Pekin shahriga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘ziga ajratilgan qarorgohda “State Grid” kompaniyasi raisi Sin Baoanni qabul qildi.
Xitoyning elektr tarmoqlari korporatsiyasi ushbu sohadagi global yetakchi bo‘lib, Fortune Global 500 reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Kompaniya elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish va ularni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish borasida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda katta tajribaga ega. Aktivlari qiymati 800 milliard dollar atrofida.
Ushbu kompaniya ishtirokida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, jumladan, yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini qurish va infratuzilma obyektlarini modernizatsiya qilish, bunda ilg‘or injiniring yechimlari va yuksak texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz energetika tarmog‘i uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘shma loyihalarni jadallashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.