O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
a) 2022-yil 1-iyuldan boshlab 2025-yil 1-iyulga qadar:
ommaviy axborot vositalari foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi, reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno;
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qog‘oz bojxona bojidan ozod etiladi;
b) 2023-yildan boshlab tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlarining majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilinib, ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bundan mustasno). Bunda, tegishli davlat organlari tomonidan xarid qilib olish uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratiladi;
v) budjet tashkilotlariga ulardagi “kutubxona fondi” xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna bo‘lish uchun mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-oktabrdan boshlab bolalar uchun mo‘ljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish bo‘yicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda bo‘lgan tanlov e’lon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qo‘shimcha ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
3. Faol jurnalistlarni muntazam rag‘batlantirish va ular o‘rtasida ijodiy sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:
ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh a’zolari) quyidan yuqoriga o‘sib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi – maxsus elektron platformani ishga tushirsin.
Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
4. 2023-yildan boshlab jurnalistlar o‘rtasida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan o‘tkazishga e’tibor qaratilsin, shuningdek, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindorlari:
bosh milliy mukofot uchun – avtomobil;
birinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari;
ikkinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari;
uchinchi o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari;
12 ta rag‘batlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlansin.
Belgilansinki, “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar “Ilhom” jamoat fondi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) barcha davlat organlari va tashkilotlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shakli, shu jumladan, mobil ilovalari tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 2022–2024-yilda ajratilgan Davlat budjeti hamda ularning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yaratilishini tashkil etadi, keyingi yillarda ularni modernizatsiya qilish uchun mablag‘ ajratib boradi;
b) 2023-yil yanvardan boshlab:
davlat organlari va tashkilotlari muassisligida bo‘lmagan hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganiga kamida ikki yil bo‘lgan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shaklini, shu jumladan, ularning mobil ilovalarini yaratish hamda modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash uchun 2026-yil 1-yanvarga qadar har yili eng yaxshi 20 ta loyiha bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi. Bunda, har bir tanlov uchun O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha bo‘lgan miqdorda mablag‘ ajratiladi;
davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga masofadan turib obuna bo‘lish va ularning buyurtmachigacha o‘z vaqtida yetkazib berilishini kuzatib borish imkonini beradigan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil ilovasi yaratiladi;
2026-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan “Obuna” yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar obuna narxining 10 foiz, bolalar uchun mo‘ljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining 20 foiz miqdori Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi (“Cashback”), reklama xususiyatiga ega bo‘lgan davriy bosma nashrlar bundan mustasno. Bunda, ushbu xarajatlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga qo‘shimcha ajratiladigan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X. Shermatov) hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) 2022-yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil ilovasini yaratsin va elektron to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilsin hamda uning doimiy ravishda modernizatsiya qilinishi, texnik qo‘llab-quvvatlanishi va faoliyat yuritishini ta’minlasin.
6. Jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiya qilish, kadrlarning malakasini oshirish va jurnalistlarning xorijiy tillarni o‘rganishini rag‘batlantirish maqsadida 2022-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) oliy ta’lim muassasalarida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim beradigan professor-o‘qituvchilarning mualliflik ko‘rsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy rag‘batlantirish nuqtai nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi;
b) ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida dars berayotgan, O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga ega bo‘lgan shaxslar mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlariga ko‘ra 1-ilovaga muvofiq professor va dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘lgan shaxslarga tenglashtiriladi;
v) oliy ta’lim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish huquqi beriladi;
g) jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan bo‘limlari 2-ilovaga muvofiq tashkil etiladi;
d) ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarining:
xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi. Bunda, ular xorijiy tillar bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi hamda nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlarni isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim;
xorijiy tillar bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lish uchun imtihon topshirish xarajatlari to‘liq kompensatsiya qilinadi.
Bunda, ushbu “d” kichik bandda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
7. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oliy organi qarori bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi deb qayta nomlangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 16-uy manzildagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Belgilansinki, 2023–2024-yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga malaka oshirish, tajriba o‘rganish, stajirovka o‘tash va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuboriladi hamda ular uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan holda o‘quv kurslar tashkil etiladi. Bu boradagi tegishli xarajatlar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har yili O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining tegishli hududiy bo‘limlari faoliyatini samarali tashkil qilish, saqlash xarajatlarini qoplash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan belgilangan tartibda subsidiya sifatida mablag‘ ajratib borish choralarini ko‘rsin.
8. Jurnalistlarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining quyidagilarni uyushma tomonidan amalga oshirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:
jurnalistlar va davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarning sudgacha hal etilishiga ko‘maklashish;
jurnalistlarning professional faoliyatiga taalluqli jinoyat ishlari bo‘yicha ish yuritishda ularning jamoatchilik himoyachilari sifatida qonunda belgilangan tartibda ishtirok etish;
tele- va radiokanallarning badiiy kengashlari faoliyatiga jalb qilingan malakali ekspertlarni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan doimiy ravishda rag‘batlantirib borish.
9. O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi oliy organi qarori bilan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi deb qayta nomlangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi tomonidan tavsiya etilgan media loyihalarni amalga oshirish rejalariga muvofiq vazirlik, idora, tashkilot va hokimliklarga ularning budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shartnoma asosida media mahsulotlar yaratish, ularni realizatsiya qilish hamda boshqa media loyihalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
10. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasiga ommaviy axborot vositalari uchun grantlar, ijtimoiy buyurtmalarning soni va miqdorini oshirib borish hamda bu borada alohida tanlovlar o‘tkazish tavsiya etilsin.
11. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X. Shermatov) Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) bilan birgalikda uch oy muddatda teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish va qurish, teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan davlat boji miqdorini 50 foizgacha kamaytirish hamda uni yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashni joriy qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, quyidagilar uchun davlat bojining alohida miqdorlari nazarda tutiladi:
teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish va qurish;
mamlakat miqyosida teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) yoki hududiy teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish);
radioeshittirishlarni tarqatish.
12. Toshkent shahri, Mirobod tumani, Matbuotchilar ko‘chasi, 32-uy manzilida joylashgan “Matbuot uyi” bino va inshootlari O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin.
Belgilansinki, ushbu binoga davriy bosma nashrlarning tahririyatlari ijara haqi to‘lamasdan (kommunal to‘lovlar va ko‘rsatiladigan boshqa xizmatlar bundan mustasno) joylashtirilishi mumkin.
13. Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda:
ushbu qarorning 12-bandida keltirilgan bino va inshootlar hamda ularga tutash hududda zamonaviy media shaharcha tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarni 2023–2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritsin;
ushbu loyiha bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun 2022–2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan va o‘zlashtirilmagan mablag‘lar hisobidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratish choralarini ko‘rsin.
Zamonaviy media shaharcha loyihasi yakuniga yetkazilguniga qadar O‘zbekiston Milliy axborot agentligi o‘z faoliyatini Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 42-uy manzilida joylashgan binoda davom ettirsin.
14. 2022–2023-yillarda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari dasturda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanliklari ko‘rsatib o‘tilsin.
15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–3184-son qarori 2-bandining uchinchi xatboshisidagi, 5-bandining ikkinchi xatboshisidagi, 10-bandidagi hamda qarorga 1-ilovaning o‘n beshinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “Jurnalistlar ijodiy uyushmasi” so‘zlari tegishli kelishikdagi “Jurnalistlar uyushmasi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3195-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.A. Xodjayev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sh.I. Asadov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev