Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20-dekabr kuni tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Zamon talabidan kelib chiqib, mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘zida ta’lim, bank, moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi, geologiya, kadastr kabi sohalarni raqamli transformatsiya qilish doirasida 100 ta dasturiy loyiha ishlab chiqilgan. 500 dan ziyod yangi IT kompaniyalari tashkil etilib, sohaga 475 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib kelgan.
Yil yakuni bilan sohada xizmatlar hajmi 10 trillion so‘m bo‘lishi, eksporti esa 300 million dollardan oshishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich Toshkent, Samarqand, Andijon viloyatlarida yuqori sur’atlarda o‘sdi. Surxondaryo ham ilk bor IT xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yib, 1 million dollardan oshirdi. Hududlarda 20 mingdan ortiq yoshlar mustaqil shug‘ullanib, xalqaro onlayn platformalar orqali yaratgan mahsulotini chetga sotgan.
Yig‘ilishda soha rivojiga qo‘shimcha sharoitlar yaratilishi belgilandi. Unga ko‘ra:
- IT kompaniyalari hududlardagi bo‘sh turgan binolarga bir yil muddatga bepul joylashtiriladi;
- iqtidorli dasturchilarga bir yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan kompyuter va texnikalar beriladi;
- 50 dan ortiq IT mutaxassisni ishli qilgan kompaniyalarning bir yil davomidagi ish haqi xarajatining 15 foizgacha qismi qoplab beriladi;
- eksportchi korxonalarga chetdan ekspert jalb qilish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, IT-parkni xalqaro miqyosga olib chiqish uchun Germaniya va Saudiya Arabistonida uning sho‘ba korxonalari ochiladi.
Umuman, shunday yangi imkoniyatlar hisobiga, 2024-yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bunga erishish uchun, avvalo, chet tili va texnologiyalarni biladigan kadrlar zarur. Shu bois Raqamli texnologiyalar vazirligiga kelgusi yilda 8 ming nafar eng iqtidorli yoshlarni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida o‘qitish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, kelgusi yildan “Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi” loyihasi boshlanishi, AQSHlik hamkorlar bilan “Inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida 20 ming aholi bandligi ta’minlanishi aytildi.
2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor mamlakatimizda o‘tkaziladi. Bunga tayyorgarlik ko‘rish uchun tanlovlar o‘tkazilib, salohiyatli o‘quvchilarni tanlab olinadi, xorijdan malakali murabbiylar jalb qilinadi.
Davlatimiz rahbari raqamlashtirish mahalladan boshlanishi kerakligini ta’kidladi.
Hozir mahalla tizimi xodimlari planshet va kompyuter bilan ta’minlangan. Lekin ulardan to‘la foydalanilmayapti. Masalan, yoshlar yetakchisiga subsidiya olish uchun murojaat qilgan fuqaro haligacha mahalla raisi, hokim yordamchisi yoki bandlik bo‘limidan ishsizlik to‘g‘risida ma’lumotnoma olib kelishga majbur.
Shu bois mutasaddilarga “Raqamli mahalla” yagona platformasini ishga tushirish va “mahalla yettiligi”ni raqamli tizimlardan foydalanishga o‘qitish topshirildi.
Yig‘ilishda vazirlik va tarmoqlardagi raqamlashtirish holati tahlil qilindi. Iqtisodiyot tarmoqlarida tannarxni tushirish faqat va faqat raqamlashtirish orqali bo‘lishi ta’kidlab o‘tildi.
Ayrim vazirlik va idoralarda raqamlashtirish ishlari sustligi qayd etildi. Masalan, “Raqamli sog‘liqni saqlash” loyihasi, tibbiy sug‘urtani joriy qilish kechikayapti. Onkologik kasallarni elektron reyestri yo‘qligi sababli ularga nafaqalar to‘lashda qiyinchilik bo‘layapti.
Qishloq xo‘jaligida pestitsidlar cavdosi va qo‘llanilishi bo‘yicha raqamli nazorat tizimi joriy qilgani yo‘q. Toshkent shahrida aholi tomonidan ijobiy qabul qilingan “Xalq nazorati” tizimi o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
Bu qoloqliklarni tezda bartaraf etish, har bir sohada raqamlashtirishni jadallashtirish zarurligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.
– Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar, – dedi Prezident.
Soha infratuzilmasi, xususan, internet tezligini yaxshilash masalasiga e’tibor qaratildi. Ayrim hududlarda internet tezligi pastligi, xalqaro magistral yo‘llarning 20 foizi mobil internet bilan qamrab olinmagani ko‘rsatib o‘tildi. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, barcha elektron to‘lov tizimlari uchun bu borada yagona talablarni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Umuman, IT xizmatlari hajmini 20 trillion so‘mga, eksportni 800 million dollarga yetkazish, tarmoqlarda 130 ta axborot tizimini joriy qilish va 750 ta davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish borasidagi rejalarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va yosh dasturchilar bilan muloqot qildi.