O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga amaliy tashrifining tadbirlarga g‘oyat boy dasturi yakuniga yetdi.
Davlatimiz rahbari Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtaldi hamda global va mintaqaviy kun tartibining eng dolzarb masalalari yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “С5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Jozef Bayden ikki tomonlama uchrashuvda davlatlararo va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel, Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol, Pokiston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Anvar Kakar, shuningdek, nufuzli xalqaro tuzilmalar rahbarlari – BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala, Jahon banki guruhi prezidenti Adjay Banga, FIFA prezidenti Janni Infantino bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi ham voqealarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston yetakchisi AQSH biznesi vakillarining O‘zbekiston-Amerika savdo palatasi raisi Kerolin Lemm boshchiligidagi delegatsiyasi hamda yirik transmilliy kompaniya va korporatsiyalar - “Air Products”, “Citigroup”, “SNH”, “Boston Consulting Group”, “GE HealthCare”, “Oppenheimer”, “Cerberus”, “Cintana” rahbarlari bilan uchrashdi.
Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.