Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati va “Navoiyuran” davlat korxonasi jamoalariga



Qadrli vatandoshlar!

Siz, azizlarni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tashkil etilgani va yurtimizda uran sanoatiga asos solinganining 65 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Sizlarning fidokorona mehnatingiz bilan bepoyon Qizilqum bag‘ridan qazib olinayotgan, dunyo miqyosida yuksak e’tirof etilayotgan oltin, tabiiy uran va boshqa nodir qazilma boyliklar mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda beqiyos strategik ahamiyatga ega ekani barchamizga yaxshi ma’lum.

Shu ma’noda, 40 dan ortiq millatga mansub qariyb 50 ming nafar yuqori malakali ishchi, muhandis va mutaxassislar mehnat qilayotgan mazkur kombinat va 3 yil oldin uning tarkibidan ajralib chiqqan “Navoiyuran” korxonasi milliy sanoatimiz faxri, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Keyingi yillarda soha rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibor hamda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalar jadal joriy etilayotgani tufayli kombinat oltin ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi xorijiy kompaniyalar orasida 7-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildi. “Muruntov” koni esa xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarni egallab kelmoqda.

Qisqa muddatda kombinatda 23 ta yirik investitsiya loyihasi, jumladan, 5, 6 va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodining ikkinchi navbati ishga tushirilib, 15 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgani diqqatga sazovordir. Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida bu yil oltin ishlab chiqarish hajmi 2016-yilga nisbatan 25 foiz, tabiiy uran 20 foiz, kumush esa 46 foizga oshganini alohida ta’kidlash lozim.

Bugungi kunda O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda 5-o‘rinni egallab turibdi. “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘z mahsulotini yuz foiz eksportga yo‘naltirmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi quvvatlar uchun zarur asbob-uskuna va jihozlar hududning o‘zida ishlab chiqarilmoqda. Birgina Navoiy mashinasozlik zavodida yiliga o‘rtacha 15 ming turdan ziyod import o‘rnini bosadigan mahsulotlar tayyorlanayotgani buni tasdiqlaydi.

Soha uchun malakali muhandis kadrlar yetkazib berish maqsadida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining moddiy-texnika bazasi va ilmiy-pedagogik salohiyati mustahkamlanmoqda. Murakkab texnologik jarayonlarni asosan ana shunday oliygohlarimizda ta’lim olgan azmu shijoatli yoshlarimiz boshqarayotgani barchamizni quvontiradi.

Ishchi va xizmatchilar mehnatini rag‘batlantirish, ularning mehnat va dam olish sharoitlarini yaxshilash doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. Ko‘plab konchilarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Bugungi bayram munosabati bilan yana bir guruh soha vakillari faxriy unvon, orden va medallarga sazovor bo‘ldilar. Ularni ana shunday yuksak mukofotlar bilan chin dildan tabriklab, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilayman.

Hurmatli do‘stlar!

Biz “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida ushbu sohada ham ko‘plab ishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. “Oqtov” konini o‘zlashtirish, ko‘plab yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda uran qazib olish va qayta ishlash hajmini uch barobar ko‘paytirish shular jumlasidandir.

O‘z hayotini shunday muhim sohaga bag‘ishlagan siz, azizlar jamoalaringizdagi shonli mehnat an’analarini munosib davom ettirish, mamlakatimiz kon sanoati shuhratini yanada oshirish uchun bundan buyon ham katta kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilasizlar, deb ishonaman.

Sizlarni bugungi qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt, olijanob faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti



  ...