchilik noroziligiga sabab bo’lmoqda. Ijtimoiy so’rovlarga ko’ra, inson hayotida kamida bir marotaba turli davlat idoralarida amaldorlar tomonidan o’z vakolatlarini suiste’mol qilishiga duch kelishgan. Achinarlisi shundaki, hozirgi davrda ayrim insonlar bu holatlarni “yaxshi yashash uchun oddiy holat va zarurat” deb qabul qilishadi. Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan kundalik yangiliklardan korruptsiya bizni hamma joyda, bolalar bog’chalarida, maktablarda, universitetlarda, barcha turdagi ma’muriyat va bo’limlarda, hatto huquq-tartibot idoralarini ham qamrab olganligin kuzatishimiz mumkin.

Davlat boshqaruvi sohasida korruptsion holatlarning aksariyati soliq tizimi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning faoliyatida ko’p uchrayotganligi ayniqsa xavfli hisoblanadi. Chunki aynan bular turli noqonuniy harakatlar va jinoyatlarni oldini olib, jamiyatda adolat va xavfsizlikni ta’minlaydigan asosiy institutlar hisoblanadi. Bu esa fuqarolarda davlatga va uning vakolatli tuzilmalariga nisbatan ishonchsizlik va pessimistik kayfiyatlarni keltirib chiqaradi.

Ta’kidlab o’tilganidek, korruptsiya hayotning deyarli barcha sohalariga ta’sir qiladi, xususan, iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko’rsatishi quyidagilarda namoyon bo’ladi:

‒ iqtisodiy munosabatlarda noqonuniy faoliyat olib boradigan sub’ektlarning ko’payishi, yashirin iqtisodiyotni chuqurlashib ketishi va uning kriminallashishi;

‒ davlat organlarining korruptsiyalashgan elementlarini noqonuniy biznes va uyushgan jinoyatchilik bilan aralashishi, “pullarni yuvish” uchun shart-sharoitlarning yaratilishi;

‒ bozorning sog’lom raqobat mexanizmlarining buzilishi va ular samaradorligining pasayishi, ya’ni ob’ektiv raqobatbardosh sub’ektning muvaffaqiyatli faoliyat olib borishi uchun imkoniyatga ega bulishi emas,  balki pora berish yo’li bilan ishlab chiqarish va tovarlar bozorida imtiyozlarni olgan tadbirkorlarning monopollashuvi va ular manfaatlarining ustunligi;

‒ davlat byudjeti mablag’lari samarasiz ishlatilishi, moliyaviy dastur, buyurtma va resurslarining adolatsiz taqsimlanishi;

‒ korruptsiya mavjudligi tufayli narx-navolarning oshirilishi, iqtisodiy sub’ektlarning davlat organlari va hokimiyatga nisbatan ishonchsizligining oshishi;

‒ mamlakat investitsion jozibadorligining pasayishi va uning hududiga sarmoyalarni kirib kelishiga imkoniyat beruvchi stimullarning susayishi;

‒ aholi o’rtasida keskin moddiy-mulkiy tengsizlikning vujudga kelishi, ijtimoiy muvozanatni buzilishi, buning natijasida aholining daromadlari va turmush darajasining pasayishi, qashshoqlik va ijtimoiy tanglikning o’sishi.

Yashirin iqtisodiyot bilan duch kelmagan davlat dunyoda yo’q. Korruptsiya esa har qanday davlatning iqtisodiy va boshqaruv tizimini izdan chiqaradi. Shuningdek, hozirda dunyodagi korruptsiyadan etkazilgan zarar 3 trillion dollarni tashkil qilishi taxmin qilinadi. Ammo, bu katta raqam haqiqiy vaziyatni va haqiqiy zarar miqdorini to’liq aks ettirmaydi,  eng yomoni, etkazilgan ma’naviy zarar ko’lamini o’lchash imkoniyati mavjud emas.

So’nggi yillarda O’zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lib, uning huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi belgilanib olindi. “Korruptsiyaga qarshi kurash to’g’risida” qonun qabul qilindi, unda birinchi marotaba ushbu sohadagi faoliyatning aniq huquqiy asoslari belgilab berildi. Qonunda korruptsiyaga qarshi kurash choralarini amalga oshirish mexanizmlari, shu jumladan ushbu vazifalar uchun mas’ul organlar tizimi ham belgilangan. Qonunning ijrosi muntazam ravishda yangilanib turadigan milliy va idoraviy harakatlar rejalari bilan qo’llab-quvvatlandi. Umuman olganda, Qonunchilik bazasi sezilarli darajada takomillashtirilib, davlat hokimiyati organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan bir qator muhim qonunlar-hujjatlari ham qabul qilindi.

