Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasidagi nutqi



Hurmatli Bosh kotib janoblari!

Hurmatli delegatsiya rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi 25-sessiyasining ochilish marosimida barchangizni samimiy qutlashdan baxtiyorman.

Tashkilotimizning yubiley yig‘ilishi Buyuk ipak yo‘lining durdonasi, Yangi O‘zbekistonning yirik sayyohlik maskani bo‘lgan ushbu qadimiy shaharda o‘tkazilayotgani chuqur ramziy ma’noga ega.

Jahon sivilizatsiyalari chorrahasida joylashgan bu betakror shahar asrlar mobaynida Sharq va G‘arbni o‘zaro bog‘laydigan, savdo, ilm-fan va madaniyatning chinakam markazi bo‘lib kelgan. Mashhur Rimga tengdosh bo‘lgan ushbu boqiy zamin ulkan saltanatlar poytaxti, ulug‘ alloma va mutafakkirlar, aziz avliyo zotlar kamol topgan yurt sifatida bizga hamisha g‘urur bag‘ishlaydi.

“Yer yuzining sayqali” deya shuhrat qozongan, Sharqning ikki buyuk Uyg‘onish davri rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Samarqand bugungi kunda jahonning zamonaviy sayyohlik markazlaridan biriga aylanib bormoqda. Nufuzli xalqaro tadbirimizning aynan bu azim shaharda tashkil etilayotgani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.

Xush kelibsiz ko‘hna va hamisha navqiron Samarqandga, aziz mehmonlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Ma’lumki, turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Globallashuv jarayonlari insonlarning dunyo bo‘ylab erkin harakatlanishiga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Butunjahon turizm kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasidan avval jahon yalpi mahsulotining taxminan 10 foizi, eksportining esa 7 foizi sayyohlik sektoriga to‘g‘ri kelgan.

Afsuski, pandemiya ushbu tarmoqqa jiddiy zarba berdi. Natijada turizm eksporti daromadlari sezilarli darajada qisqardi, millionlab ish o‘rinlari yo‘qotildi.

Butunjahon turizm tashkiloti va sizlar vakillari bo‘lgan davlatlar hukumatlari tomonidan olib borilgan tizimli ishlar natijasida bugungi kunda global turizm qayta oyoqqa turmoqda. Barcha mamlakatlarning birgalikdagi harakatlari va yaqin hamkorligi tufayli ushbu tarmoq yangi muammo va tahdidlar qarshisida o‘zining moslashuvchan va barqarorligini namoyish etmoqda.

O‘tgan yili dunyo miqyosida salkam bir milliard turist xorijga sayohat qildi. Bu pandemiyaga qadar bo‘lgan ko‘rsatkichning salkam 70 foizini tashkil etdi. Joriy yilda ushbu raqam yanada o‘sishi kutilmoqda.

Ko‘plab davlatlar hozirgi murakkab vaziyatda o‘z iqtisodiyotini tiklash va dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishda turizm sohasiga tayanmoqda. Global raqobat muhiti kuchaymoqda. Bu albatta bejiz emas: sohaga kiritilayotgan har bir dollar kelgusida 3-4 barobar daromad keltirishini barchangiz yaxshi bilasiz.

Yaratilayotgan har bir yangi ish o‘rni esa boshqa tarmoqlarda yana 2 ta ish joyini hosil qilishga imkon beradi.

Shu ma’noda, turizm mamlakatlarimizning umumiy farovonligi va barqaror taraqqiyotini ta’minlashning muhim omilidir, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni paytda, u jahon xalqlari o‘rtasida madaniy almashuvlarni kuchaytiradigan, bag‘rikenglik tamoyillarini mustahkamlaydigan qudratli vositadir.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Biz Tashkilotimizning turizmni dunyoning barcha mintaqalarida jadal rivojlantirish va uni jahon iqtisodiyoti drayverlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi faol sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Uning sohadagi yangicha yondashuvlari, xizmatlar sifatini keskin oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlari hamda infratuzilma loyihalariga katta urg‘u berayotgani tahsinga sazovordir.

Ayniqsa, Tashkilotning global kun tartibida turizmning asosiy o‘rin egallashi, ta’lim salohiyatini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishda sayyohlik sohasi ulushini oshirish, ko‘p tomonlama sheriklik aloqalarini kuchaytirishga qaratilgan intilishlari barchamizning mushtarak maqsadlarimiz bilan uyg‘undir.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Butunjahon turizm tashkiloti Yangi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda ishonchli va uzoq muddatli strategik hamkoriga aylandi.

