Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

To‘palang GESdagi modernizatsiya ishlari ko‘zdan kechirildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-noyabr kuni Surxondaryo viloyatidagi To‘palang gidroelektr stansiyasiga borib, modernizatsiya ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatimiz ham iqtisodiy, ham aholi soni jihatidan o‘sib, energetika quvvatlariga talab yildan-yilga ortmoqda. Buni ta’minlash maqsadida davlatimiz tomonidan barcha manbalar ishga solinmoqda. Jumladan, gidroenergetikani rivojlantirishga katta urg‘u berilayapti. So‘nggi yillarda 19 ta yangi gidro elektr stansiya barpo etildi, 13 tasi modernizatsiya qilindi.

Ulardan eng muhimi To‘palang gidroelektr stansiyasidir. U 2006-yilda ishga tushirilgan paytda jami 30 megavatt quvvatli ikkita agregat bo‘lardi.

Davlatimiz rahbari 2019-yil aprelda bu yerga tashrif buyurib, yana ikkita gidroagregat qurish yuzasidan topshiriq bergan edi. Avvaliga suv ombori to‘g‘oni qo‘shimcha 20 metrga ko‘tarildi. Natijada uning sig‘imi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi. Zamonaviy texnologiyalar asosida qurilish-montaj ishlari olib borilib, jami quvvati 145 megavattli ikkita agregat o‘rnatildi.
Shu tariqa, To‘palang GESining umumiy quvvati 175 megavattga yetib, Chorvoq GESidan keyin mamlakatimizdagi ikkinchi yirik stansiyaga aylandi.

Samaradorligini aytganda, bu yerda yiliga qo‘shimcha 467 million kilovatt/soat elektr quvvati yaratildi. Qariyb 167 mingta xonadonning elektr ta’minoti yaxshilandi. Bu yiliga o‘rtacha 107 million metr kub tabiiy gaz tejaladi, deganidir.

Prezidentimiz shu yil martda Surxondaryo viloyatiga kelganida To‘palang gidro elektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi foydalanishga topshirilgan edi. Bu galgi tashrif chog‘ida ish jarayoni bilan yaqindan tanishildi.

Shu yerda To‘palang daryosi negizida gidro energetika quvvatlarini oshirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Unga ko‘ra, kelgusi yillarda daryoning yuqori qismida qurish uchun 20 ta istiqbolli loyiha shakllantirilgan. Ularning umumiy quvvati 264 megavatt bo‘lishi mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni kengaytirib, har bir soy, imkoniyati bor har bir mahallada mikro GESlar barpo etish mumkinligini ta’kidladi.

Shuningdek, Surxondaryoda ko‘mir qazib olish imkoniyatlari bo‘yicha axborot berildi. Qayd etilganidek, hududda 82 million tonna ko‘mir zaxirasi aniqlangan. Bugungi kunda 541 ming tonna qazib olinmoqda. Bu hajmni 2 million tonnaga yetkazish, mutaxassislar tayyorlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.



  ...