Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va eksportga jalb etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-mart kuni tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va eksportga jalb etish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda davlatimiz rahbari 2023-yil 18-dekabrda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aytgan edi. Shundan so‘ng, ekspertlar ishtirokida tadbirkorlarning takliflari asosida yangi yondashuvlar ishlab chiqildi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili eksportchi korxonalarga 665 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatilib, 3 milliard 200 million dollarlik eksport ta’minlangan. Lekin ayrim tarmoq va hududlarda bu mablag‘lardan samarali foydalanilmagan. Elektr texnikasi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, zargarlik tarmoqlarida eksport o‘rtacha ko‘rsatkichlarga yetmagan. Uyushmalar tomonidan 2 ming 709 ta salohiyatli eksportchilar qamrab olinmagan, ularga haligacha biror yordam ko‘rsatilmagan.

Shu bois hududlarda ishlab chiqarish, sanoat zonalari va eksport masalalarini yaxlit tizimda birlashtirish maqsad qilinmoqda. 12 ta tarmoq va sanoat uyushmasini Savdo-sanoat palatasi tizimiga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu orqali loyiha tayyorlash va eksport tizimi davlatdan tadbirkorlar o‘zini o‘zi boshqaradigan tashkilotga o‘tadi. Natijada ularning talab va istaklarini eshitish, muammolarini hal qilish osonlashadi, tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligi kuchayadi.  

Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, sohadagi agentlik va jamg‘armalar o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etiladi. U chet eldan malakali dizayner, texnolog va marketologlarni jalb etib, milliy mahsulotlarni xalqaro talablarga moslashtirish, eksportchilarning yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, milliy brendlarni xorijda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Bu kompaniya tomonidan subsidiya, kompensatsiya va boshqa ko‘maklar tadbirkorlarning barqarorlik reytingi asosida ajratiladi.

Shuningdek, “O‘zbekekspertiza” aksiyadorlik jamiyatining boshqaruvi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan aloqalari kuchaytiriladi. Barcha tumanda Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash loyiha ofislari ish boshlaydi.

Prezidentimiz iqtisodiy islohotlardan asosiy maqsad tadbirkorlikni rivojlantirish ekanini ta’kidlab, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Uyushmalarning vazifa va natijadorligini ko‘rib chiqish, rahbar va xodimlar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi. Asosiy ishni hududlarda tashkil etib, yangi loyihalar ishlab chiqish, tadbirkorlarni eksportga jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar bu yil mahalliy sanoat eksporti hajmini 12 milliard dollarga yetkazish rejalari to‘g‘risida axborot berdi.



  ...