O‘tgan davrda mamlakatimiz uchun xavfsiz turizm bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqildi, startap loyihalari amalga oshirilmoqda. Shaharlarimizda Tashkilotning mintaqaviy anjumanlari o‘tkazib kelinmoqda.

Yaxshi xabardorsizlar, biz so‘nggi yillarda O‘zbekistonda keng ko‘lamli, ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshiryapmiz. Unda asosiy e’tiborni demokratik jamiyat institutlarini mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirishga qaratmoqdamiz.

Olib borayotgan “ochiq eshiklar” siyosatimizda turizm tarmog‘iga ustuvor ahamiyat beryapmiz.

Salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimini qo‘llayapmiz. Yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi.

Biz sayyohlik biznesining barcha turlarini yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratdik. Soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etdik, kredit va moliyaviy yordamni kuchaytirdik. Yangi mehmonxonalar qurish va xalqaro brendlarni jalb etish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun subsidiyalar ajratilmoqda. Shu tufayli pandemiya cheklovlariga qaramasdan, biz ikki yil davomida 800 ta infratuzilma loyihasini amalga oshirdik.

Birgina Samarqand shahrining o‘zida turistik infratuzilmani yaxshilash uchun 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ investitsiya sifatida kiritildi. Bugungi anjumanimiz o‘tkazilayotgan “Ipak Yo‘li” sayyohlik markazi ana shunday yirik loyihalardan biridir.

Bundan tashqari, sayyohlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida turizm politsiyasi tashkil etildi.

“Amirsoy” qishki kurorti, “Afsonalar vodiysi”, “Zomin” va “Chorvoq” zonalari ko‘plab xorijiy sayyohlar e’tiborini tortadigan xalqaro turizm maskanlariga aylandi.

An’anaviy turmush tarzi va noyob hunarmandchilikka ega bo‘lgan turizm qishloqlari tashkil etilmoqda.

Sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida mehmonxona o‘rinlari soni 140 mingtaga yetkazildi, 70 ta yangi sayyohlik marshruti ochildi, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi.

Sayyohlik sohasida professional kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor beryapmiz. O‘zbekistondagi 35 ta oliy ta’lim muassasasida xalqaro standartlar asosida malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 19 ta mamlakatdan kelgan talabalar tahsil olmoqda.

O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobar ko‘paydi. Turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobar o‘sdi.

Misol uchun, sayyohlar soni bu yil Yaponiyadan – 5 barobar, Hindiston va Italiyadan – 3,5 barobar, AQSHdan – 2 barobarga ortdi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimizga jami 7 million sayyoh tashrif buyuradi. Ushbu ko‘rsatkichni 2030 yilga borib 15 millionga, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazishni reja qilyapmiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Keng ko‘lamli ishlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan alohida e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Butunjahon turizm tashkilotining “eng tez rivojlanayotgan turizm maskanlari” ro‘yxatida, shuningdek, mashhur “Gellop” ijtimoiy tadqiqot markazining “Sayyohlik uchun eng xavfsiz davlat” reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatimiz AQSHning “National geographic traveler awards” ro‘yxatida “Yil yangiligi” hamda “Gastronomik turizm” nominatsiyalari g‘olibi bo‘ldi.

O‘zbekiston o‘tgan yili “Jahon musulmon sayyohlari indeksi”da “eng kuchli sayohat yo‘nalishi” sifatida tan olindi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Biz o‘z oldimizga juda katta maqsad va rejalarni qo‘yganmiz va bu borada sizlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyormiz. Jumladan, Turizmni kompleks rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyani ishlab chiqmoqdamiz.

Bu boradagi asosiy yo‘nalish sifatida zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

“Toshkent–Samarqand” va “Navoiy–Buxoro” yo‘nalishlari uchun yana 6 ta tezyurar poyezd olib kelinadi, yurtimizda 600 kilometr qo‘shimcha temir yo‘llar quriladi.

2025-yildan boshlab “Toshkent–Xiva” tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, 2026-yildan esa ushbu yo‘nalish Nukus shahrigacha uzaytiriladi.

Shuningdek, “Toshkent–Samarqand” va “Toshkent–Andijon” yo‘nalishlarida xususiy sheriklik asosida pullik avtomagistrallar quriladi. Natijada ushbu yo‘nalishlarda manzilga yetib borish vaqti 2 barobar qisqaradi.

