Pekinda O'zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy, sayyohlik, avtomobilsozlik salohiyati taqdimoti o'tkazildi.
2024-yil 25-27-aprel kunlari Xitoy poytaxtining Shuni tumanida Pekin xalqaro avtomobil ko'rgazmasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Maydoni 220 ming kvadrat metrni tashkil etgan ko'rgazmada taniqli mahalliy va xalqaro brendlarning 117 ta yangi turdagi avtomobillari, 41 ta avtomobillar konsepsiyasi va 278 ta yangi energiya modellari namoyish etildi.
Ko'rgazma Xitoy mashinasozlik sanoati federatsiyasi, Xitoy mashinasozlik sanoati guruhi korporatsiyasi, Xitoy xalqaro savdo palatasi, Xitoy avtomobil sanoati assotsiatsiyasi, Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish Kengashi, Xitoy xalqaro ko'rgazma markazi va Xitoy avtomobilsozlik jamiyatlari hamkorligi va homiyligida tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilarga O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, turizm sohalaridagi aloqalar haqida atroflicha ma'lumot berildi.
Mamlakatimizda tadbirkorlik, biznes uchun imkoniyatlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyozlar va qulay shart-sharoitlar batafsil tanishtirildi.
Tadbir davomida O'zbekistonda avtomobilsozlik sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar taqdimoti o'tkazildi. Unda so'nggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish 3 barobarga ko'payib, 2023-yil yakuni bo'yicha 415 ming donaga yetgani ta'kidlandi.
Bugungi kunda O'zbekistondagi 8 ta zavodda o'nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo'lovchi tashish transportlari, qishloq xo'jaligi va maxsus texnikalar ishlab chiqarilayotgani qayd etildi. Mazkur yo'nalishda ko'rilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2030-yilgacha O'zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarishni 1 million donaga yetkazish maqsad qilingani bayon etildi.
Shu o'rinda, xitoylik ishbilarmon doira vakillariga O'zbekiston Prezidentining 2024-yil 23-25-yanvar kunlari Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi chog'ida tomonlar o'rtasida erishilgan kelishuvlar, yangi loyihalar haqida aytib o'tildi.
Xususan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Shenchjen shahridagi Xitoyning yetakchi "BYD" kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurgani qayd etildi.
O'zbekiston rahbari kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birgalikda Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektromobillarni yig'ish loyihasini ishga tushirish marosimida ishtirok etgani ma'lum qilindi.
Xitoylik ishbilarmon doira vakillari o'zaro hamkorlikka qilishga qiziqish bildirib, ushbu sohaga investitsiya kiritish masalalarini muhokama qilish uchun yaqin kunlarda O'zbekistonga borish istagini bildirdilar.