Prezident Shavkat Mirziyoyev Sayxunobod tumani Ittifoq mahallasida bo‘lib, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi omilkorlik bilan tanishdi.
Mamlakatimizda dolzarb masalalardan biri – bandlik. Iqtisodiy islohotlar yoki hududiy dasturlar bo‘lsin, barchasining zamirida ish o‘rinlari ochish, aholi hayotini yaxshilash maqsadi mujassam.
Bularning natijasida so‘nggi yillarda 2 million 400 ming aholi o‘zini o‘zi band qildi. Qariyb 2 million odam kambag‘allikdan chiqarildi. “20 ming tadbirkor 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 455 ming aholining badligini ta’minlash bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Mahallabay asosda 51 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 206 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Ishsiz fuqarolar “Ishga marhamat” monomarkazlarida zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitilmoqda.
Joriy yilgi davlat dasturida 5 million aholining bandligini ta’minlash belgilangan. Shundan 2 milliondan ziyodi qishloq xo‘jaligi va tomorqachilik sohasiga to‘g‘ri keladi.
Shu yil 7 mart kuni davlat rahbari huzurida o‘tgan yig‘ilishda mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, oilalarga daromad manbai yaratish tizimi muhokama qilingan edi. Bunda eng qulay va hammabop imkoniyat tomorqadan foydalanish ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz har doim mamlakat miqyosidagi dasturlarni, xayrli ishlarni eng og‘ir tumanlardan boshlash kerakligini aytadi. Bundan maqsad, avvalo, o‘sha yerdagi sharoitni yaxshilab, odamlarning og‘irini yengil qilish hamda, shuning barobarida, bunday tumanlarda nimalar qilish mumkinligini amalda ko‘rsatishdir.
Sayxunobod tumani ham ana shunday og‘ir hududlardan biri. Mahalliy budjet xarajatining 60 foizi yuqori turuvchi budjetdan hal bo‘layapti. Sababi tadbirkorlik o‘smayapti. Tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor. Kambag‘allik darajasi ham yurtimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori.
Tumanidagi Ittifoq mahallasida 6 ming 672 nafar aholi yashaydi. Uchta maktab, uchta bolalar bog‘chasi, poliklinika, o‘nlab tadbirkorlik va fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Lekin bu bandlikni to‘liq ta’minlash uchun yetarli emas. Mehnatga layoqatli 100 kishi ishsiz. Xorijda ishlayotganlar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham bor. O‘tgan yili aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun 140 ta loyihaga kredit berilgan. 137 kishiga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga yer ajratilgan.
Aslida, tuman aholisiga qo‘shimcha yer ajratish shart emas. Chunki Sayxunobod tomorqalar 20 sotix atrofida bo‘lgan 26 ta tumandan biri. Shundan ham to‘la foydalanilmayapti. Asosiy ekinlar beda bilan makka bo‘lib qolgan.
Jumladan, Ittifoq mahallasida umumiy tomorqa maydoni 185 gektar. Tumandan Sirdaryo oqib o‘tgani uchun suv ham yaxshi. Lekin sarxil mahsulotlar yetishtirib, ro‘zg‘orga baraka kiritish sust. Xususan, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 6 sotix tomorqadan olinayotgan daromad bu yerdagi katta tomorqalar mahsuldorligidan bir necha barobar ko‘p.
Shu bois Sayxunobod tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha namunaga aylantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5 martda qabul qilingan “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida katta imkoniyatlar belgilandi. Jumladan, 2024 yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish, aholining bu sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shunday namunaviy tomorqalar Ittifoq mahallasida ham tashkil etildi. Davlatimiz rahbari ushbu xonadonlarni kirib ko‘rdi.
Masalan, Risolat G‘ulomova xonadonining 14 sotix tomorqasida shu paytgacha tomorqada sabzi, sarimsoq piyoz ekilib, yerning o‘ttiz foiz imkoniyatidan foydalanilgan.
Hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida tomorqaga olma va tok ko‘chatlari, ularning orasiga turli ko‘katlar ekildi. Bunga qo‘shimcha tovuq, quyon, asalari va sog‘in sigir boqish yo‘lga qo‘yildi.
Bugun yurtimizda yoqilg‘isiz isiydigan issiqxonalar barpo qilish ommalashib borayapti. Davlatimiz rahbari bu tajribani ma’qullab, ularni ko‘paytirish, dehqonlarga tayyor holda qurib berish zarurligini aytgan edi. Risolat aya xonadoniga ham ikki sotixli issiqxona qurib berildi. Unga 30 tup limon, qator oralarida esa pomidor va qulupnay ekildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda tomorqa egalari, mahalla faollari bilan suhbatlashdi.
- Xalqimiz o‘z hayotida sezishi uchun hamma ishlarni mahallada tashkil qilayapmiz. Endi davlat idoralarining butun imkoniyatlarini har bir ko‘chaga, xonadonga olib kiramiz. Masalan, mahallaga biriktirilgan bank mablag‘ berish bilan birga odamlarning dunyoqarashini ham o‘zgartiradi. Maqsadimiz xalqning daromadini oshirish, boy qilish. Albatta, oson bo‘lmaydi. Bu mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanish, yangi-yangi g‘oyalar degani. Lekin bajarsa bo‘ladi. Mezon bitta - iqtisodiy kompleks xalqning dardi bilan yashaydi, - dedi Prezident.
Mahalla faollari aholi, umuman, sayxunobodliklar tomorqadan bunday keng foydalanishga katta qiziqish bildirayotganini aytishdi. Mutasaddilar bu tajribani kengaytirishga, tomorqa egalariga ko‘maklashib, mahallalarni ishsizlikdan xoli qilishga va’da berdi.
Prezident shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berdi. Shu bilan davlatimiz rahbari tashrifni yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.