Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi — SPЕKA sammitidagi nutqi



Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi – SPЕKAning ilk sammitini tashkil etish tashabbusi va ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyev nomiga bildirilayotgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Shuni alohida aytib o‘tmoqchimanki, Ozarbayjonning samarali raisligida Dasturimiz doirasidagi mintaqaviy hamkorligimiz mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bu yil Jenevada o‘tgan vazirlar uchrashuvi, shu kunlarda Bokuda bo‘layotgan “SPЕKA haftaligi” va albatta, bugungi tarixiy sammitimiz keng mintaqamizni global ahamiyatga molik o‘zaro bog‘liqlik markaziga aylantirishga xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, hurmatli hamkasblarimni, Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori martabali vakillarini va tadbirning barcha ishtirokchilarini qo‘shma Dasturimiz ta’sis etilganining 25 yilligi bilan chin dildan tabriklayman.

Kuni kecha SPЕKAning ushbu qutlug‘ sanasiga bag‘ishlangan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining alohida rezolyutsiyasi qabul qilinganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Toshkentda asos solingan mazkur muhim platforma Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy sheriklikning amaliy mexanizmi sifatida o‘zining nihoyatda zarurligini yaqqol ko‘rsatdi. Uning doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 400 dan ortiq loyihalar hayotga tatbiq etilgani, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalari qabul qilingani ushbu fikrimizni tasdiqlaydi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhiti kuchayib, integratsiya chuqurlashayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlayman. Biz muhtaram hamkasblarimiz bilan birgalikda qanday qiyin masala va murakkab muammolarni samarali hal qilganimizni barchangiz yaxshi bilasiz.

Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya va Vengriya bilan sanoat kooperatsiyasi va infratuzilma bo‘yicha yirik dasturlarni amalga oshirmoqdamiz. Qo‘shma investitsiya kompaniyalarini tashkil etib, moliyalashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘ydik. Chegara hududlarida zamonaviy savdo-logistika markazlari va maxsus iqtisodiy zonalar barpo etilmoqda.

Shu o‘rinda hurmatli Ilhom Haydarovich rahbarligida tarixiy adolat tiklangan va ozod etilgan Ozarbayjon hududlarida olib borilayotgan misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlarini alohida e’tirof etmoqchiman.

Albatta, bu xayrli va keng ko‘lamli o‘zgarishlar mintaqaviy hamkorligimizni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonaman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hozirgi global geosiyosiy beqarorlik sharoitida mamlakatlarimiz qanday og‘ir xavf-xatarlarga duch kelayotganini juda yaxshi his qilib turibmiz. Zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish mintaqaviy hamkorligimizni yanada kuchaytirishni, bir-birimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni taqozo etmoqda.

Bu borada quyidagi asosiy yo‘nalishlarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, O‘zbekiston SPЕKA dasturini iqtisodiy hamkorligimizni kengaytirish borasida ochiq va yanada ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish tarafdoridir.

Shu maqsadda sherikligimizning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, Dasturimizning institutsional asoslarini mustahkamlash vaqti keldi, deb hisoblayman.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKATO ekspertlari bilan birgalikda “SPЕKA–2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, Dasturimiz doirasida Mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

So‘z, eng avvalo, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida jahondagi eng ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etish haqida ketmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, davlatlarimiz o‘zaro savdo aylanmasini hozirgi 52 milliarddan 2030-yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Uchinchidan, Hamkasblarim ta’kidlaganidek, SPЕKAning Maqsadli jamg‘armasini tashkil etishni tezlashtirish va kelgusi yilning o‘zida uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish kerak.

Jamg‘arma faoliyati, birinchi navbatda, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablag‘larini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim.

O‘zbekiston ham uni shakllantirish uchun o‘z moliyaviy hissasini qo‘shishga tayyor.

To‘rtinchidan, bugun qabul qilinayotgan Transkaspiy multimodal yo‘lagi bo‘yicha ma’lumot va hujjatlar almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni hayotga to‘liq tatbiq etish tarafdorimiz.

Bu borada kelgusi yilning boshida O‘zbekistonda mamlakatlarimiz transport vazirlari, logistika kompaniyalari, yuk tashuvchilari, yirik sanoat korxonalari rahbarlari hamda sohaning yetakchi ekspertlari ishtirokida “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini o‘tkazishga tayyormiz.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqamizda transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni faol ilgari surish niyatidamiz.

Beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzishni va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazishni taklif etamiz.

Ushbu tadbirning kun tartibidan yetakchi agrosanoat korxonalarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish, ilmiy-texnologik almashuvlarni rag‘batlantirish va resurslarni tejaydigan ilg‘or yechimlarni joriy etish, “ekspress” yo‘laklarni ishga tushirish kabi masalalar asosiy o‘rin egallaydi.

Oltinchidan, suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liq ekanidan kelib chiqib, SPЕKAning keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini – ko‘p tomonlama “Yashil strategiyasi”ni qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Tabiiyki, bunday o‘tkir va tobora avj olib borayotgan muammolarni mintaqamizdagi hech bir davlat yakka holda o‘z kuchi bilan hal qila olmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahlillariga ko‘ra, suv taqchilligi tufayli mintaqamiz davlatlari har yili qariyb 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda. Bunday murakkab jarayon yanada kuchaysa, muammolar kompleks hal etilmasa, kelgusida aholi jon boshiga suv bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 25 foizga, hosildorlik esa 40 foizga qisqarib ketishi mumkin.

Yettinchidan, SPЕKA doirasida ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPЕKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish bo‘yicha taklifimizni ko‘rib chiqishingizni so‘rayman.

Sammitimiz arafasida o‘tgan biznes uchrashuvlari bunday muloqotlar do‘st xalqlarimiz uchun naqadar muhim ekanini yana bir bor isbotladi.

Shuningdek, Kengash doirasida mamlakatlarimiz ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligimizga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni “SPЕKA e’tirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlashni taklif etaman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Ma’lum sabablarga ko‘ra, bugungi uchrashuvimiz Markaziy Osiyoning ajralmas qismi bo‘lgan va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil hisoblangan Afg‘oniston davlati vakillari ishtirokisiz o‘tmoqda.

Barcha hamkasblarimga, Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKATO rahbariyatiga murojaat etib, ularni SPЕKA dasturi doirasida afg‘on tomoni bilan ishchi aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqiraman.

Ushbu mamlakatni o‘z muammolari bilan yakka qoldirish mumkin emas. Amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi.

Hurmatli hamkasblar!

Fursatdan foydalanib, ikki kun muqaddam Parijda qabul qilingan, YUNЕSKOning Bosh Assambleyasi sessiyasini ilk bor Markaziy Osiyoda – qadimiy Samarqand shahrida 2025-yilda o‘tkazish bo‘yicha tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga alohida tashakkur izhor etaman.

Ushbu muhim xalqaro anjuman doirasida mintaqamiz xalqlarining buyuk sivilizatsiya salohiyatini butun jahonga to‘liq namoyish etish uchun birgalikda qo‘shma tadbirlar rejasini ishlab chiqishni taklif etaman.

So‘zimning yakunida O‘zbekiston xalqlarimizning barqaror taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqaviy dasturi doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklikka sodiqligini yana bir bor tasdiqlayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.



  ...