O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 14-sentabr kuni Dushanbe shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon raisligida o‘tgan sammitda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, mintaqada ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z nutqida mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarni yuksak baholadi.
- Umumiy sa’y-harakatlarimiz tufayli hayotiy muhim masalalarni hal etish va hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan to‘ldirish borasida jiddiy oldinga siljishga erishdik. Bizning siyosiy muloqotlarimiz va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda. Muloqot va hamkorlik uchun turli platformalar ishga tushirildi, - dedi davlatimiz rahbari.
Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanayotgani asosiy natija sifatida qayd etildi. Mintaqamiz iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik markazlaridan biriga aylanmoqda, G‘arbni Sharq va Shimolni Janub bilan bog‘laydigan transport xabi bo‘lishdek tarixiy vazifani yana o‘z zimmasiga olmoqda.
Global jarayonlarning mintaqaning barqaror rivojlanishiga ta’siri chuqur tahlil qilinib, bunday xavf-xatarlarga samarali qarshi turish imkoniyati ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni birlashtirishga bog‘liqligi qayd etildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi istiqbollari bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.
– Savdo-iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy sheriklik va integratsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Biz ushbu yo‘nalishda mintaqa mamlakatlari bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun O‘zbekistonda barcha zarur shart-sharoitlarni yaratmoqdamiz, - dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Tovar aylanmasi hajmini oshirish maqsadida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo zonalarini tezroq shakllantirish taklif qilindi.
Shu munosabat bilan mintaqada barqaror savdo-logistika zanjirlarini shakllantirish, chegaraoldi hududlarida savdo va kooperatsiya markazlarini ochish va kengaytirish, o‘zaro savdo bo‘yicha qonunchilikni uyg‘unlashtirish va bu boradagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona ma’murchiligi, sanitar va fitosanitar nazorati, tovarlarning qayerdan olib kelinayotganini sertifikatlash bo‘yicha yagona elektron platformalar yaratish, mintaqaviy elektron savdo maydonini ishga tushirishni ko‘zda tutadigan kompleks mintaqaviy dasturni qabul qilish zarur.
Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston Prezidenti yengil avtomobillar, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarish, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon bilan chegaraoldi hududlari kooperatsiyasini muvaffaqiyatli sheriklikka misol sifatida qayd etdi.
Uchinchi davlatlarga eksport qilishni ko‘zlagan holda mineral o‘g‘itlar, polimerlar, metalldan tayyor buyumlar, tayyor to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yirik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin.
Birgalikdagi sa’y-harakatlarga tizimli tus berish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarining uzoq istiqbolga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Asosiy tashqi bozorlardan jo‘g‘rofiy jihatdan uzoqligini hisobga olganda, mamlakatlarimizda yuklarni tashish uchun ketadigan xarajatlar ulushi tovarlarning so‘nggi qiymatiga nisbatan 50 foizgacha yetayotgani ta’kidlandi. Ayni vaqtda dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich 11 foizdan oshmaydi. Natijada iqtisodiyotimiz rivojlangan davlatlardagidan ko‘ra 2-3 marta ko‘p transport xarajatini ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda.
Mamlakatlarimizning transport sohasidagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida tarmoq vazirlari uchrashuvlari doirasida Markaziy Osiyoda Transport va tranzit haqidagi bitimni ishlab chiqish, biznes uchun qulay bo‘lgan oraliq tariflarni qo‘llagan holda, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun samarali transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni shakllantirish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Transport xizmatlari bozorini liberallashtirish va ruxsat etishga doir tartib-taomillarni optimallashtirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash hamda Xalqaro tashuvlarning integratsiyalashgan raqamli platformasini yaratish masalasini ko‘rib chiqish taklifi ilgari surildi.
– Afsuski, mintaqada energetika infratuzilmalarini rivojlantirish sur’atlari sanoatlashtirish va urbanizatsiya jarayonlari, shuningdek, demografik o‘sishdan orqada qolmoqda. Bugungi kunda bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi yo‘lidagi jiddiy tahdiddir, - deya energetik xavfsizlikni ta’minlashdagi muammolarga e’tibor qaratdi davlatimiz rahbari.
Tarmoq vazirliklari va milliy kompaniyalarimizning geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli konlarni o‘zlashtirish, energiya resurslarini saqlash va yetkazib berish bo‘yicha mavjud infratuzilmalarni kengaytirish va zamonaviy infratuzilmalarni yaratish sohasidagi hamkorligini yanada kuchaytirish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, elektr energiyasini yetkazib berish uchun yangi magistral tarmoqlarni barpo etish hamkorligimizning muhim yo‘nalishiga aylanishi lozim.
