Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

“ADM Jizzakh” zavodida yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqariladi



Prezident Shavkat Mirziyoyev “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi faoliyati bilan tanishdi.

Oldinlari Jizzax viloyati sanoat ko‘rsatkichlari eng past bo‘lgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi.

Viloyat sanoatini rivojlantirishda “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi katta o‘rin tutmoqda. U mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha respublikada uchinchi, eksport hajmi bo‘yicha esa oltinchi o‘rinda turadi. 
Keyingi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, ishlab chiqarishga qulaylik kengaytirildi. Bugungi kunda sanoat zonasida 33 ta loyiha amalga oshirilib, 7 ming 670 kishi ishlamoqda.

“ADM Jizzakh” mas’uliyati cheklangan jamiyati sanoat zonasida samarali faoliyat yuritayotgan korxonalardan biri. U 2021 yilda tashkil etilgan. O‘tgan uch yilda “Kia”, “Chery” hamda “Haval” brendlari ostida 23 turdagi 36 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan. Hozir O‘zbekiston avtomobil bozorining 17 foizini shu zavodda ishlab chiqarilgan mashinalar tashkil qiladi. 

Loyiha doirasida 234 million AQSH dollari miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, 1 ming 800 ta ish o‘rni yaratildi. 

Birinchi bosqichda yirik uzelli yig‘uv yo‘lga qo‘yilgan edi. Bir vaqtning o‘zida zavodni kengaytirish bo‘yicha ishlar olib borilib, joriy yil mart oyida yangi bino va quvvatlar ishga tushirildi. 
Ya’ni, yuqori texnologiyalarni jalb qilgan holda shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ishni qamrab oluvchi ishlab chiqarish jarayoni tashkil etildi. 

Davlatimiz rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayonini atroflicha ko‘zdan kechirdi.

Korxona yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan. Ular Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan. Zavodda 30 ta robot bor, ishlab chiqarish jarayoni 33 foiz avtomatlashtirilgan. Avtomobilning yurish qismlari sozligi, statik va dinamik tormoz tizimini tekshirish jihozlari o‘rnatilgan.   

Prezidentimiz zavodda mahalliylashtirish darajasini oshirish, yurtimiz sanoat korxonalari bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Bu borada ishlar boshlangan. 2024-2027 yillarda 348 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirirish rejalashtirilgan. Ayni paytda mamlakatimizdagi 21 ta  korxona bilan kooperatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Umuman, korxonada yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Natijada kelgusida ish o‘rinlari soni 3 mingga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Avtomobillar sifatini yanada oshirish maqsadida Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy va Vetnam davlatlaridan malakali mutaxassislar jalb etildi. Bu borada xorijiy hamkorlar bilan joriy yildan boshlab dastlab 50 nafar muhandis Janubiy Koreya hamda Xitoydagi tadqiqot hamda loyihalash markazlarida malaka oshirishga yuborilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari zavodda ishlab chiqarish boshlangan yangi “Kia Sonet” avtomobilini ko‘rdi.



  ...