O'zbekiston sayyohlik salohiyati XII Makao xalqaro turizm ko'rgazmasida namoyish etildi.
Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi va milliy sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda o'tkazilgan tadbirda O'zbekiston stendi tashkil qilindi va unda yurtimizning boy sayyohlik salohiyati keng taqdim etildi.
XII Makao xalqaro turizm ko'rgazmasi Xitoyning sayyohlik sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri bo'lib, global turizm resurslari va mahsulotlarini targ'ib qilish hamda turizm iste'molini rag'batlantirish uchun muhim platforma hisoblanadi. Ko'rgazmada dunyoning 60 dan ziyod mamlakatidan 1000 dan ortiq turizm sohasi vakillari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Yarmarkada O'zbekiston hunarmandchilik mahsulotlari, turizmning turli yo'nalishlariga bag'ishlab chop etilgan nashrlar, qandolatchilik mahsulotlari, quritilgan mevalarni o'z ichiga olgan yurtimiz stendi mehmonlarda katta qiziqish uyg'otdi.
Ishtirokchilar e'tiboriga mamlakatimizning Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlari, O'zbekistondagi turizmning turli yo'nalishlarini o'zida aks ettiruvchi foto va video materiallar taqdim etildi.
Turizm ko'rgazmasi davomida, shuningdek, O'zbekistonga bag'ishlangan alohida taqdimot o'tkazildi. Ishtirokchilariga bugungi kunda mamlakatimizda sayyohlik sohasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, turistlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma'lumot berildi va mavzuga oid roliklar namoyish etildi.