Shuningdek, davlat xaridlari sohasida, ma’muriy protseduralarni, shu jumladan litsenziyalash, ro’yxatdan o’tkazish va davlat xizmatlarini ko’rsatish bilan bog’liq boshqa tartiblarni tubdan isloh qilish boshlandi. Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida aholining xabardorligi ham o’sib bormoqda va shu bilan birga jamiyat tomonidan davlat tomonidan talab va umidlar darajasi ham o’sib boradi. Nodavlat sektor va xalqaro hamjamiyat vakillari davlat idoralarining ishi, shubhasiz, jamoatchilik uchun yanada ochiq bo’lib qolganini va xodimlarning eng kichik qonunbuzarliklari ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlardagi turli guruhlarda keng e’lon qilinishi kuzatilmoqda. Shuningdek, davlat xizmatlarini elektron shaklda olish uchun yaratilgan imkoniyat korruptsiyaga qarshi kurash sharoitida shubhasiz oldinga qo’yilgan qadamdir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmoniga muvofiq, 2020 yilning 29 iyunida Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi. Ushbu Agentlik faoliyatining maqsad va vazifalariga quyidagilar kiradi:

• mamlakatda korruptsiya holatini tizimli tahlil qilishni ta’minlash;

• korruptsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo’lgan sohalarni aniqlash;

• korruptsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni amalga oshirish;

• fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish orqali jamiyatda korruptsiyaning barcha ko’rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish;

• vazirlik va idoralarning korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

• davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va ustav kapitalida davlat ulushi bo’lgan korxonalar, shu jumladan, banklarda korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (komplaens-nazorat)ni joriy etish;

• davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali faoliyat ko’rsatishini ta’minlash;

• korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

• korruptsiyaning holati, tendentsiyalari va sabablari hamda korruptsiyaga qarshi choralar ko’rishning samaradorligi yuzasidan sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlarni tashkil etish;

• korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo’yicha faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash va boshqalar.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz Prezidenti  tomonidan berilgan topshiriqqa ko’ra, yaqin vaqtlarda O’zbekiston 2030 yilga qadar korruptsiyaga qarshi kurashish bo’yicha milliy strategiya ishlab chiqiladi va Agentlik ishiga xorijiy tajriba, shu jumladan korruptsiyaga qarshi tergov amaliyoti tadbiq etiladi.

Olib borilgan islohotlar natijasi o’laroq O’zbekiston Respublikasi korruptsiya darajasi o’rtacha bo’lgan mamlakat bo’lib, 2023 yilda O’zbekiston korruptsiyani idrok etish indeksida 180 mamlakat orasida 121 o’rinni egalladi. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi yillarda mamlakatimiz Transparency International indeksida 42 pog’onaga ko’tarilib, mintaqadagi eng yuqori natijaga erishdi. Biz o’z oldimizga 2030 yilgacha ushbu reytingdagi o’rnimizni yana 50 pog’onaga oshirishni maqsad qilib qo’ydik, deb ta’kidlab o’tdi davlatimiz rahbari. Shuningdek, bu yil Open Data Inventory reytingida mamlakatimiz 30-o’ringa ko’tarildi va ochiq ma’lumotlar manbalari soni bo’yicha O’zbekiston dunyoda 4-o’rinni egalladi.

Yuqorida ta’kidlab o’tilganidek, so’nggi yillarda O’zbekiston korruptsiyaga qarshi qator muhim islohotlarni amalga oshirdi. Shunga qaramay, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi darajasini, shuningdek, jamoatchilik va parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirish zarur. Korruptsiyaga qarshi kurash strategiyasi va korruptsiyaning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul organlar institutsional rivojlanish va muhim qo’shimcha resurslarga muhtoj. Davlat xizmatchilarining ijtimoiy va moddiy ta’minotining past darajasi, ish haqi fondi va ijtimoiy ta’minotni shakllantirishning yagona tamoyillarining yo’qligi, malakali kadrlarning chetga chiqib ketishi korruptsiya ko’rinishlari uchun sharoit yaratadi. Professional davlat xizmatini shakllantirish va davlat hokimiyati tizimida korruptsiyaga qarshi samarali mexanizmlarni joriy etish har qachongidan ham dolzarbdir.

