O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o'rinbosari Ilzat Kasimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga safari doirasida mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida "O'zbekiston – Xitoy: savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm forumi" tashkil etildi.
Ishtirokchilar O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar jarayoni va mazmun-mohiyati bilan tanishdilar. Shuningdek, mamlakatimizda tadbirkorlik sohasidagi yangilanishlar, yurtimizning sayyohlik va investitsion salohiyati hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar va afzalliklar yuzasidan batafsil taqdimot o'tkazildi.
Yig'ilganlarga Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarining savdo-iqtisodiy, investitsion va turizm salohiyati bo'yicha ma'lumotlar taqdim etildi.
Xitoy kompaniyalari O'zbekistonning erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishga chaqirildi.
Tadbirda so'zga chiqqan Xitoy Savdo-sanoat palatasi Xalqaro mebel va qurilish materiallari sanoati qo'mitasi bosh kotibi Guan Peyyin ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini ta'kidlab, xitoy kompaniyalari mamlakatimiz bozorida faoliyat olib borishga qiziqishi katta ekanligini bildirdi.
Forum davomida o'tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Yuan Ley, O'zbekiston-Xitoy madaniyat markazi rahbari:
- O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etayotganimdan juda xursandman.
Biz Xitoy va O'zbekiston o'rtasida investitsiya, savdo va turizm sohalaridagi hamkorlik bo'yicha fikr almashdik. Bugungi tadbir natijalarga juda boy. Shuningdek, mamlakatingizdagi investitsiya imkoniyatlari haqida ham bilib oldik.
O'zbekistondagi islohotlar samarali bo'lmoqda. Mamlakatingizdagi barqarorlik va bozor imkoniyatlari juda muhim ahamiyatga ega.
Aytish kerakki, O'zbekiston Markaziy Osiyodagi juda muhim davlat bo'lib, Yevropaga Xitoy mahsulotlarini olib chiqishda ko'prik vazifasini bajaradi.
Shu bilan birga, O'zbekistonda ulkan tarixiy va madaniy merosga ega bo'lgan mamlakat sifatida turizm, ta'lim va madaniy almashinuv uchun ko'plab imkoniyatlar mavjud.
O'zbekiston xorijiy biznes uchun o'z eshiklarini ochib, mamlakatga sarmoya kiritishga taklif qilmoqda. Bu esa biz uchun O'zbekistonga investitsiya kiritishga yaxshi imkoniyatdir.
Kun Syanyuan, Xitoy to'qimachilik kompaniyasi vakili-dizayner:
- Xitoy va O'zbekiston biznes-forumi juda muvaffaqiyatli bo'ldi. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Buxoro va Xorazm viloyatlari vakillari bilan o'zaro do'stona munosabatda fikr almashdik.
O'tkazilgan taqdimotlar mobaynida O'zbekistonga investitsiya kiritish jarayoni haqida batafsil gapirib berildi. Mamlakatingizda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va afzalliklar haqida ma'lumot oldik.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi har tomonlama munosabatlarning rivojlanib borayotganidan va ushbu jarayonda ishtirok etayotganimdan juda mamnunman.