Shu bilan birga, energiya manbalarini diversifikatsiya qilmasdan, muqobil energetika sohasiga investitsiya va texnologiyalarni jalb etmasdan va “yashil” vodorodni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasdan turib, mintaqani barqaror rivojlantirish mumkin emasligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi zaif nuqtalar ko‘rsatib o‘tildi. Bular - agrar sektorning ilmiy-texnologik jihatdan yetarlicha rivojlanmagani, suv resurslari borasidagi o‘tkir taqchillik, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzoq va samarasiz zanjirlari, iqlim inqirozi va logistikadagi uzilishlar oldidagi beqarorlik, sog‘lom ovqatlanish masalalari.
Bu sohada sa’y-harakatlarni birlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ko‘magida mintaqaviy Sheriklik dasturini tayyorlash muhim. Zero, mamlakatlarimiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan nafaqat mintaqaning ichki bozoridagi mavjud ehtiyojlarni to‘liq qoplash, balki ularni eksport qilishdek muhim imkoniyatga ham egadir.
– Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashning eng muhim omiliga aylanmoqda. Shu munosabat bilan, kelgusi yil bahor faslida Samarqandda Markaziy Osiyodagi iqlim o‘zgarishlariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazmoqchimiz, - deb, davlatimiz rahbari mintaqa mamlakatlari delegatsiyalarini ushbu forumga taklif etdi.
Iqlim barqarorligini va “yashil” taraqqiyotni ta’minlashga amaliy hissa qo‘shish maqsadida Iqlim o‘zgarishlariga moslashish masalalari bo‘yicha mintaqaviy strategiyani qabul qilish tashabbusi bildirildi.
Mintaqaning iqlimga oid yagona kun tartibini shakllantirish va birgalikda ta’sirchan chora-tadbirlarni qabul qilish uchun biz ekologiya vazirlari darajasida “Iqlim bo‘yicha Markaziy Osiyo muloqoti” ko‘p tomonlama platformasini ta’sis etish taklif qilindi.
– Umumiy tarix, urf-odat, madaniyat va qadriyatlarga – Markaziy Osiyoning noyob sivilizatsiyasi mushtarakligi va rang-barangligiga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlik bizning eng muhim an’anaviy ustuvor yo‘nalishimizdir, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy-gumanitar hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasini qabul qilish taklif etildi.
Ayni vaqtda bizning noyob madaniy-tarixiy va ma’naviy merosimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalari va nohukumat tashkilotlar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan faol foydalanish zarur.
Umumiy mintaqaviy kontentni shakllantirish uchun olimlar va keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasini yaratish bu yo‘nalishdagi amaliy qadam bo‘ladi.
Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlarga oid siyosatiga alohida e’tibor qaratildi.
– Yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etamiz.
Yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta’minlash maqsadida shu yo‘nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etamiz, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Xavfsizlik masalalari bo‘yicha davlatlarimizning Xavfsizlik kengashlari kotiblari tomonidan muvofiqlashtirib boriladigan muntazam yig‘ilishlarni o‘tkazish haqidagi taklif qo‘llab-quvvatlandi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari chegaralarini himoya qilish va mustahkamlash bo‘yicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqish hamda Favqulodda vaziyatlar yuzasidan prognozlar qilish, ularning oldini olish, barvaqt ogohlantirish va ularga birgalikda qarshi turish borasida Mintaqaviy tizimni shakllantirish tashabbusi ilgari surildi.
Markaziy Osiyodagi xavfsizlik va barqarorlikka bevosita ta’sir ko‘rsatadigan eng asosiy omillardan biri Afg‘onistondagi vaziyatdir.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston bundan buyon ham afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatadi, shu maqsadda Termizdagi xalqaro xabni gumanitar ko‘mak uchun taqdim etadi, afg‘on fuqarolarini maxsus tashkil etilgan ta’lim markazida o‘qitishni davom ettiradi.
Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish loyihasini ilgari surish bilan birga Afg‘onistonning ichki transport yo‘llarini tiklash zarurligi qayd etildi.
Bundan tashqari, afg‘on tomoni bilan chegaralar xavfsizligi, suvdan foydalanish va savdo-sotiqni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqot muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.
So‘zining yakunida Prezidentimiz Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashini ta’sis etish taklifini qo‘llab-quvvatladi hamda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy kengashini tashkil etishni taklif qildi.
O‘zbekiston rahbari uchrashuv natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga, keng miqyosdagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon rahbarlari so‘zga chiqdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi sammit ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.
Tadbir yakunida quyidagi hujjatlar qabul qilindi: Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim, Markaziy Osiyoda yerusti transporti o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risida bitim, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari ishlari bo‘yicha Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi to‘g‘risida nizom, 2022-2025-yillarda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qo‘llab-quvvatlash uchun “yo‘l xaritasi”.