Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Prezident turizm ko‘rgazmasi bilan tanishdi



Davlatimiz rahbari Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan O‘zbekistonning turizm salohiyati ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Ma’lumki, shu kunlarda Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu mamlakatimizdagi ochiqlik va erkinlik, ulkan sayyohlik salohiyatining e’tirofi, deyish mumkin.

Ushbu omillarga tayanib, yurtimizda turizmni rivojlantirish uchun barcha qulayliklar yaratilmoqda. Salkam yuzta mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin. Yana 55 ta davlat sayyohlari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilgan.

Turizm infratuzilmasi ham rivojlantirilib, mehmonxonalar, sayohat joylari va yo‘nalishlari ko‘payib bormoqda. Joriy yilning o‘zida 15 mingta yangi mehmon o‘rni tashkil etilib, ularning soni qariyb 140 mingtaga yetdi. 540 ta dam olish maskani barpo etilib, 70 ta turizm marshruti ochildi. 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu sohada hali imkoniyatlar ko‘pligini, Butunjahon turizm tashkilotining yig‘ilishi ularni ko‘rsatish uchun qulay fursat ekanini ta’kidlagan edi. Katta maydon ana shu maqsad yo‘lida yaratildi. 

Unda mamlakatimiz 14 hududining turizm va investitsiyaviy salohiyati namoyish etilgan. Zomin, Chorvoq, Chimyon kabi xushtabiat go‘shalarning turistik-rekreatsion imkoniyatlari, turizm qishloqlarining manzaralari, eko va ekstremal sayohat manzillari haqida ma’lumotlar jamlangan. 

Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekiston aeroportlari” va “O‘zbekistan vertolyotlari” kabi stendlar tashkil qilingan. Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining turizm salohiyati, xorijiy hamkorlar ishtirokidagi startap loyihalar ham taqdim qilingan. 

Umuman, ko‘rgazmada jami 2 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar investorlarga taqdim etiladi.

Davlatimiz rahbari Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan birga ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirdi. Hududlardagi diqqatga sazovor manzillar atrofida turizm maskanlari barpo etib, qulayliklarni kengaytirish, investorlar bilan aniq loyihalarni shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.



  ...