Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Insonparvarlik yordami boʻyicha xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika xabi tashkil etilgani toʻgʻrisida rasmiy axborot



Bugungi kunda dunyoning ko‘plab hududlarida koronavirus pandemiyasining og‘ir iqtisodiy oqibatlari, global ta’minot va logistika zanjirlarining uzilishi hamda halokatli iqlim o‘zgarishi tufayli insonparvarlik inqirozi tahdidi kuchaymoqda.

Afg‘onistonda davom etayotgan og‘ir gumanitar vaziyat alohida tashvish uyg‘otadi. Bugun afg‘on xalqi jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga duch kelmoqda.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu mamlakat aholisining deyarli yarmi, ya’ni 18 million kishi hayoti insonparvarlik yordamiga bog‘liq. Besh yoshgacha bo‘lgan afg‘on bolalarining yarmidan ko‘pi yaqin kelajakda to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida xalqaro hamjamiyat e’tiborini ushbu muhim masalaga qaratib, “Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas” deya ta'kidlagan edi.

Afg‘oniston va boshqa davlatlarga insonparvarlik yuklarini tizimli, markazlashtirilgan hamda manzilli yetkazib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq Surxondaryo viloyatidagi “Termiz Kargo Markazi” logistika terminaliga Insonparvarlik yordami ko’rsatish bo’yicha ko’p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berildi.

Xalqaro xab barcha zarur infratuzilma – Afgʻoniston bilan bogʻlovchi xalqaro aeroport, daryo porti, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari, shuningdek, Afg'oniston chegarasi yaqinida joylashgan va eng zamonaviy texnologiya va uskunalar bilan jihozlangan “Termiz Cargo Center” nomli yagona yirik logistika terminaliga ega.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbariyati, boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va koʻplab davlatlar Oʻzbekistonning Termiz shahrida mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda Afgʻonistonga insonparvarlik yordam koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlamoqda.

O‘zbekiston birodar Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda. 2021-yil sentabr va dekabr oylarida respublika Hukumati Termiz shahri orqali umumiy hajmi 5 ming tonnadan ortiq boʻlgan ikkita yirik gumanitar yukni yetkazib berdi. 2022-yil 30-aprel kuni musulmonlarning muqaddas Ramazon Hayiti bayrami arafasida mamlakatimizdan Afg‘oniston xalqiga 4 ming tonnaga yaqin insonparvarlik yuki yetkazildi. Bu gumanitar yordamning barchasi oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak, to'qimachilik mahsulotlari, bug'doy va ko'mirdan iborat edi.

Oʻzbekiston Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi infratuzilma va transport-logistika obyektlaridan foydalangan holda xalqaro tashkilotlar hamda ayrim davlatlarga Afgʻonistondagi gumanitar faoliyatlarida ko‘mak bermoqda. 2021-yil dekabr Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (QBOKB) Termizdan Afg‘onistonga 40 tonna asosiy zaruriy mahsulotlardan iborat insonparvarlik yordamining birinchi partiyasini jo‘natdi. 2022-yil fevral oyida QBOKB Afgʻonistondan ehtimoliy qochqinlar oqimiga tayyorgarlik koʻrish uchun Termizdan Tojikistonga 20 tonnaga yaqin birlamchi ehtiyoj mahsulotlaridan iborat yordam joʻnatgan. QBOKB Termiz shahridagi vakolatxonasiga Insonparvarlik yuklarini yetkazib berish geografiyasini kengaytirish imkoniyatiga ega hududiy gumanitar logistika markazi maqomini berdi.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (JOOD) tomonidan Termizdan Afg‘onistonga muntazam ravishda insonparvarlik yuklari jo‘natiladi. JOOD ma’lumotlariga ko’ra, 2021-yil noyabridan bugungi kunga qadar Termiz orqali Afgʻonistonga 42 ming tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.

Bundan tashqari, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi, Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamda xorijiy davlatlar ham O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan foydalanishdan manfaatdor.

Xalqaro markazning tashkil etilishi jahon hamjamiyatining afg‘on masalasidagi manfaatlari va sa’y-harakatlariga mos keladi. Eng muhimi, bu Afg‘oniston xalqiga eng zarur tovarlarni tezkorlik bilan yetkazib berish va shu orqali afg‘on xalqiga gumanitar inqirozni bartaraf etishda samarali yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

O‘zbekiston bu borada barcha xalqaro sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga tayyor.



  ...