Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6-iyul kuni arxitektura, qurilish va shaharsozlik bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qurilish – hayot talabi, iqtisodiyotning yetakchi sohalaridan biri. Yurtimizda bu sohaga keng imkoniyatlar berilgani natijasida bunyodkorlik sur’ati oshdi. So‘nggi besh yilda 250 ming xonadonli 8 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar, 21 mingta servis va 10 mingdan ziyod ijtimoiy ob’ektlar, 31 mingta korxona tashkil etildi.
Shu davrda qurilish ishlari hajmi 4 baravarga oshib, 2021-yilda 107 trillion so‘mni, bu yil besh oyda 46 trillion so‘mni tashkil etdi.
Bunday o‘sish yaxshi, albatta. Lekin, sohada loyihalash va sifat borasida hali kamchiliklar bor. Hamma qurilish bilan bo‘lib, arxitektura orqada qolib ketdi.
Shu bois yig‘ilishda, avvalo, loyihalash va qurilish ishlarini tartibga solish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ko‘p joylarda ilgari tasdiqlangan Bosh rejalar aholi va iqtisodiyotning bugungi o‘sishiga mos kelmay qolgan. Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, Bosh rejalar bo‘lmasa, 2030-yilga borib, infratuzilma xarajatlari 2 baravarga oshadi va qishloq xo‘jaligi yerlari 30 ming gektarga kamayib ketadi.
Shu bois loyihalash va qurilish ishlari bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Unga ko‘ra, hududlarning Bosh rejasi va “master reja”larini ishlab chiqish bo‘yicha Respublika kengashi tuziladi. Qurilish vazirligida Bosh arxitektor lavozimi joriy qilinib, unga vazirning birinchi o‘rinbosari maqomi beriladi.
Viloyatlarda “loyiha ofislari” ochilib, ularga hokimning birinchi o‘rinbosari va viloyat Bosh arxitektori mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, tuman va shahar qurilish bo‘limiga arxitektor rahbarlik qiladi.
Bosh reja va “master reja”ni ishlab chiqish yangicha yondashuv asosida, 3 bosqichda bo‘ladi. Birinchi bosqichda Respublika kengashi muayyan viloyatning 5, 10 va 20 yillik rivojlanish yo‘nalishlari, yer va infratuzilma chegaralarini belgilaydigan “Bosh sxemasi”ni tasdiqlaydi. Ular asosida, ikkinchi bosqichda, hududning Bosh rejasi ishlab chiqiladi. Bunda sanoat, xizmat ko‘rsatish va aholi maskanlarini belgilash, yo‘llar va infratuzilma tarmoqlarini taqsimlash ko‘zda tutiladi. Uchinchi bosqichda Bosh rejalarga asosan, viloyat, tuman va shahar bosh arxitektorlari hamda hokimning birinchi o‘rinbosarlari o‘z hududining “master reja”larini tasdiqlaydi. Bunda uy-joylar, maktab, bog‘cha, shifoxona, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining joylashuvi ko‘rsatiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, endi Qurilish vazirligi qaysidir mahallada do‘kon qayerda bo‘lishi yoki bino qanday yoritilishi bilan shug‘ullanmaydi. Bunday masalalar tuman va mahalla darajasida hal bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari shaharsozlik qoidalarini takomillashtirish hamda xalqaro me’yorlarga moslashtirish zarurligini ta’kidladi.
Jumladan, xalqaro standartlar asosida tayyorlangan loyihalarga Texnik kengash xulosasini olish tartibi bekor qilinadi, xorijda ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.
Bundan tashqari, qurilishda tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish tizimi ham tartibga solinmagan. Ishlarni baholash bo‘yicha yaxlit yondashuv yo‘q. Oqibatda talon-torojlik va korrupsiya ko‘p.
Shu bois shaharsozlik me’yorlaridan qurilish ishlarini baholash bilan bog‘liq 147 ta norma chiqarib tashlanadigan bo‘ldi. “Qurilish resurslari klassifikatori” platformasini ishga tushirib, 100 mingdan ziyod qurilish materiallari va xizmatlarining bozor narxini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, loyihalarni tayyorlash muddatini kamaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” dasturida “elektron katalog” yaratilib, ijtimoiy ob’ektlarning namunaviy loyihalari joylashtirib boriladi. Undan barcha buyurtmachilar va loyiha-pudrat tashkilotlari erkin foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Yig‘ilishda viloyat hokimliklari qoshidagi Yagona buyurtmachi kompaniyalar faoliyati tahlil qilindi. Ularga xorijiy menejerlar, malakali arxitektor va muhandislarni jalb qilish, qurilish jarayoni va ish hajmini hisoblashni raqamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan Yagona buyurtmachi kompaniyalarning loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish, yangi qurilishlar bo‘yicha texnik nazorat funksiyalari bosqichma-bosqich autsorsing asosida xususiy sektorga beriladi.
Prezidentimiz qurilishlar sifati masalasiga alohida to‘xtaldi.
Bu sohadagi davlat nazorat inspeksiyasi xodimlari o‘z faoliyatini ko‘proq jarima qo‘llashdan iborat, deb hisoblaydi. Aslida, qurilishdagi kamchiliklarning 70 foizi ko‘pincha takrorlanadi va ularning oldini olish mumkin.
Shu bois ushbu inspeksiya faoliyatini qayta ko‘rib chiqib, uning ishini qurilishdagi tizimli kamchiliklar sabablarini tahlil qilish hamda bartaraf etishga qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Qurilish vazirligiga ob’ektlarni ro‘yxatga olishdan boshlab, foydalanishga qabul qilishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Kadrlar tayyorlash masalasiga e’tibor qaratilar ekan, Toshkent va Samarqanddagi arxitektura institutlariga akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi aytildi. Ularda o‘qish xalqaro ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Talabalar yetakchi loyiha-qidiruv institutlari va qurilish klasterlariga biriktiriladi.
Yig‘ilishda ipoteka kreditlaridan foydalanish darajasi ham ko‘rib chiqildi. Xususan, joriy yilda budjetda tijorat banklariga 43 mingta uy-joy uchun 13 trillion so‘m, 29 ming nafar aholiga subsidiya uchun 1 trillion 200 milliard so‘m ko‘zda tutilgan. Lekin o‘tgan olti oyda aholiga bu mablag‘larning 28-30 foizi berilgan, xolos.
Shu bois bu borada ham byurokratiyani kamaytirish, aholiga kompleks xizmat ko‘rsatadigan ipoteka markazlarini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari so‘zga chiqib, fikr va takliflarini bildirdi.