Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Shanxayda O'zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo'lib o'tdi



Shanxay shahrida «Ishbilarmon doira vakillari o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari» mavzusida O'zbekiston-Xitoy biznes-forumi tashkil etildi.

Tadbirda Xitoyning 70 dan ortiq yetakchi kompaniyalari, O'zbekiston hududlari rahbarlari, ikki mamlakat vazirlik va idoralari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Xitoylik ishbilarmonlarga O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati, sarmoyaviy muhit va texnologik hamkorlik imkoniyatlari, turizm salohiyati taqdim etildi.

Davra suhbatida doirasida xorijiy kompaniyalar vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Suhbat chog'ida ularning O'zbekistondagi faoliyati bo'yicha tajriba va fikr-mulohazalari tinglandi. Hamkorlik va ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatishdan manfaatdor bo'lgan qator kompaniya rahbarlari ham o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.

O'zbekiston idoralari va viloyat hokimliklari vakillari Xitoyning yetakchi kompaniyalari hamda salohiyatli investorlari bilan ikki tomonlama muzokaralar o'tkazishdi.

Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, Shanxay ishbilarmon doira vakillari o'zbekistonlik hamkorlar bilan amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yishga katta qiziqish bildirishdi.

"Dunyo" AA muxbiri o'z navbatida, forum ishtirokchilarining fikrlari bilan qiziqdi.

«Shanxay Enfon Robototexnika» kompaniyasi menejeri Sindar Baxitbek:

– Shanxayda tashkil etilgan O'zbekiston-Xitoy biznes forumida ishtirok etish menga katta mamnuniyat bag'ishladi. O'zbekistonlik tadbirkorlar bilan uchrashuv muvaffaqiyatli va o'zaro manfaatli bo'ldi.

Kompaniyamiz jihozlar ishlab chiqaradi va omborlarda samaradorlikni oshirish, joyni tejash va xarajatlarni kamaytirishga yordam beradigan "aqlli" ombor xizmatlarini taqdim etadi.

Biznes-forum davomida biz o'zbekistonlik sheriklar bilan Hamkorlik memorandumlarini imzoladik. Biz O'zbekistonda "aqlli" omborlar sohasidagi biznesni rivojlantirishga tayyormiz.

«Yuying International Trade Co., Ltd.» bosh ijrochi direktori Lyu Xuey:

– Avvalo, Shanxayda yirik O'zbekiston-Xitoy biznes-forumi tashkil etilgani uchun o'z minnatdorligimni bildiraman. Bu yerda O'zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga tayyor Xitoyning yetakchi kompaniyalari vakillari to'plandi.

Taqdimot va ma'ruzalar davomida biz mamlakatingiz haqida, xususan, O'zbekistonda Xitoy biznesi vakillari uchun yaratilgan imkoniyatlar to'g'risida ko'plab qiziqarli ma'lumotlarga ega bo'ldik. Bugun biz o'zaro hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab olgan ikki tomonlama munosabatlarda yuqori dinamikani ko'rib turibmiz.

Kompaniyamiz tibbiyot sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan ham manfaatdor. Yaqin kunlarda Toshkent shahrida kompaniyamiz ofisini ochishni rejalashtiryapmiz. O'zbekistondagi asosiy loyihamiz tug'ruq majmuasi va bolalar shifoxonasini ochish bo'ladi.

Ikki tomonlama savdoni, shu jumladan funksional tibbiyot tovarlarini rivojlantirish doirasida tibbiy oziq-ovqat mahsulotlarimiz Toshkentga keltirilmoqda. Shuningdek, tibbiy yordam, jumladan, dori-darmon va tibbiy asbob-uskunalar bilan ta'minlashni ham rejalashtirganmiz.

Ishonchimiz komilki, biz birgalikdagi sa'y-harakatlar orqali ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro savdoni rivojlantirishga salmoqli hissa qo'sha olamiz.

«Hebei Qijun International Freight Forwarding Co., Ltd.» kompaniyasi bosh direktori Van Yuy:

– Biz uchun muhim bo'lgan bugungi tadbirda ishtirok etganimdan juda xursandman. O'zbekistondagi sarmoyaviy muhit va eksport salohiyati haqida foydali ma'lumotlarga ega bo'ldik.

Ikki mamlakat o'rtasidagi logistika va transport sohasidagi hamkorlik davlatlarimiz tomonidan alohida e'tibor qaratilayotgan muhim yo'nalishlardir.

Kompaniyamiz O'zbekiston va Markaziy Osiyoda logistika hamda temir yo'l loyihalari bilan shug'ullanadi. Biz O'zbekistondagi temir yo'l va transport inshootlariga sarmoya kiritishdan manfaatdormiz.

Shubhasiz, ushbu uchrashuvda erishgan sarmoyaviy kelishuvlarimiz mamlakatlarimizni o'zaro rivojlantirish, O'zbekiston-Xitoy munosabatlarini yana-da mustahkamlash yo'lida muhim hissa bo'lib qo'shiladi.



  ...