Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Yer hisobi va kadastr xizmatlarini yaxshilash choralari belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarini yaxshilash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda bu sohada katta ishlar amalga oshirildi. Jumladan, topografik o‘lchovlar uchun Kadastr agentligi maxsus samolyot va aerofotokamera, 112 ta dron bilan ta’minlandi. Sohani raqamlashtirish uchun 6 ta axborot tizimi va ma’lumotlar markazi ishga tushirildi.

Bularning hisobiga, o‘tgan uch yilda 96 foiz yerlarning elektron xaritasi yaratildi. 40 million gektar yer ro‘yxatga olinib, soliq bilan bog‘landi. Avval hisoblanmagan 790 mingta yangi va 520 mingta qo‘shimcha qurilma tizimga kirdi. Bular orqali budjetga 1,1 trillion so‘mlik qo‘shimcha manba yaratildi.

Shuningdek, zaxiradagi 1,2 million gektar qishloq yerlariga kadastr qilingani hisobiga 675 ming aholi va fermerlarga 425 ming gektar yer bo‘lib berildi.

Shu bilan birga, sohada hali qilinadigan ishlar ham ko‘p. Xususan, 146 ming kilometr ichki yo‘llar va atrofidagi yerlarning hujjati yo‘q.

Suv xo‘jaligida ham shu ahvol. Suv havzalari, kanal va kollektorlar atrofidagi bo‘sh yerlarni auksion orqali aholi va tadbirkorlarga berish mumkin. Lekin bugungi kunda 827 ming gektar suv fondi yerlaridan faqat 380 ming gektarining kadastr hujjatlari bor.

Shu bois yo‘l va suv fondi yerlari kadastrini yakunlab, ulardan foydalanishga sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu orqali 1 million aholi bandligini ta’minlash mumkinligi ta’kidlandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, respublikada 2,4 millionta xonadonning egalik hujjati yo‘q. Ularning qadastr hujjati qilinsa, odamlarga huquqiy, iqtisodiy zamin bo‘ladi. Shu bois hujjatsiz uy-joylarga egalik huquqini berish bo‘yicha qonun loyihasini yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, aholi uzoq yillardan buyon uy-joy sifatida foydalanib kelayotgan, lekin hujjatda qishloq xo‘jaligi yerlari bo‘lib qolayotgan 817 ming gektar yerni xatlovdan o‘tkazib, yer toifasini o‘zgartirish taklifi bildirildi.

Kadastr tizimida ish hajmi ko‘pligi ham dolzarb masala. Bu yil 1,5 millionta kadastr xizmati ko‘rsatilgan bo‘lsa, shundan 600 mingtasi kadastr yig‘ma jildi bilan bog‘liq. Tizimdagi 25 foiz xodim shu bilan band. Ularga ish yuklamasi ikki barobar ko‘p.

Bu borada Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tajriba tariqasida xususiy kadastr muhandisi instituti joriy etildi hamda 165 ta xususiy kadastr muhandisi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Endi bu faoliyatga xususiy sektorni jalb qilish nazarda tutilmoqda. Odamlar istasa xususiy sektorga, istasa davlat idorasiga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun ko‘chmas mulklar yangi “UZKAD” axborot tizimiga o‘tkaziladi, 2024 yil 1 iyuldan respublikaning barcha hududlarida xususiy kadastr muhandislari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari kadastr xizmatlari qamrovi va sifatini oshirish, buning uchun malakali kadrlar tayyorlash, sohani ilm-fan bilan uyg‘unlashtirish va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.



  ...