Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Tuproqqal’a tumanida quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlandi



Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida 29-fevral kuni “Voltalia” kompaniyasi tomonidan quvvati 100 megavattlik quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi.

Ma’lumki, davlatimiz tomonidan qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi uch yilda hududlarda birgina quyosh va shamol generatsiya quvvatlarini ishga tushirish uchun 2 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Natijada Buxoro, Jizzax, Qashqdaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 2,6 Gigavatt bo‘lgan 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi.

Yana bir muhim jihati, bu loyihalar Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Fransiya kabi taraqqiy etgan mamlakatlar bilan sheriklikda amalga oshirilayotir.

Marosimda davlatimiz rahbari bu sohaning strategik ahamiyatini qayd etdi.

– Energetika sanoatida barqarorlikka erishish global integratsiya sharoitida har bir davlatning strategik maqsadi. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi generatsiyalar – zamonaviy taraqqiyotga erishish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda kuch-quvvat bo‘ladigan asosiy “drayver”lardan biridir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muqobil energetika hisobiga bu yil respublikaning elektr generatsiyasida “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi ta’kidlandi. 2030-yilga borib, aholisi 40 milliondan ortadigan Yangi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan energiyaning 40 foizini “yashil energiya” hisobidan qoplash maqsad qilingan.

Bu borada aholi manfaatdorligini oshirish uchun o‘tgan yili “Quyoshli xonadon” dasturi boshlandi. 14 milliard so‘m imtiyozli resurslar ajratildi, soliq imtiyozlari berildi. Shuningdek, ehtiyojdan ortiqcha elektrni davlat tomonidan kafolatli xarid qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bu o‘z samarasini bera boshladi. Jumladan, Xorazmda ham 2 mingdan ziyod xonadon va 855 ta tadbirkorlar 15 megavattli quyosh panellarini o‘rnatib, ular tomonidan ehtiyojidan ko‘p ishlab chiqarilgan 320 ming kilovatt-soat elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olindi.

Endi bu sohada yana bir majmua – Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi tomonidan Tuproqqal’a tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda.

Bu Xorazmdagi ilk shunday yirik loyiha bo‘ladi. Uning natijasida yiliga 254 million kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. Bu esa Xorazm viloyati yillik elektr energiyasi iste’molining 11 foizini qoplaydi. Ushbu stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan.

Umuman bu loyiha ishga tushsa, Xorazm viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 30 foizga oshib, 424 mega-vattga yetadi. Xususan, Tuproqqal’a tumanining elektrga bo‘lgan yillik 135 million kilovatt soat talabi to‘liq qondiriladi.

Shu bilan birga, iste’moldan ortgan 40 foiz energiyani qo‘shni tumanlarga uzatish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ya’ni, 85 ming xonadonni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashga erishiladi.

Eng muhimi, ushbu loyiha orqali 76 million metr kub tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 106 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Yana bir e’tiborli tomoni, mazkur loyiha doirasida ilk bor agrovoltaika tajribasi qo‘llanadi. Bu bir maydonning o‘zida energiya va qishloq xo‘jaligini birlashtirish usuli bo‘lib, quyosh panellari ostida sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi.

Davlatimiz rahbari bunday innovatsion loyihalar O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘pqirrali hamkorlikni mustahkamlashga  xizmat qilishini ta’kidlab, investor va muhandislarga minnatdorlik bildirdi.

– Barchangizni nafaqat Xorazm viloyati, balki butun mamlakatimiz iqtisodiyotiga yangi ruh va nafas olib kiradigan mana shunday yangi quvvatlar bilan tabriklayman, – dedi Prezident.



  ...