Xorazm viloyati delegatsiyasining Xitoyga amaliy safari doirasida ushbu mamlakatning yirik provinsiyalari va shaharlarida viloyatning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan forum hamda taqdimotlar o'tkazilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Xitoy poytaxti Pekin shahrida tashkil etildi. Unda yirik kompaniya va ishlab chiqarish korxonalari vakillari, tadbirkorlar, sayyohlik agentliklari, ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi. O'tkazilgan taqdimotlar davomida Xorazm viloyatining investitsiyaviy imkoniyatlari va sayyohlik sohasida hamkorlik uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ma'lumot berildi.
Xorazm viloyati salohiyatiga bag'ishlangan navbatda taqdimot Shensi provinsiyasi Sian shahrida o'tkazildi.
Tadbirda Shensi provinsiyasi va Savdoni rivojlantirish assotsiatsiyasi rahbariyati, mazkur hududning 300 ga yaqin kompaniyalari, savdo-iqtisodiy va sayyohlik uyushmalari, ishbilarmon doira va OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig'ilganlarga Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar, investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma'lumot berildi. Ushbu mavzuda maxsus videoroliklar namoyish etildi.
Shuningdek, tadbirda O'zbekistonning turizm salohiyati va bu sohadagi o'zaro hamkorlik istiqbollari haqida ta'kidlandi.
Taqdimot ishtirokchilari O'zbekistonga tashrif buyurishga va Xorazm viloyati bilan qo'shma loyihalarni amalga oshirishga yuqori qiziqish bildirdi.
Tadbirda so'zga chiqqan Shensi provinsiyasi Xalq hukumati hokimining o'rinbosari Chen Chunzyan Xorazm viloyatining turli sohalardagi imkoniyatlarini yuqori baholab, hududlar o'rtasida ko'p tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish muhimligini ta'kidladi.
Shuningdek, taqdimot davomida Xitoy ishbilarmonlari o'zlarini qiziqtirgan savollariga Xorazm viloyati mutasaddilaridan batafsil javob olishdi. Tadbirning ikkinchi qismida O'zbekiston va Xitoy biznes vakillari o'rtasida B2B va G2B shaklidagi muzokaralar o'tkazildi.
Tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi va o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha bir qator hujjatlar imzolandi.
"China Railway Group" kompaniyasi bosh direktori o'rinbosari Van Syueszyun:
— Xitoyning Sian shahrida Shensi provinsiyasi va O'zbekiston o'rtasida bo'lib o'tayotgan ushbu taqdimotda ishtirok etish uchun taklifnoma olish men uchun katta sharafdir.
Xitoy va O'zbekiston yaxshi do'st, yaxshi sherik va yaxshi qo'shnilardir. Umid qilamizki, ushbu savdo-iqtisodiy, investitsion va turizm forumi muvaffaqiyatli bo'ladi.
Men Xitoy temir yo'llari sohasida faoliyat yuritaman. Bugun bu yerga mamlakatingizdan kelgan hamkasblarimiz bilan fikr almashdik. Bizda yaxshi qurilish loyihasi bor. Umid qilamizki, loyihamiz muvaffaqiyatli bo'ladi.
Markaziy Osiyo bo'yicha Shensi standartlar tadqiqot markazi eksperti Yanszi:
— Shensi provinsiyasi va O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan Sian shahrida tashkil etilgan savdo-iqtisodiy, investitsion va turizm forumida ishtirok etishdan mamnunmiz.
O'tkazil taqdimot va ma'ruzalar davomida mamlakatingizning Xorazm viloyati hamda u yerda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida bilib oldik.
Tadqiqot markazimiz Shensi provinsiyasida bozorni tartibga solish bilan bog'liq jamoat tovarlari uchun amaliy bo'limdir. Ma'lumki, hozirgi kunda O'zbekistonda Xitoyga jo'natilishi mumkin bo'lgan 20 toifadagi mahsulotlar mavjud. Mamlakatimizga eksport qilinadigan mahsulotlar Xitoy sifat va qadoqlash standartlariga mos kelishi kerak. Shensi standartlar tadqiqot markazi bu borada asosiy ma'lumotlarni taqdim eta oladi.
Tadbirkor Chjan Szin:
— Bugungi taqdimotda ishtirok etib, Xorazm viloyatidagi investitsiyaviy muhit haqida ko'plab qiziqarli ma'lumotlarni oldik. Biz Xorazm viloyati bilan qurilish sohasida hamkorlikni yo'lga qo'ymoqchimiz va yaqin kunlarda mamlakatingizga borish rejalarimiz bor.
Men, shuningdek, Xenan kompaniyalarining Markaziy Osiyoga xususan, O'zbekistonga kirishini va qo'shma loyihalarda ishtirok etishini juda xohlayman.
Investitsiya kiritish istagida bo'lgan Xitoy kompaniyalari Xorazm viloyatiga, albatta borishi kerak deb hisoblayman.
Xorazm viloyati delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davom etmoqda.