O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 19-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunining 5–7-moddalariga muvofiq:
1. Fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyul kuni soat 00:01 dan 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etilsin.
2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holat amal qilishi davrida soat 21:00 dan soat 07:00 ga qadar komendantlik soati joriy etilsin.
3. Favqulodda holat amal qilishi davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining komendaturasi tashkil etilsin va unga O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunida nazarda tutilgan barcha vakolatlar berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining qo‘mondoni Rustam Mirzayevich Djurayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududining komendanti etib tayinlansin.
4.Favqulodda holat amal qilishi davrida quyidagi choralar va vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilsin:
a) jamoat tartibini, o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlarni hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma ob’ektlarini muhofaza qilish kuchaytirilsin;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasida harakatlanish erkinligi, shu jumladan transport vositalari uchun cheklansin;
v) jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar tekshirilishi, ularning shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, ulardagi ashyolar va transport vositalari ko‘zdan kechirilishi ta’minlansin;
g) Qoraqalpog‘iston Respublikasiga kirish hamda undan chiqish cheklansin;
d) tinch yig‘ilishlar, ko‘ngilochar, sport va boshqa ommaviy tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishi taqiqlansin;
ye) yuridik shaxslar faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatishga qaratilgan ish tashlashlar va boshqa har qanday harakatlar taqiqlansin;
j) qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar, maxsus vositalar, zaharli moddalar sotilishi taqiqlansin, shuningdek, dori va giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar hamda etil spirti va alkogol mahsulotlari muomalasining alohida tartibi joriy etilsin;
z) jismoniy shaxslardan qurol va o‘q-dorilar, zaharli moddalar, yuridik shaxslardan esa qurol, o‘q-dorilar va zaharli moddalar bilan bir qatorda harbiy va o‘quv-harbiy texnika, portlovchi va radioaktiv moddalarning vaqtinchalik olib qo‘yilishi ta’minlansin.
5. Favqulodda holat rejimi sharoitida o‘rnatilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi uchun ma’sul etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi komendaturasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyat vazirligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimiga kiruvchi boshqa davlat organlari hamda tashkilotlarining kuchlari va vositalari belgilansin.
6. Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i uchun aniq tahdid, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga xujum qilish, ularning qurol va texnikasini egallab olish holatlarini inobatga olib, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunining 23-moddasiga muvofiq quyidagi vazifalarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining kuchlari va vositalari qo‘shimcha ravishda jalb etilsin:
Favqulodda holat joriy etilgan hududga kirish va undan chiqishning alohida rejimini ta’minlash;
aholining hayot faoliyatini va transportning harakatlanishini ta’minlovchi ob’ektlarni hamda insonlarning hayoti va sog‘lig‘i, shuningdek, atrof-muhit uchun yuqori xavf tug‘diradigan ob’ektlarni muhofaza qilish;
qurol, jangovar va maxsus texnika qo‘llanilgan holda zo‘ravonlik harakatlari bilan birga yuz beradigan to‘qnashuvlarda ishtirok etayotgan qarama-qarshi kurashayotgan taraflarni ajratish;
qonunga xilof qurolli tuzilmalar faoliyatiga chek qo‘yishda ishtirok etish;
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining kuchlari tarkibida favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda, shuningdek odamlarning hayotini saqlab qolishda ishtirok etish.
7. Komendant R.M. Djurayev manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida xavfsizlikni ta’minlash va huquq tartibotni saqlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni talablariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T. Yo‘ldoshev ushbu Farmon bilan o‘rnatilgan chora va vaqtinchalik cheklovlarning amalga oshirilishida qonuniylikka rioya etilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira fondi va boshqa davlat manbalaridan favqulodda holat rejimini ta’minlash uchun zarur mablag‘larni ajratsin.
10. Mazkur Farmon 2022-yil 3-iyul kuni soat 00:01 dan e’tiboran kuchga kiradi va ommaviy axborot vositalarida darhol e’lon qilinishi lozim.
11. Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi palatalariga tasdiqlash uchun yuborilsin.
12. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev