Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Turizm sohasi va “Yashil makon” loyihasi doirasidagi vazifalar muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-oktabr kuni turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, turizm iqtisodiyot uchun qo‘shimcha va tuganmas manba. Shu bois har bir davlat sayyohlarni jalb etishga harakat qiladi. Mamlakatimizda bu sohaga keng imkoniyatlar yaratilayotgani natijasida mehmon o‘rinlari, sayohat joylari va yo‘nalishlari ko‘payib bormoqda.

O‘tgan 8 oyda yurtimizga xorijdan 4 million 300 ming nafar turist kelgan, ulardan 1 milliard 400 million dollar tushum bo‘lgan. Qo‘shimcha dam olish kunlari va chegirma berilgani natijasida ichki sayyohlar soni 15 million nafarni tashkil qilib, o‘tgan yilgiga qaraganda 2 barobarga o‘sgan.

Turizm infratuzilmasi izchil rivojlanmoqda. Joriy yilda 15 mingta yangi mehmon o‘rinlari tashkil etilib, ularning soni 137 mingtaga yetdi. 540 ta dam olish va ko‘ngilochar maskan barpo etildi, 70 ta turizm marshruti ochildi.

Shuningdek, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi, yangi 23 ta samolyot olib kelindi, 20 ta xalqaro va 6 ta ichki qatnov yo‘lga qo‘yildi. Samarqand aeroportida haftalik xalqaro reyslar 46 tadan 85 taga ko‘paydi. 1 ming 300 ta zamonaviy avtobus xarid qilinib, 38 ta yo‘nalish ochildi.

Yig‘ilishda turistlarni ko‘paytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar muhokama qilindi.

Avvalo, qo‘shni davlatlardan, Rossiya va Xitoydan sayyohlarni jalb qilish uchun qulay imkoniyat borligi ta’kidlandi. Xususan, yurtimiz viloyatlari Xitoy provinsiyalari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Bundan foydalanib, hududlarimiz turistik salohiyatini targ‘ibot qilib, Xitoydan yiliga 1 million sayyohni jalb qilish mumkinligi aytildi.

Mamlakatimizga uzoq davlatlardan turistlar kelishi ham ko‘paygan. Misol uchun, Hindiston, Yaponiya, AQSH va italiyalik sayyohlar soni 3-4 barobar oshgan. Birgina Xorazmga Ispaniyadan 40 ming turist tashrif buyurgan. Lekin ular tranzit orqali kelayotgani sababli ortiqcha xarajat qilayapti. Agar Madriddan yurtimizga aviareys qo‘yilsa, turoperatorlar sayyohlarni 4 karra oshirishga tayyorligini bildirgan.

Shu bois Transport vazirligiga xorijdagi elchilarimiz bilan birga aviaqatnovlarni ko‘paytirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Yaqinda, 16-20-oktabr kunlari Samarqand shahrida ilk bor Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unga 128 ta mamlakatdan 1 mingdan ziyod ishtirokchi, shu jumladan 79 nafar turizm vaziri, 24 nafar vazir o‘rinbosari kelishi kutilmoqda.

– Bu tadbir mamlakatimiz turizm salohiyatini ko‘rsatish uchun juda katta imkoniyat, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan soha vakillarini jalb qilib, har bir hududning tarixi, tabiati, madaniyati, ziyoratgohlari, ovqatlari, sayyohlik maskanlari va marshrutlarini namoyish etish, loyihalar taklif qilib, kelishuvlarga erishish zarurligi ta’kidlandi.

Turistlarni jalb qilish bo‘yicha yana bir katta yo‘nalish bu – madaniy tadbirlar. Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston va ayrim viloyatlarda festivallar tashkil etilgan. Shu tajriba asosida, qolgan hududlarda ham turistlarni jalb etadigan madaniy tadbirlarni ko‘paytirish topshirig‘i berildi. 

Davlatimiz rahbari mamlakat imijida kino san’atining o‘rniga alohida e’tibor qaratdi. Madaniyat vazirligi va Kinematografiya agentligiga bu borada ko‘rsatmalar berildi.

“Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti mutaxassislari ishtirokida servis sifati hamda soha xodimlarining malaka va madaniyatini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Joylardagi sayilgoh va istirohat bog‘larini jonlantirish, tematik turizm ko‘chalarini tashkil qilish, badiiy jamoalarni libos va anjomlar bilan ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar ham ko‘rib chiqildi.

Yurtimizda bu harakat boshlanganiga 2 yil bo‘ldi. Shu davrda 1 ming 200 gektardan ortiq yashil bog‘ va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi. Umuman, jamiyatda, mas’ullarda daraxtga nisbatan munosabat o‘zgardi.

Endi 25-oktabrdan 1-dekabrgacha “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilinadi. Bu mavsumda 85 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan.

Buning uchun Respublika shtabi tuzilib, unga Fanlar akademiyasi, Tuproqshunoslik va O‘rmonchilik institutlari, o‘rmon xo‘jaligi rahbarlari kiritiladi. Ular tuproq tahlili va iqlim sharoiti asosida ko‘chat turini belgilab beradi. 

O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tadan ko‘chat bepul yetkazib beriladi. Shuningdek, 15-oktabrdan barcha tuman va mahallalarda ko‘chat yarmarkasi tashkil qilinadi.

Ko‘chat ekishda manfaatdorlikni oshirish maqsadida avtomobil, temir yo‘l, daryo va kanallar bo‘yi aholi va tadbirkorlarga shartnoma asosida yer toifasi o‘zgartirilmasdan bo‘lib beriladi.

Bandlik vazirligining Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari bundan buyon mahallalarning o‘ziga beriladi va daraxt ekish, parvarishlash va tozalik tadbirlariga yo‘naltiriladi.

Ma’lumki, viloyat, tuman va shaharlarda obodonlashtirish bo‘limlari bor. Bu xizmatlarni, tajriba tariqasida, xususiy sektorga berish taklifi bildirildi. Bunda har bir ko‘cha daraxtlari bilan alohida-alohida lot qilinib, bir yillik mablag‘i bilan ochiq tanlovga qo‘yiladi. Mutasaddilarga shu boradagi shartlar va moliyalashtirish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.



  ...