Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-noyabr kuni paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash va hosildorlikni oshirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Dunyodagi bugungi ziddiyatlar, savdodagi cheklovlar iqtisodiyotda o‘z aksini topmay qolmaydi. Jumladan, bu omillar oziq-ovqat va to‘qimachilik eksportiga salbiy ta’sir qildi. Bu vaziyatda eng to‘g‘ri yo‘l – qishloq xo‘jaligida hosildorlikni keskin oshirish hisobiga tannarxni kamaytirish, chuqur qayta ishlashga va qo‘shilgan qiymat yaratishga ko‘proq investitsiya jalb qilib, eksportni ko‘paytirishdir.

Shu bois yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini yangicha yondashuvlar, tashkiliy va moliyaviy vositalar orqali qo‘llab-quvvatlash choralari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari har bir tarmoqqa alohida to‘xtalib, yangi taklif va tashabbuslarni aytdi.

Tahlillarga ko‘ra, bu yil 41 ta paxta-to‘qimachilik klasterida hosildorlik 40 sentnerdan oshgan bo‘lsa, 9 tasida 30 sentnerdan kam bo‘lgan. Hosildorlik pastligi va tannarx yuqoriligi oqibatida Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida rentabellik 10-11 foizdan oshmagan.

Sharoit va izlanish bo‘lsa, yaxshi tajribalar ham bor. Masalan, Navoiy viloyatidagi “Navbahor” klasteri xorijdan olib kelgan yangi paxta navi o‘rtacha 70 sentnerdan oshiq hosil berayapti. Uning tannarxi, deylik, Jizzaxdagiga nisbatan qariyb ikki barobar arzonga aylanayapti.

Shu bois paxta urug‘chiligi bo‘yicha yangicha yondashuvlar ko‘rsatib o‘tildi. Unga binoan, kelgusi yili har bir viloyatdagi ball boniteti past, sug‘orish qiyin bo‘lgan va hosildorligi 30 sentnerdan oshmaydigan 1 tadan tumanda 70-80 sentnerdan yuqori hosil beradigan paxta urug‘ini chetdan olib kelishga ruxsat etiladi. Shuningdek, 30 sentnerdan past hosil berayotgan navlarni ekish to‘xtatilib, urug‘chilik institutlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi serhosil navlar bilan almashtiriladi.

Bu sohadagi yana bir dolzarb masala – ayrim klaster va fermerlar o‘rtasida hisob-kitob intizomi buzilgan. 122 ta klasterning Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va fermerlar oldida qarzdorligi bor. 6 ta klasterning ishlab chiqarish quvvati yo‘q bo‘lsa-da, ularga imtiyozli kredit berilgan.

Shundan kelib chiqib, klasterlarni tashkil etish, ular bilan fermerlar o‘rtasidagi munosabatlar bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.

Endi yangi klasterlarga moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishlab chiqarish quvvatlari va texnika ta’minoti bo‘yicha talablar qo‘yiladi va ochiq tanlov orqali tanlanadi. Ularda kamida ikki bosqichli qayta ishlash bo‘lishi shart.

Fermerlar bir viloyat ichidagi xohlagan klasteri bilan fyuchers shartnomasi tuzishi mumkin bo‘ladi. Ular fyuchers shartnomasidan ortgan hosilni birja orqali sotishiga ham imkoniyat yaratiladi.

Shuningdek, kelgusi yil hosili uchun paxta yetishtirishga 60 foiz avans ko‘rinishidagi imtiyozli kreditlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerlarga ajratiladi.

Klasterlar esa yetishtirilgan paxtani sotib olish va terim uchun mablag‘ berish orqali moliyalashtiriladi. Chuqur qayta ishlashga ham alohida mablag‘lar ajratiladi.

Mutasaddilarga klaster va fermer xo‘jaliklarini moliyalashtirishning yangi tartibini yo‘lga qo‘yish, ular o‘rtasidagi debitor-kreditor qarzdorlikni hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Klasterlarni xalqaro moliya standartlariga o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Bu yilgi paxta hosilini to‘liq qayta ishlash natijasida 2024-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 9,6 milliard dollarga, eksportni esa 4,5 milliard dollarga yetkazish hisob-kitob qilingan.

