Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Muzokaralarda Oʼzbekiston bilan Rossiya oʼrtasidagi keng qamrovlik strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi yuksak darajasi va oʼziga xosligi, davlatlararo hamkorlikning barcha soha va yoʼnalishlarini qamrab olganligi mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
– Sizning davlat tashrifingizni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz oʼrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Bu maqsadda Bosh vazirlar darajasidagi Qoʼshma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan toʼliq foydalaniladi, ularning navbatdagi yigʼilishlari shu yil oxirigacha oʼtkaziladi.
Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, ShHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa koʼp tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Oʼzaro savdo aylanmasining barqaror surʼati mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Soʼnggi 7 yilda u 2,5 barobar oshdi. Tomonlar yangi maqsadli koʼrsatkichga - yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.
Ushbu vazifani amalga oshirishga koʼmaklashish uchun Rossiyada Oʼzbekistonning toʼlaqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.
Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neftь-kimyo, mashinasozlik, togʼ-kon sanoati, qishloq xoʼjaligi, logistika, farmatsevtika, sunʼiy intellekt va boshqa koʼplab yoʼnalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.
Bu kabi loyihalarni ilgari surish uchun qoʼshma Investitsiya platformasi ishga tushiriladi.
Energetika sohasida gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neftь va neftь mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, uglevodorodlarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish boʼyicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, tashrif doirasida Oʼzbekistonda kichik quvvatli atom elektr stantsiyasini qurish loyihasini amalga oshirish boʼyicha kelishuvlar imzolanadi.
Hududlar oʼrtasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi. Oʼtgan hafta Oʼzbekistonning barcha hududlari rahbarlari tashrif bilan Rossiyada boʼldilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida Oʼzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʼlib oʼtadi.
Oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, migratsiya kabi qator muhim yoʼnalishlar ham koʼrib chiqildi.
Madaniyat va sanʼat, fan, sogʼliqni saqlash, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Tomonlar Oʼzbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish boʼyicha kelishuvlar erishilganini olqishladilar.
Uchrashuv chogʼida delegatsiya aʼzolarining qisqa hisobotlari, turli sohalarda amaliy hamkorlik boʼyicha aniq takliflari tinglandi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yoʼnalish boʼyicha amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilgan “yoʼl xaritalari”ni qabul qilishga topshiriq berdilar.