O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Suma Chakrabarti bilan amaliy uchrashuv o‘tkazdi.
"O‘zbekiston - 2030" strategiyasi doirasidagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi va ularning samaradorligini oshirish borasidagi navbatdagi qadamlar ko‘rib chiqildi.
Strategiyani yurtimizda Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilingan 2024-yilda amalga oshirishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni faollashtirish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlarni shakllantirish, fan, innovatsiyalar va IT sohasini rivojlantirish, "yashil" va raqamli texnologiyalarni joriy qilish kabi yo‘nalishlarda ichki zaxiralarni yanada samarali ishga solish va xorijiy hamkorlar bilan sheriklikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.