Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash choralari belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni hududlarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yaxshilash, oziq-ovqat ekinlarini ekish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan hududiy va ijtimoiy dasturlarda ichimlik suvi ta’minoti alohida o‘rin egallaydi. Bu borada xizmat sifatli va doimiy bo‘lishi uchun narx mutanosibligi muhim.

Tahlillarga qaraganda, bugungi kunda 1 kub metr ichimlik suvi tannarxi Toshkent shahrida 448 so‘m bo‘lgani holda Namanganda qariyb 3 ming so‘mni, Samarqand va Navoiyda 2 ming 600 so‘mni tashkil qiladi.

Suv ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi ulushi respublika bo‘yicha o‘rtacha 27 foiz. Lekin Farg‘ona, Namangan va Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich yuqori.

Ma’lumki, yurtimizda muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish maqsadida korxona, tashkilot va aholi xonadonlarida quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Lekin, yiliga 880 million kilovatt-soat elektr iste’mol qiladigan suv ta’minoti korxonalarining bu boradagi ishi sezilarli emas.

Davlatimiz rahbari viloyat hokimlariga ichimlik suvi tannarxini arzonlashtirish vazifasini qo‘yar ekan, bunda eng katta manba suv korxonalari ishlatadigan elektrning bir qismini “yashil energiya”ga o‘tkazish ekanini ta’kidladi.

Masalan, hozirda suv korxonalari 1 kilovatt-soat elektrni 900 so‘mdan sotib olayapti. Quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr narxi esa o‘rtacha 350-400 so‘m, ya’ni 2 barobardan ziyod arzon. Investorlarni jalb qilib, suv inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda quyosh panellari o‘rnatish mumkin.

Shuningdek, eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish zarurligi aytildi.

Suv bo‘yicha loyihalar qiymatini qayta ko‘rib chiqish, ularda ishlatiladigan materiallarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.

Sohadagi yangi loyihalar bundan buyon bevosita joylarga chiqib, aholining fikri va roziligi olinganidan keyin mahalliy kengashlarda muhokama qilinishi belgilandi. Loyihaga qancha mablag‘ ajratilgani, pudratchisi qaysi korxona ekani, qachon ishga tushishi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar e’lon qilib boriladi. Shu orqali bu borada ham jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Yig‘ilishda bog‘ va tok qator oralariga ekin ekish tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yurtimizda 331 ming gektar bog‘ va 153 ming gektar tokzor bor. Ularda qator oralaridagi yerlarga piyoz, sarimsoq, sabzi, bahor oylarida yeryong‘oq, kartoshka, pomidor va bodring ekilsa, bozorlarimizga qo‘shimcha mahsulot, aholiga daromad bo‘ladi.

Shu bois viloyatlarda yil yakunigacha 92 ming gektarga to‘qsonbosti usulida sabzavotlar ekish, bunga urug‘lik va suv yetkazib berish chora-tadbirlari belgilandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari iqlimga mos ekin turlari, agrotexnikasi bo‘yicha ilmiy tavsiyalar berib boradi.

Yig‘ilishda soha mutasaddilari va viloyat hokimlari kun tartibidagi masalalar bo‘yicha rejalarini bayon qildi.



  ...