Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Yangi Namangan tumanidagi “Gavhar grup” korxonasini borib ko‘rdi. U yiliga 1 ming 200 kilogramm zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Yurtimiz zargarligi qadimdan mashhur. Jumladan, Namanganda ham “qo‘li gul” hunarmand sulolalar bo‘lgan. Lekin yetarli sharoit bo‘lmagani, xomashyo sotib olishdagi qiyinchiliklar sababli ko‘p zargarlar faoliyatini to‘xtatgan edi. Bori ham buyumlarni qo‘l mehnatida tayyorlardi.
Prezidentimizning 2019-yil 18-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha vakillariga keng imkoniyatlar ochdi. Xususan, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga kon-metallurgiya kombinatlari va aholidan qimmatbaho metall parchalari, qimmatbaho toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni sotib olish huquqi berildi. Xorijdan texnologiya va mutaxassislar olib kelish qo‘llab-quvvatlandi.
Bunday e’tibor va imkoniyatlar zargar tadbirkorlarga ishonch berdi. “Gavhar grup” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham shu tariqa vujudga keldi. Turkiya, Italiya, AQSH va Germaniyadan zamonaviy uskunalar keltirilib, 2022-yilda ishga tushirildi.
Bugungi kunda korxonada 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Chet ellar bilan hamkorlikda qo‘l soatlarining tilla korpusini tayyorlash yo‘lga quyilgan. 2023-yilda 270 kilogramm mahsulot ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, bu yerda 3D modellashtirish orqali buyurtma asosida istalgan ko‘rinishdagi buyumlarni ishlab chiqarish mumkin.
Oltinni Tovar-xomashyo birjasidan kechiktirib to‘lash sharti asosida sotib olish imkoniyati aylanma mablag‘ va ishlab chiqarish uzviyligida muhim omil bo‘lmoqda.
Yana bir muhim tomoni, korxonada mahalliy zargarlar bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan. Natijada yashirin ishlaganlar “soya”dan chiqdi, ish o‘rinlari ko‘paydi. Korxonada 100 dan ortiq kishining bandligi ta’minlangan. Shu yerning o‘zida yoshlarga hunar ham o‘rgatiladi.
Davlatimiz rahbari korxonada ishlayotgan zargarlar bilan suhbatlashdi.
- Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olayapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochig‘i, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yo‘q. Lekin, yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanayapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan ko‘p eksport qilayapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qo‘shimcha sharoitlar yaratayapmiz. Bu hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda turkiyalik ishbilarmonlar bilan tajriba almashish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha muloqot bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari shu yerda “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirdi.
Bu korxona yiliga 20 ming tonna burama mix va 18 ming tonna rulonli qog‘oz ishlab chiqarish, 6 million dollarlik eksport quvvatiga ega. 700 kishi ish bilan ta’minlangan.
Bozor talabidan kelib chiqib, avtomobil sanoatida qo‘llanadigan mahkamlash mahsulotlari hajmini va eksportini oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.