Buxoro viloyati delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida biznes-forum tashkil etildi.
Tadbirda Xitoy Xalqaro rivojlanish kengashi, yirik kompaniya va tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga Buxoro viloyatining eksport imkoniyatlari hamda sarmoyaviy salohiyati yuzasidan batafsil taqdimot o'tkazildi. Xitoy kompaniyalari viloyatning erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishga chaqirildi.
Tadbirda so'zga chiqqan Xitoy Xalqaro rivojlanish kengashi kotibiyat mudiri Szyan Yuy ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini ta'kidlab, xitoy kompaniyalari mamlakatimiz bozorida faoliyat olib borishga qiziqishi katta ekanligini bildirdi.
Forum davomida o'tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Xitoy Xalqaro rivojlanish kengashi kotibiyat mudiri Szyan Yuy:
- Bugun O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasida Buxoro viloyati biznes-forumida ishtirok etdik.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik yildan yilga o'sib bormoqda. Ko'plab Xitoy kompaniyalari mamlakatingizga qiziqish bildirmoqda. Bu birinchi navbatda, O'zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan samarali islohotlar hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan izohlanadi.
Bugungi tadbir davomida erishilgan kelishuvlar Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi savdo-iqtisodiy imkoniyatlarni rivojlanishiga munosib hissa qo'shishiga ishonchim komil.
«Liaoning Lide» energetika kompaniyasi raisi o'rinbosari Nin Yi:
- Buxoro viloyatini O'zbekistonning eng istiqbolli mintaqalaridan biri deb bilamiz. Bugun ushbu viloyatning sarmoyaviy va eksport salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotdan so'ng bunga yana bir bor iqror bo'ldik.
O'zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan holda kompaniyamiz tomonidan Buxoro viloyati G'ijduvon tumanida shamol elektrostansiyasini qurish loyihasini amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha Buxoro va unga qo'shni viloyatlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga hamda energetika barqarorligiga hissa qo'shishiga umid qilamiz.
Buxoro viloyati delegatsiyasi Xitoyga tashrifi davomida, shuningdek, mazkur mamlakatning Xenan hamda Xubey provinsiyalarida bo'ldi va bir qator o'zaro manfaatli muzokara hamda uchrashuvlar o'tkazdi.