Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tayotgan bayramga tashrif buyurdi.
Bu yerda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Al-Xorazmiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaloliddin Manguberdi nomidagi pavilonlar tashkil etilgan. Ularda yoshlarning ilm-fan, ijod, sport va san’at sohalarida erishgan yutuqlari ifodalangan.
Davlatimiz rahbari ushbu ko‘rgazmalar bo‘ylab yurib, ularni ko‘zdan kechirdi. Yoshlar bilan suhbatlashdi.
– Bugungi yoshlarimizning bilimi, harakatlari meni cheksiz quvontiradi. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak. Chunki tanangizda buyuk bobolarning qoni oqyapti. Tariximiz o‘ttiz bir yillik emas, uch ming yillik. Ajdodlarimiz ikkita renessansga asos solgan. Endi biz Uchinchi renessans poydevorini qurmoqchimiz. Kimga ishonib? Sizlarga ishonib. Eng katta zaminimiz ta’lim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bog‘da “Besh tashabbus olimpiadasi” natijalari ham namoyish etildi. Ma’lumki, ushbu musobaqalar O‘zbekiston Prezidentining shu yil 11 apreldagi qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yildi. Uning mahalla, sektor, tuman, shahar, viloyat va respublika bosqichlarida 6 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlar qatnashdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tgan «Yoshlar ovozi» tanlovi san’at yo‘nalishlaridagi iste’dodlarni kashf etdi. Prezidentimiz ushbu tanlov g‘oliblari bilan suhbatlashib, ularga muvaffaqiyat tiladi.
Mamlakatimizda yoshlar siyosatiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu borada alohida davlat tashkiloti – Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgan. Joriy yildan, mahallalarda 9 ming 500 nafar yoshlar yetakchisi faoliyat boshladi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 700 mingdan ortiq yigit-qizlarning muammolarini hal etishga 650 milliard so‘m yo‘naltirildi. So‘nggi ikki yilda 174 ming nafar yoshning tadbirkorlik loyihalari uchun 4 trillion 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berildi. 560 ming nafariga dehqonchilik uchun yer maydoni ajratilib, bandligi ta’minlandi.
Ta’lim sifatini oshirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Ixtisoslashgan maktablar ko‘lami kengayib, o‘quvchilarga chuqur bilim berilmoqda. Birgina Prezident maktablarini bitirgan yoshlarning 102 nafari xorijdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qimoqda.
So‘nggi ikki yilda 400 nafar yoshlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali chet elga o‘qishga yuborildi. So‘nggi bir yilda xalqaro fan olimpiadalarida 255 ta medal qo‘lga kiritildi. Joriy yilda 382 nafar yosh sportchimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda 419 ta sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Bularning barchasi bayram maydonchalarida namoyon bo‘ldi. Shundan so‘ng, Prezident amfiteatr maydoniga kelib, mamlakatimiz yoshlarini bayram bilan tabrikladi.