Xususan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida gazlama ishlab chiqarish va bo‘yoqxonalar tashkil qilish bo‘yicha 350 million dollarlik, Qoraqalpog‘istonda sun’iy tola, gazlama-mato va bo‘yashga ixtisoslashgan 60 million dollarlik loyihalar boshlangan. Bu korxonalar kelgusi yil ishga tushirilib, tadbirkorlarga sanoat ipotekasi asosida beriladi. Ularda 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Mazkur tarmoq rivojini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, gazlama-mato, bo‘yash va tikuvchilik bo‘yicha yangi qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan:

- bo‘yalgan matoni 50 foizdan kam bo‘lmagan qismini ichki bozorga sotgan korxonalar ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘laydi;

- ularga mol-mulk solig‘ini 3 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;

- 2025-yil 1-yanvarga qadar paxta va sun’iy tolani import qilishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi;

- to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari uchun zarur texnologik uskunalar va ularning ehtiyot qismlarini import qilishda ular bojxona bojidan ozod qilinadi.

Prezidentimiz bunday imkoniyatlardan foydalanib, loyihalarni ko‘paytirish, infratuzilma xarajatlarining yarmini qoplab berish muhimligini ta’kidladi.

Bog‘dorchilikda 16 ming gektar bog‘ va 10 ming gektar tokzorning hosildorligi pastligi qayd etildi. Bu ularda gektaridan kamida 3-5 ming dollardan, yiliga o‘rtacha 100 million dollar daromad yo‘qotilayapti, degani.

Shu bois endi har bir tumanda hokim boshchiligida qishloq xo‘jaligi, soliq va statistika xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, bog‘ va tokzorlar yiliga kamida bir marta xatlovdan o‘tkaziladi. Ular samarasiz deb topilsa, yer solig‘idan berilgan imtiyoz bekor qilinadi va soliq to‘liq undirib olinadi. Kelgusi yildan boshlab, bog‘ va tokzorlarga hosildorligi va tushumiga qarab, tabaqalashgan yer solig‘i stavkalari joriy qilinadi.

Shuningdek, bog‘lardagi qator oralarida va tomorqalarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish vazifalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bugungi kunda parrandachilikda yiliga 690 ming tonna go‘sht va 8,7 milliard dona tuxum yetishtiriladi. So‘nggi oylarda bu mahsulotlar narxi sezilarli oshdi. Ozuqa muammosi mahsulot tannarxini pasaytirish imkonini bermayapti. Shuning uchun 8 ta yirik don ombori tashkil etilishi aytildi.

Yana bir muhim masala – bizda birinchi tartibli parranda naslining ota-onalik liniyasi yo‘q, shu sababli yiliga 3 million bosh jo‘ja import qilinmoqda. Bu nasl o‘zimizda bo‘lsa, ishlab chiqarishni 3 barobar oshirish, go‘sht tannarxini 10 foizga kamaytirish mumkin. Eng muhimi, yiliga 50 million dollarlik inkubatsion tuxum va naslli jo‘jalar eksport qilish imkoni paydo bo‘ladi. Shu borada AQSH kompaniyalari bilan kelishuvga erishish vazifasi qo‘yildi. 

25 ta tumanda chorva klasterlari tashkil etish, sut yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, baliq yetishtirishni ko‘paytirish, Cloveniya tajribasi asosida hovuzlar barpo etish masalalari ham aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini moliyalashtirish masalasi ham tahlil qilindi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan mablag‘lar to‘liq yo‘naltirilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Negaki bu mablag‘lar 20-25 yilga jalb qilingan bo‘lsa-da, banklar tomonidan tadbirkorlarga 5-7 yilga ajratilmoqda.  Kredit berish uchun loyihalarni ko‘rib chiqish muddati bir yilgacha cho‘zilmoqda. Mablag‘lardan foydalanish yo‘nalishlari cheklangani sababli tadbirkorlarda qiziqish kam.

Shu bois bu resurslarni banklar uchun ham, tadbirkorlar uchun ham jozibador shartlarda ajratish kerakligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi loyihalariga beriladigan kreditlar muddati 3 yillik imtiyozli davr bilan 15 yilgacha uzaytirilishi, ular 2 oygacha muddatda ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga xalqaro moliya tashkilotlari, budjet va banklar ajratayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi bo‘yicha ichki audit xizmatini tashkil qilish topshirildi.

Yirik savdo tarmoqlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga teng sharoit yaratilmagani, bu raqobat va narx-navoga ta’sir etayotgani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda budjetga tushumlarni ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bu borada ayrim tuman va shaharlarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilayotgani, daromadlar hajmi ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarga mos emasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kuz-qish mavsumiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgani ta’kidlanib, hududlarga tabiiy gaz yetkazib berish va hisobini yuritish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.



  ...