Mamlakatimizda korruptsiyani oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo’lsa-da, huquqni qo’llash amaliyotida mansabdor shaxslarning korruptsiya bilan bog’liq jinoyatlarni sodir etayotganlik holatlari hali hamon uchramoqda. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, 2023 yilda O’zbekistonda 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi, bu 2022 yilga (3116 nafar) nisbatan 14,7 foizga ko’p, deb xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati. Hukm chiqarilgan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari soni 3412 tani tashkil etdi yoki 2022 yilga nisbatan (2965 ta) deyarli 15,1 foizga ko’paydi. Sudlanganlarning 49 tasi (2022 yilda 110 tasi) vazirlik, idora va tashkilotlarning respublika, 267 (264) tasi viloyat va 3259 (2742 tasi) tuman (shahar) bo’linmalari xodimlaridir.

Korruptsiyaga qarshi kurash har qanday davlat uchun qiyin vazifadir va natijasi ko’pincha unga qarshi jangga tanlangan yondashuvga bog’liq. Umuman olganda, mamlakatimizning korruptsiyaga qarshi harakat dasturi yaxshi asosga, me’yoriy-huquqiy bazaga ega, ammo bu dastur korruptsiyani yo’q qilish yoki uni minimal darajaga etkazish uchun etarli bo’lmaydi. 

Hozirgi kunda Korruptsiyaga qarshi samarali kurash quyidagi yo’nalishlarda olib borilishi kerak deb hisoblaymiz:

- qonun ustuvorligini va fuqarolar huquq va erkinliklarini kafolatlovchi sud - huquq tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, sud tizimining mustaqilligini mustahkamlash;

-davlat xizmatchilarini ijtimoiy himoyalash me’yoriy aktlarni ishlab chiqish, ular mehnatiga haq to’lash tizimini isloh qilish, bunga tibbiy xizmat bilan, uy-joy bilan ta’minlash (sotib olish) bo’yicha imtiyozlar ham kiradi.

- davlat xizmatchilari va ularning oila a’zolarining mol-mulki, daromadlari hamda katta hajmdagi harajatlarini deklaratsiya qilishning majburiy etib belgilash. Bundan ko’zlangan asosiy maqsad mansabdor shaxslarning noqonuniy daromad olishni oldini olish va manfaatlar to’qnashuvini bartaraf etishdan iboratdir. Davlat xizmatida ushbu usul bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda qo’llanilmoqda. Korruptsiyaga qarshi amaldagi xalqaro standartlar, jumladan, BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi va boshqa qator huquqiy hujjatlarda davlat xizmatchilari tomonidan aktivlarning e’lon qilinishi korruptsiyaga qarshi samarali vosita ekani e’tirof etilgan.

- aholining huquqiy savodxonligini oshirish. Fuqarolarimiz amaldorlarga bosim o’tkazish uchun ham halollik printsipiga tayanishni ustivor deb bilishlari lozim. Axir, korruptsiya bu, birinchi navbatda, ijtimoiy hodisa va unga qarshi turishning asosiy chorasi jamiyatda axloqiy asoslarni rivojlantirish va mustahkamlash hisoblanadi. O’zini qadrlaydigan va shaxs sifatida hurmat qiladigan fuqaro hech qachon jinoyatchilik qurboniga aylanmaydi, aksincha, korruptsiya omillariga samarali qarshi kurashadi.

Ma’lumki, korruptsiyaga qarshi kurash maqsadlariga faqat jinoyat-huquqiy vositalar bilan erishib bo’lmasligini hayotning o’zi ko’rsatmoqda. Ayni vaqtda bu maqsadlarga huquqning boshqa tarmoqlari vositalari bilan ham erishish mumkin emas. Umuman olganda, korruptsiya hodisasiga so’zning keng ma’nosida yondashadigan bo’lsak, bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki ma’naviy buzilish holatidir. Shunday ekan, o’ylaymizki, mazkur illatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar. Faqatgina davlat va jamiyat ushbu xunuk illatga qarshi kurashda o’z kuchlarini birlashtirgan holdagina korruptsiyaga barham berish mumkin.

 

Alisher Achilov

 O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizlik universiteti “Jinoiy-huquqiy fanlar” kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori(PhD)



  ...