Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Maktab imkoniyatlari ikki barobar kengaydi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 5-umumta’lim maktabida bo‘ldi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Bu boradagi muhim masalalardan biri - o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirish.

Davlatimiz rahbari yangi muassasalar barpo etish bilan birga, mavjud maktablarning o‘ziga qo‘shimcha qavat yoki yonidan bino qurish maqsadga muvofiqligini aytgan edi.

Mazkur 5-maktab ilgari 960 o‘rinli edi. Lekin o‘quvchilar soni 2 mingdan oshardi. Shu bois o‘tgan yili rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha binolar qurildi. Natijada 1 ming 700 ta qo‘shimcha o‘rin paydo bo‘ldi.

Maktabda 65 ta o‘quv, 12 ta chet tili va 5 ta kompyuter xonasida zamonaviy sharoitlar yaratildi. O‘quvchilarni aniq fanlar, muhandislik va texnologiyalarga qiziqtiruvchi STEM-laboratoriya va sport zali zarur anjomlar bilan ta’minlandi, kovorking va rekreatsiya hududi tashkil etildi. Maktab kutubxonasida 5 ming 800 dan ortiq ilmiy va badiiy adabiyotlar bor.

Bugun maktabda 2 ming 600 nafarga yaqin o‘quvchi ta’lim olmoqda. O‘tgan yili 165 nafar bitiruvchidan 163 nafari oliy ta’limga o‘qishga kirgan.

Yurtimizda o‘g‘il-qizlarni yoshligidanoq kasbga yo‘naltirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. 5-maktabda ham yuqori sinf o‘quvchilari tikuvchilik, pazandachilik, yog‘och va metallga ishlov berish ko‘nikmalarini o‘rganayapti. 

Prezident ushbu to‘garaklardagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. 

Toshkent shahri direktorlar kengashi a’zolari bilan suhbatda o‘qituvchilar mehnati va hurmati haqida so‘z bordi.

- Shunday vaqtlar bo‘ldiki, pedagoglikka e’tibor susayib ketdi. Hozir bu sharafli kasbning nufuzini tiklash, ularni moddiy rag‘batlantirishga harakat qilayapmiz. Yangi Toshkent shahri qurilishini ham Pedagogika universiteti binosiga poydevor qo‘yishdan boshlamoqchimiz. Chunki yangi O‘zbekistonning birinchi zamini - o‘qituvchilar. Shuning uchun ular doim o‘z ustida ishlashi, bilim va uslublarini rivojlantirib borishi kerak, - dedi davlat rahbari.

Maktabning yangi imkoniyatlaridan to‘la foydalanish, ta’lim sifatini Prezident maktablariga yaqinlashtirgan tarzda oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.



  ...