2030-yilga qadar yana 56 ta zamonaviy avialayner olib kelamiz va aviaparkimizdagi samolyotlar sonini 100 taga yetkazamiz. Bundan tashqari, aviaqatnovlar soni 4 barobar oshiriladi. Barcha aeroportlarda “ochiq osmon” rejimi joriy qilinadi, hududlardagi 6 ta yirik aeroport xususiy sheriklik asosida yangilanadi.

Shuningdek, katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etiladi.

Biz yurtimizning madaniy turizm salohiyatini oshirishga ham katta e’tibor qaratamiz.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud. YUNЕSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga 200 dan ziyod moddiy va 6 ta nomoddiy obyektlarimiz kiritilgan.

“Ko‘hna tarix durdonalari” milliy dasturi doirasida turistlarni o‘ziga jalb qiladigan madaniy meros obyektlari soni 800 tadan 2,5 mingtaga yetkaziladi, 745 ta madaniy meros obyekti restavratsiya qilinadi, 20 ta me’moriy yodgorlikda “ochiq osmon ostidagi muzey”lar tashkil etiladi.

Ziyorat turizmi dasturi doirasida sayohatga keluvchilar sonini hozirgidan uch barobar ko‘proqqa oshiramiz. Ana shu ezgu maqsadda tabarruk ziyorat maskanlarining geografiyasi kengaytirilib, ularning yagona xaritasi yaratilmoqda.

Samarqandda ulug‘ mutafakkir bobomiz Imom Buxoriy hazratlari xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilayotgan muhtasham me’moriy majmua bu boradagi ulkan loyihalarimizdan biri bo‘lishiga ishonaman.

Mintaqamiz davlatlari bilan qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish, Markaziy Osiyoda transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, “Bir tur – butun mintaqa” dasturini amalga oshirish diqqatimiz markazida bo‘lmoqda.

Muxtasar aytganda, tibbiy, ekologik, gastronomik, etno, ekstremal va boshqa turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha olib borayotgan ishlarimiz hisobidan kelgusida kamida 1 millionta yangi ish joylari yaratishni maqsad qilganmiz.

Hurmatli forum qatnashchilari!

Dunyo turizm industriyasining e’tiborga molik yirik tadbiri – Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasining Samarqandda o‘tkazilishi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun katta tarixiy voqeadir.

Ishonchim komilki, ushbu anjuman Tashkilotimizga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va unga yangi shiddat bag‘ishlashga xizmat qiladi.

Aloqalarimizni har tomonlama chuqurlashtirish uchun quyidagi takliflarni bildirmoqchiman.

Birinchidan, global turizmning eng dolzarb muammosi – bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini ta’minlashdir.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida kuzatilayotgan nizo va beqaror vaziyatlar soha rivojiga pandemiyadan ham ko‘ra ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ming afsuski, bu jarayonlar oqibatida jozibador va an’anaviy yo‘nalishlarda turizm salohiyati va sayyohlar soni keskin pasaymoqda, xavfsiz turizm uchun doimiy tusga ega bo‘lgan xatar va tahdidlar ortmoqda, ularning salbiy ta’siri qo‘shni mintaqalarga ham tobora kengroq tarqalmoqda, butunjahon madaniy meros obyektlari va ko‘hna arxitektura yodgorliklari vayron qilinmoqda va hatto ayrimlari Yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketmoqda.

Bunday ayanchli holatlarning oldini olish uchun barchamiz hamjihat va yakdil bo‘lib, bor kuch va sa’y-harakatlarimizni birlashtirishimiz kerak.

Shu maqsadda, hozirgi murakkab vaziyatni inobatga olgan holda, xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni taklif etaman.

Ikkinchidan, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda “yashil” turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarbdir.

Shuningdek, Tashkilotimizning “Yashil” turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar” nominatsiyasini ta’sis etishni taklif qilamiz.

Tashkilot ko‘magida yaqinda ish boshlagan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro universiteti hamkorligida Global “yashil” turizm startaplari laboratoriyasini yaratmoqchimiz.

Biz eng yaxshi innovatsion yechimlarni yaratish maqsadida grant mablag‘larini ajratishga tayyormiz. Barcha a’zo davlatlar va xalqaro tashkilotlarni ushbu loyihaga qo‘shilishga taklif etamiz.

Uchinchidan, imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida biz Tashkilotimiz doirasida 2025 yilni “Butun jahon inklyuziv turizm yili” deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.

To‘rtinchidan, Butunjahon turizm tashkiloti huzurida Sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish maqsadga muvofiqdir.

