Muborak Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda mehr-oqibat, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu tamoyillarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Ushbu qutlug‘ ayyomni munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, muqaddas islom dinining insonparvarlik g‘oyalari hamda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:
1. 2024-yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 16 iyun – yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, yurtimizda 16-iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Quyidagilar:
a) Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Qurbon hayitining birinchi kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 17-iyun – dushanba kuniga ko‘chirilishi;
bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-dekabrdagi “2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–213-son Farmoni bilan 18-iyun – seshanba kuni barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda muborak Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun muborak Qurbon hayiti kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
5. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev