Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti Eron Parlamentining rahbari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-iyul kuni Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi raisi Muhammad Bagir Qolibof boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yuqori sur’atda davom ettirish va ustuvor yo‘nalishlarda kengaytirishga xizmat qilayotgan faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlarni mamnuniyat bilan qayd etdi.

Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik ko‘rsatkichlari o‘sayotgani kuzatilmoqda – joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 40 foizga, qo‘shma korxona va loyihalar soni 360 tadan oshdi. Fevral oyida Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va yetakchi korxonalari vakillari ishtirokida biznes forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Kelgusi oylarda qator muhim ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Islomiy Kengash Majlisi raisi O‘zbekiston yetakchisiga Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazib, Eron tomoni do‘st davlatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli munosabatlarni mustahkamlash va amaliy mazmun bilan boyitish borasida qat’iy ekanini ta’kidladi.

Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmining oshishi uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, transport va logistika sohasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, ilmiy-texnik almashinuv dasturlarini amalga oshirish, hududlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kelishuvlarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyihalarini ilgari surish maqsadida samarali parlamentlararo muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlikka erishish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi yo‘lidagi ko‘makni kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari, shu jumladan joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibi ko‘rib chiqildi.



  ...