O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Namangan viloyati hokimligi va Xitoyning Tyanszin shahri ma’muriyati vakillari o‘rtasida onlayn-muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir doirasida Namangan viloyati savdo-iqtisodiy salohiyatining taqdimoti uyushtirildi.
Tyanszin shahar munitsipalitetining Tashqi ishlar bo‘yicha kanselyariyasi rahbari Chjan Xuatsyuan va Ta’lim bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Li Li, O‘zbekistondagi Xitoy sanoat va tijorat korxonalari assotsiatsiyasining vakili Lyu Yuy Tyanszin shahar ishbilarmon doiralari o‘zbekistonlik sheriklar bilan savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida o‘zaro hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.
Tomonlar Namangan viloyati va Tyanszin shahri o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish masalasini o‘rganishga kelishib oldi.
Shuningdek, Xitoy tomonidan ikki mintaqa oliy o‘quv yurtlari darajasida hamkorlik o‘rnatish hamda «Luban Workshop» dasturi doirasida Namangan davlat universiteti bazasida xalqaro logistika va turizm mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha ta’lim markazini tuzish ham taklif etildi.
«Luban Workshop» - «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasidagi Tyanszin shahrining professional ta’lim bo‘yicha global dasturi hisoblanadi. U logistika va sayyohlik xorijiy sheriklar bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar uchun mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasini hamda O‘zaro anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqishga kelishib olindi.