Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Suvdan foydalanish samaradorligini oshirish choralari ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-yanvar kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Suv tanqisligi tobora kuchayayotgan bugungi zamonda mamlakatimizda uni qadrlash, tejab foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda 472 ming gektar yer tomchilatib va 48 ming gektari yomg‘irlatib sug‘orishga o‘tkazildi, 97 ming gektarda boshqa suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. 649 ming gektar yer lazerli tekislandi.

Shunday chora-tadbirlar natijasida birgina 2023-yilda 2 milliard kub metr suv tejalgan. Misol uchun, bu Buxoro viloyatining bir yillik suv sarfiga tengdir.

Bu ko‘lamni yanada kengaytirish harakatlariga tizimdagi ayrim muammolar xalal bermoqda. Masalan, tuman irrigatsiya bo‘limlarining vakolatlari xo‘jaliklararo kanallar bilan cheklangan. Suv yetkazish xizmatlari samarali moliyalashtirilmagan. Tejamkor uskunalar o‘rnatish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar fermerlarga jozibali emas.

Shu bois, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, tuman irrigatsiya bo‘limlari va maxsus xizmatlar negizida “Suv yetkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilinadi. Ular ekskavator va boshqa texnikalar bilan ta’minlanadi. Bu sug‘orish tarmoqlariga xizmat ko‘rsatish ishlarini 2 barobarga arzonlashtiradi.

Shuningdek, barcha sug‘orish tarmoqlarini xatlovdan o‘tkazish, egalari bo‘yicha biriktirish hamda har birining yagona identifikatsion raqamini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumki, joriy yildan dalagacha yetkazilgan 1 kub metr suv uchun soliq 100 so‘m etib belgilandi. Ko‘pchilikning ongida o‘rnashib qolgan “suv – tekin” degan tushunchani o‘zgartirish vaqti keldi.

Suv iste’molchilari bilan hisob-kitobni shu tamoyil asosida yo‘lga qo‘yish taklif qilinmoqda. Jumladan, 2025-yildan boshlab, dalada suv hisoblagich o‘rnatgan va tejamkor texnologiyalarni qo‘llaydigan fermerlar uchun soliq koeffitsiyenti kamaytiriladi. Aksincha holatlarda esa oshiriladi. Shu bilan birga, suv yetkazib berish uchun to‘lovlar bekor qilinadi.

Yig‘ilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish jozibadorligini oshirish choralari ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, buning uchun imtiyozli kredit liniyasi tashkil qilinmoqda. Xususan, kreditlar 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 14 foizlik stavkada ajratiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi loyihalar uchun esa 10 foiz bo‘ladi. Kredit olishda fermerlardan mol-mulk garovi talab qilinmaydi.

Shuningdek, kreditlar “onlayn” ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu borada Agrobank tomonidan “Suvkredit.uz” tizimi ishlab chiqilgan. Yana bir muhim tomoni, endi pudratchilarga suv tejovchi texnologiyalarni faqat ishchi loyiha asosida qurish, o‘rnatilgan tizimlarga kamida 2 yillik kafolat berish va kamida 5 yillik servis xizmati ko‘rsatish kabi qo‘shimcha majburiyatlar yuklatilmoqda. Bu talablarni bajarmaydigan pudratchilar tizimga kiritilmaydi.

Ma’lumki, bugungi kunda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun 8 million so‘m miqdorida subsidiya beriladi. Shu paytgacha bu mablag‘ning 50 foizi texnologiya o‘rnatilgan yilda, qolgani kelgusi yili uning ishlatilishiga qarab to‘lanar edi. Endi bu borada ham qulaylik yaratilib, barcha subsidiya mablag‘larini o‘sha yilning o‘zida to‘lab berish belgilanmoqda.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, so‘nggi iste’molchigacha bo‘lgan tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, suvni tejash ishlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.



  ...