O'zbekiston elchixonasida Xitoyning madaniyat va sayyohlik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Unda "Beijing Yunchi International Consulting Co., Ltd." kompaniyasi bosh menedjeri Van Deyan, "Cultural and Educational Exchange Center of Beijing Yunchi International Consulting Co., Ltd., Diplomatic Service Bureau" direktori Suy Sin , "Diplomatic Youth Program at Beijing Yunchi International Consulting Co., Ltd" kompaniyasi direktori Lyu Syaotsin qatnashdi.
Muloqot chog'ida O'zbekiston salohiyatini xitoylik yosh sayyohlar orasida keng targ'ibot qilish masalalari xususida fikr almashildi.
Xitoy tomoni O'zbekistonda ta'lim va tarbiya sohasini tubdan takomillashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning yoshlarga oid davlat siyosati hamda kadrlar tayyorlash sohasidagi xalqaro hamkorlik yo'nalishida bajarilayotgan ishlar bilan tanishtirildi.
Shuningdek, mamlakatimizda turistlar oqimini yana-da ko'paytirish bo'yicha hayotga tadbiq etilayotgan chora-tadbirlar dasturi haqida ham so'z yuritildi. Yig'ilganlarga YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarmiz, Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ibn Sino, Al-Farg'oniy, Al-Xorazmiy singari buyuk mutafakkirlarimiz qoldirgan meros hamda xalqimiz urf-odat va an'analari haqida so'zlab berildi.
Tadbir doirasida Xitoy sayyohlik va madaniy kompaniyalar vakillari bilan ikki mamlakat o'quvchi yoshlarining qishki va yozgi ta'til mavsumini mazmunli o'tkazish, shuningdek, ularga O'zbekiston va Xitoyni yaqindan tanishtirish maqsadida ikki mamlakat bo'ylab sayohatlar tashkil etishga kelishib olindi.
Xitoy vakillariga ko'ra, ikki mamlakat o'quvchilarining o'zaro sayohatlarini uyushtirish, ular o'rtasida madaniy festivallar, forumlar o'tkazish orqali yoshlarga o'z bilim va tajribalari bilan o'rtoqlashish, birgalikda qo'shma loyihalar yaratishga imkoniyat beriladi.