Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Metallurgiya sohasidagi rejalar haqida axborot berildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-fevral kuni metallurgiya korxonalarini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati hamda “Navoiyuran” davlat korxonasi mamlakatimiz iqtisodiyotida katta o‘rin tutadi.  So‘nggi yillarda bu to‘rtta korxonaga 7 milliard 400 million dollar investitsiya kiritildi. Buning natijasida oltin ishlab chiqarish hajmi 23 foiz, mis 41 foiz, kumush 60 foizga oshdi. Navoiy kombinatida yangi konlar o‘zlashtirilib, 3 ta zavod ishga tushirildi. O‘zmetkombinat va Navoiyuranda ham ishlab chiqarish ko‘paydi.

Umuman, o‘tgan 6 yilda ushbu korxonalarning jami sanoatdagi ulushi 10 foizdan 17 foizga, budjet tushumlarida esa 11 foizdan 25 foizga oshgan.

Ma’lumki, 2030-yilgacha mamlakatimiz iqtisodiyoti hajmini 2 barobar oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, jahonda kuchayib borayotgan raqobat yangi vazifalar qo‘ymoqda. Bu sharoitda mazkur to‘rtta yirik kompaniya samaradorligini oshirish dolzarb ahamiyatga ega.

Taqdimotda mutasaddilar ishlab chiqarishni yanada ko‘paytirish va investitsiyalar jalb etish bo‘yicha rejalarini bayon qildi.

Davlatimiz rahbari xorijiy ekspertlarni jalb etib, kombinatlarni raqamli transformatsiya qilish, bunda “yashil” texnologiyalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish va yangi loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Ishlab chiqarishda operatsion xarajatlar va energiya sarfini maqbullashtirib, tannarxni qisqartirish vazifalari qo‘yildi. Shuningdek, kombinatlarda mehnat unumdorligini oshirish, rahbar va mutaxassislar faoliyatiga samaradorlik ko‘rsatkichlarini (KPI) joriy qilish muhimligi qayd etildi.



  ...