Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Gulbozor mahallasida turizm ko‘chasi ochildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi Gulbozor mahallasida bo‘ldi.

Har bir mahallaning o‘ziga xos an’analari va imkoniyatlari bor. Ular “o‘sish nuqtasi”ga aylantirilib, ish o‘rinlari ochish va aholi daromadlarini oshirish manbai sifatida rivojlantirilmoqda.

Gulbozor Toshkentning tarixiy qismida, Chorsu bozori yonida joylashgan. Bu yerga yilning barcha mavsumida xorijiy turistlar ko‘p keladi. Shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirildi. Ko‘cha va uylarda poytaxtning qadimgi ko‘rinishini saqlab qolgan holda qo‘shimcha sharoitlar yaratildi.

Xususan, barcha kommunikatsiya tarmoqlari yer ostidan o‘tkazildi. Ko‘cha boshida tarixiy darvoza qayta tiklandi. O‘ymakor ustunli katta ayvon, unga yaqin joyda hovuz barpo etildi. Milliy kashtachilik va hunarmandchilik ustaxonalari, novvoyxona, milliy oshxonalar, zargarlik do‘konlari tashkil qilindi. “Non tarixi” va “Qadimgi Toshkentga sayohat” nomli ko‘rgazmalar ochildi. Uch yulduzli mehmonxona ham bunyod etilmoqda.

Bu ko‘cha Shayxontohur tumanida tashkil etilayotgan “turizm halqasi”ning bir qismi bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda sayyohlar qadimiylik va milliylik muhitini his etadi.

Mahalla ahli davlatimiz rahbariga hududdagi o‘zgarishlar, odamlar hayoti haqida so‘zlab berdi. Bu yerda 2 ming 670 nafar aholi yashaydi. Savdo, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish rivojlangani natijasida mahalla ishsizlikdan holi hududga aylangan. “Xavfsiz hudud” tizimi joriy etilgan. Bu loyiha amalga oshirilganidan so‘ng barcha xonadonning daromad topish imkoniyati ancha oshgani qayd etildi.

Prezidentimiz milliy kiyimlar va amaliy san’at mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi, ularni tayyorlayotgan hunarmand xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari mahalladagi sumalak saylida ishtirok etdi. Onaxonlar tinch-osoyishta yurtga bayramlar yarashishini, buning uchun Yaratganga behisob shukur qilishlarini aytishdi. Shavkat Mirziyoyev ularni muborak Ramazon kunlari bilan tabriklab, ezgu tilaklar izhor etdi. Xalqimizga tinchlik va farovonlik tilab duolar qilindi.

Mutasaddilarga “turizm halqasi”ni davom ettirib, sohada bandlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

– Zamonaviy majmualar hamma joyda bor. Biz xorijiy sayyohlarni buyuk tariximiz bilan ko‘proq jalb etishimiz mumkin. Shuning uchun bu yer kechayu kunduz faoliyat yuritadigan turistik markazga aylanishi kerak. Bunday etnografik maskanlarni ko‘paytirish, milliy qadriyatlarimizni namoyish etish, turli festivallar o‘tkazish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yil 12-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni qabul qilingan edi. Unga muvofiq, turizm maskanlarini ko‘paytirish, hududlarni o‘zaro bog‘lovchi turizm xizmatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Buning ijrosini Gulbozor misolida ham ko‘rish mumkin.

Shuningdek, “Yashil makon” loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxtlar, gul-chechaklar ekilib, mahallaga fayz qo‘shilmoqda.



  ...