Ushbu platforma madaniy meros obyektlariga sayyohlar oqimini ko‘paytirish, tarixiy yodgorliklarni asrash bo‘yicha eng ilg‘or tajribalar bilan almashish, tavsiya va samarali yechimlarni shakllantirish imkonini beradi.

Kengashning birinchi yig‘ilishini qadimiy Buxoro shahrida tashkil etishga tayyormiz.

Beshinchidan, bugun biz Samarqandda turizm sohasida mutaxassislar tayyorlaydigan va ularning malakasini oshiradigan, dunyoda o‘xshashi yo‘q Butunjahon turizm tashkilotining Xalqaro turizm akademiyasini ochdik.

Ishonchim komilki, ushbu Akademiya global ta’lim xabiga aylanadi va jahon turizm sanoatini yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shadi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston iqtidorli mutaxassislar uchun maxsus grantlarni taqdim etadi va davlatlaringiz vakillarini bu dasturda faol ishtirok etishga chaqiradi.

Oltinchidan, Tashkilotimiz bilan yaqin hamkorlikda Jahon yoshlar turizmi sammitini Toshkentda o‘tkazish haqidagi tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaysiz, degan umiddaman.

Aminmanki, ushbu forum yoshlarimiz uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi g‘oyalarni yaratishda muhim va foydali maydonga aylanadi.

Yettinchidan, “Ipak yo‘li” brendini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Tashkilotning maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish tashabbusini bildiramiz.

Ushbu rejani amalga oshirishda biz bugun Butunjahon turizm tashkiloti bilan hamkorlikda ochgan “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi faol shug‘ullanishi mumkin, deb hisoblaymiz.

Yana bir masala. E’tiboringizni turizm sohasining faol targ‘ibotchilari – jurnalistlar, blogerlar va ommaviy axborot vositalari vakillariga qaratmoqchiman.

Tashkilotimiz qo‘shimcha platformalar yaratish orqali bu iqtidorli va jonkuyar ijodkorlarning katta kuch va salohiyatini birlashtirishda faol rol o‘ynashi lozim.

Shu munosabat bilan yetakchi ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va eng yaxshi sayohat blogerlarini o‘zida birlashtiradigan Global media kampusinini tashkil etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz.

Bunday media forumlarni har ikki yilda bir marta Tashkilot Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyalari doirasida o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Birinchi media kampusni yurtimizda qabul qilishga tayyormiz.

Hurmatli xonimlar va janoblar!

Sizlar anjuman davomida Samarqandning qadimiy tarixi, boy madaniyati, uning betakror go‘zalligi, xalqimizning urf-odat va an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lasizlar.

Bu azim shahar dunyoning barcha mintaqalaridan tashrif buyuradigan millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb etayotgan Buyuk ipak yo‘lining chinakam javohiridir.

Siz, azizlar, Samarqandni “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” deb e’lon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilishga doir tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb ishonaman.

Bu yuksak maqom asrlar bo‘yi o‘z tarovati va beqiyos merosini bezavol saqlab kelayotgan, bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi bilan butun dunyoda shuhrat qozongan Samarqandning mo‘tabar nomiga har tomonlama munosib bo‘lar edi.

Hurmatli do‘stlar!

Hech shubhasiz, bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida qabul qilinadigan hujjatlar va kelishuvlar global turizm industriyasining jadal rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Bosh Assambleya sessiyasi doirasida o‘tkaziladigan investitsiya va ta’lim forumlari jahonning barcha turoperatorlari, oliygohlar va yirik kompaniyalarning o‘zaro muloqoti uchun samarali maydon bo‘lishiga aminman.

Ushbu forumlarda barcha hududlarimiz o‘zlarining boy tarixiy va madaniy salohiyatini, sayyohlik imkoniyatlarini to‘liq namoyish qiladi hamda istiqbolli investitsiya loyihalari paketini taqdim etadi.

Bu tadbirlarda sizlarni faol ishtirok etishga chaqiraman.

Barchangiz Yangi O‘zbekistonni o‘zingiz uchun kashf etishingizga, ushbu tashrif qalblaringizda unutilmas taassurotlar qoldirishiga ishonaman.

Siz, aziz do‘stlarimiz uchun O‘zbekiston eshiklari hamisha ochiq va barchangiz biz uchun doimo qadrli mehmonsiz.

Bosh Assambleya sessiyasining ishiga muvaffaqiyat va omadlar tilayman.

E’tiboringiz uchun rahmat.



  ...