Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xorazm viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik imkoniyatlari Pekinda o'tkazilgan forumda taqdim etildi



Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o'rinbosari Ilzat Kasimov boshchiligidagi delegatsiyaning Pekinga amaliy safari davomida mamlakatimiz elchixonasida Xorazm viloyati hokimligi hamda Xitoyning xorijda sanoatni rivojlantirish uyushmasi bilan birgalikda "O'zbekiston – Xitoy: savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm forumi" tashkil etildi.

Ishtirokchilar Xorazm viloyatida turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar jarayoni bilan tanishdilar. Viloyatning savdo-iqtisodiy jihatdan jozibadorligi, turizm salohiyati hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va afzalliklar yuzasidan batafsil taqdimot o'tkazildi. Yangi sayyohlik yo'nalishlarini ishlab chiqish bo'yicha fikr almashildi.

Xitoy kompaniyalari Xorazmda tashkil etilgan erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishga hamda hamkorlikda yangi sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga chaqirildi.

Tadbirda so'zga chiqqan Xitoyning xorijda sanoatni rivojlantirish uyushmasi bosh kotibi Szyan Yun ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini ta'kidlab, ushbu mamlakat kompaniyalari O'zbekiston bozorida faoliyat olib borishga qiziqishi katta ekanini bildirdi.

O'z navbatida, Xitoy ishbilarmon doira vakillari o'zlarini qiziqtirgan savollarga Xorazm viloyati mas'ullaridan batafsil javob olishdi.

Tadbirning ikkinchi qismida O'zbekiston va Xitoy biznes vakillari o'rtasida B2B va G2B shaklida muzokaralar o'tkazildi.

Forum davomida o'tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi va o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha qator hujjatlar imzolandi.

Szyan Yun, Xitoyning xorijda sanoatni rivojlantirish uyushmasi bosh kotibi:

— Bugun O'zbekistonning Xorazm viloyati bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida mamlakatingizning Pekindagi elchixonasida tashkil etilgan forumda hamkor tashkilot sifatida ishtirok etayotganimdan juda mamnunman.

Tadbirda Xorazm viloyati haqida juda muhim va qiziqarli bo'lgan ma'lumotlarni oldik. Mamlakatlarimiz tadbirkorlarining o'zaro hamkorlik o'rnatishga bo'lgan faolliklarini kuzatdik.

Forumda ishtirok etayotgan Xitoy kompaniyalari qishloq xo'jaligi yoki yangi energiya manbalariga, shu jumladan turizm sohasiga sarmoya kiritish imkoniyatlari va loyihalari haqida ko'proq ma'lumot olishdan manfaatdor ekanliklariga guvoh bo'ldik.

Uyushmamiz Xitoyda O'zbekiston viloyatlarining savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik imkoniyatlarini targ'ib qilishga tayyor.

O'tkazilgan taqdimotlar davomida, shuningdek, Xorazm viloyatidagi Xiva shahrining sayyohlik salohiyati, tarixiy obidalari, go'zal madaniyati va urf-odatlar haqidagi qiziqarli ma'lumotlar bilan ham tanishdik.

Chjan Tao, "Chongqing Changzheng Heavy Industry Co., Ltd." kompaniyasi direktori o'rinbosari:

— Xitoyning xorijda sanoatni rivojlantirish uyushmasi va O'zbekiston elchixonasi tomonidan Pekin shahrida tashkil etilgan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik forumida ishtirok etib, Xorazm viloyati haqida batafsil ma'lumotlarni oldik.

Qayd etish kerakki, O'zbekiston bilan Xitoy o'rtasida yaxshi do'stona aloqalar va barcha sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. Ushbu jihat meni juda quvontiradi.

Xorazmlik tadbirkorlar bilan o'tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar davomida yangi loyihalarni amalga oshirish bo'yicha fikr almashdik. Kompaniyamiz O'zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishga doimo tayyor.



  ...