Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti iqlim sohasidagi global kun tartibi doirasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 1-dekabr kuni Dubay shahrida o‘tayotgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining (SOR28) asosiy yalpi sessiyasi ishida ishtirok etdi.

Tadbirda dunyoning 170 dan ziyod mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari qatnashmoqda.

Davlatimiz rahbari nutqining avvalida Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqini milliy bayrami hamda tarixiy sammitni muvaffaqiyatli tashkil etgani bilan samimiy qutlab, Amirliklarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi global tashabbuslarini hamda “yashil” taraqqiyotga qo‘shayotgan katta hissasini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, hozirgi davrda iqlim muammolari jahondagi barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurdi. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari zamonamizning eng ayanchli ekologik inqirozlaridan biri – Orol fojiasi tufayli Markaziy Osiyo va unga yondosh mintaqalarda ayniqsa jiddiy sezilmoqda.

Mamlakatimiz yetakchisi yig‘ilganlarning e’tiborini ayrim faktlarga qaratdi.

Masalan, Markaziy Osiyoda havo haroratining oshishi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p, so‘nggi yillarda favqulodda issiq kunlar soni 2 marta ortdi, muzliklar maydonining uchdan bir qismi erib yo‘qoldi.

Tuproq yemirilishi, muntazam chang va qum bo‘ronlari, ichimlik suvi taqchilligi, havo iflaslanishi, bioxilma-xillik qisqarishi, hosildorlikning keskin pasayishi va ko‘plab boshqa muammolar mintaqada istiqomat qilayotgan millionlab odamlarning turmushi sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va uglerod neytralligiga erishish Yangi O‘zbekistonning ustuvor strategik vazifasi ekanini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda yurtimizda muqobil energiya ulushi ikki baravarga ko‘paydi. 2030-yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari barpo etiladi. “Yashil” vodorod ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha ilk amaliy qadamlar tashlandi.

Bundan tashqari, “Yashil makon” tashabbusi doirasida O‘zbekistonda 1 milliard tup ko‘chat ekilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida mustahkam himoya qalqonini yaratish maqsadida 2 million gektar maydonda o‘rmonlar barpo etilgani tufayli Orolbo‘yida havo ifloslanishi kamaymoqda.

Tadbir kun tartibidagi asosiy masalalarga o‘tar ekan, O‘zbekiston yetakchisi qator takliflarni ilgari surdi.

Jumladan, Prezidentimiz Parij shartnomasi doirasida Iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasidagi Global hadli mexanizmni tezroq kelishishga chaqirdi.

Shu ma’noda, Markaziy Osiyo iqlim muloqoti platformasida ishlab chiqilayotgan Moslashuv strategiyasi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari kecha “Yo‘qotish va zararlar” global jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan qarorni yuksak baholadi.

Ushbu mexanizmlar Jahon banki va xalqaro moliya institutlari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, eng avvalo, iqlim o‘zgarishidan katta aziyat chekayotgan mamlakatlarga salmoqli yordam beradi.

Global miqyosda kam uglerodli iqtisodiyotga o‘tish adolatli, shaffof va inklyuziv bo‘lishi zarurligi, bunda rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlari albatta inobatga olinishi juda muhimligi qayd etildi.

Bu dolzarb muammoni muntazam ravishda, shu jumladan “Katta yettilik” va “Katta yigirmalik” formatlari kun tartiblarida ko‘rib chiqib borish taklif qilindi

Orolbo‘yi hududini Innovatsiyalar, texnologiyalar va yangi imkoniyatlar mintaqasiga aylantirish uchun davlatimiz rahbari bu yerda ilg‘or bilim, tajriba va yechimlarni qo‘llash maqsadida Iqlim texnologiyalari xalqaro ekspo-xabini yaratishda barchani yaqin hamkorlikka taklif etdi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz Toshkentdagi “Yashil universitet” negizida tashkil etilayotgan Iqlim ilmiy forumi doirasida yaqin ilmiy almashinuvni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga chaqirdi.

Yer degradatsiyasining oldini olish, suvdan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini kafolatli ta’minlash va boshqa o‘tkir masalalar forumning kun tartibidan joy oladi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan 2024-yili O‘zbekistonda “Iqlim migratsiyasi” mavzusida konferensiyani o‘tkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Yashil bandlik” dasturini ishlab chiqish, Iqlim o‘zgarishining bandlikka ta’sirini modellashtirish markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Iqlim muammolarini samarali yechishga yoshlarni faol jalb qilish uchun mamlakatimiz BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining Yoshlar forumini tashkil etishga tayyor ekani qayd etildi.

O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha umumbashariy g‘oyalarga doimo sodiqdiligini tasdiqlab, davlatimiz rahbari kelgusi yili Samarqand xalqaro iqlim forumini o‘tkazish va Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy yondashuvlari o‘z ifodasini topgan BMT Bosh Assambleyasining alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

So‘zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Dubaydagi sammit natijalari sayyoramizning yanada barqaror, farovon va xavfsiz kelajagini ta’minlash yo‘lida barcha mamlakatlar va xalqlarni yaqinlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.



  ...