Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Hududlardagi ishga solinmagan imkoniyatlar tahlil qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni hududlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, past quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bu haqda shu yil yanvarda makroiqtisodiy barqarorlik tahlili bo‘yicha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berilgan edi. Unga muvofiq, hududlarda ishga solinmagan qo‘shimcha imkoniyatlar, tadbirkorlarning muammo va takliflari o‘rganildi.

Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor kanaliga qo‘shimcha nasos va lotoklar o‘rnatish orqali Qarshi tumanida 600 gektar yerni o‘zlashtirish mumkin. Bu kastor loviyasi yetishtirib, uning moyini ishlab chiqarish, 1 ming 400 kishining bandligini ta’minlash imkonini beradi.

Ayrim sanoat zonalarida infratuzilma quvvatini yaxshilash zarur. Shu maqsadda joriy yilda budjetdan 1,5 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Buning natijasida mazkur zonalarning jozibadorligi oshib, korxonalar faoliyati kengayadi va ish o‘rinlari ko‘payadi.

Sanoat korxonalariga yaqin bo‘sh maydonlarda quyosh panellari o‘rnatib, ularga qo‘shimcha energiya yetkazib berish hamda tizimdagi yuklamani yengillatish imkoniyati bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari korxonalar faoliyatiga ijobiy ta’sir qilgan. Masalan, tekstil uchun bo‘yoq importida bojxona imtiyozi qo‘llanilgani hisobiga trikotaj mato, ko‘ylak, kostyum-shim tannarxi arzonlashgan. Taqdimotda ushbu imtiyozlar muddatini uzaytirish orqali erishilgan natijalarni mustahkamlash maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, tegishli me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Mutasaddilarga barcha 208 ta tuman va shaharning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash, aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.



  ...