Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Prezident davlatimizning yuksak mukofotlarini topshirdi



Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan, chet ellik investorlar “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan edi.

30-avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari marosim ishtirokchilarini avvalo Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etdi. Bu davrda mamlakatimiz katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgani, barcha sohalarda o‘zgarishlar bo‘layotgani ta’kidlandi.

– Xalq manfaatini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan harakatlarni davom ettirish maqsadida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini ishlab chiqdik. Uning loyihasini muhokamaga qo‘yganimizda 1 milliondan ko‘p takliflar kelib tushdi. Bu nimadan dalolat? Xalqimiz befarq emas. Yo‘nalishlarimizni, kamchiliklarimizni ko‘rsatib beryapti. Bu biz uchun “yo‘l xaritasi”. Davlatga eng katta hakam – xalq, – dedi Prezident.

 Bu muhim hujjatda Vatanimiz mustaqilligini va tinchligini asrash, kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, xalqimiz hayotini obod va farovon qilish, farzandlarimizni barkamol etib tarbiyalash vazifalari belgilangan.

– Sodda qilib aytganda, bizning maqsadimiz bitta: u ham bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonda xalqimiz yayrab ishlaydigan, hayotdan rozi bo‘lib, yayrab yashaydigan davlat qurishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Buning zamini, avvalo, tinchlik, barqarorlik. Xalqimiz buning qadriga yetib, intilish, mehnat ruhida yashamoqda. Yangi-yangi zamonaviy sanoat korxonalari ishga tushirilmoqda. Ilm-fan, texnologiyalar, xizmat ko‘rsatish borasida muhim natijalar qo‘lga kiritilmoqda. 2022 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 5,7 foizni tashkil etdi.

Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida shinam uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar, shifoxonalar, bog‘cha, maktab, madaniyat va sport markazlari bunyod etilmoqda. Tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olinib, oziq-ovqat xavfsizligini, xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga erishilmoqda.

Shular haqida gapirar ekan, Prezidentimiz ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan so‘zlarini keltirdi. 

Buning ifodasini aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga, jumladan, keksa avlod vakillari, ayollar va yoshlarga g‘amxo‘rlikda yaqqol ko‘rish mumkin. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’lim berish, zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, infratuzilmani yaxshilash hisobidan respublikamizda kambag‘allik darajasi sezilarli pasaymoqda.

Davlatimiz rahbari mahallalardagi ishlarni, odamlarning faolligini qayd etdi. 

– Biz birinchi kundan xalq ichiga kirib boryapmiz. Ko‘p tizimlarni mahallaga tushiryapmiz. Nimaga? Mahalla – davlatchiligimizning zamini. Agar 9 ming 400 ta mahalla tinch bo‘lsa, yurtimiz tinch bo‘ladi. Investitsiya ham, ta’lim-tarbiya, qurilish, obodonlashtirish ham mahallada bo‘lsa, qanday o‘zgarish bo‘ladi?! Mana, “Ochiq budjet” orqali odamlar o‘z muammosini olib chiqib, ovoz berib, o‘zi nazorat qilyapti. Shuning uchun mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlarimizni qat’iy davom ettiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident marosimga yig‘ilganlarni nomma-nom tilga olib, davlat mukofotlari bilan tabrikladi. Ularni Yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkorlari sifatida qadrlashini ta’kidlab, fidokorona mehnati, yosh avlodga ibrati uchun minnatdorlik bildirdi.

– Baxt nima o‘zi? Farzandlar bag‘rida sog‘-salomat yurish, oilada, el-yurtda aziz bo‘lish, halol qilgan mehnatingning qadrini ko‘rish. Butun xalqimiz sizlar bilan faxrlanadi, sizlarga havas bilan qaraydi. Ilohim, mana shunday obro‘, mana shunday hurmat-e’tibor sizlarni hech qachon tark etmasin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.

Ma’lumki, milliy o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan, Prezidentimiz tashabbusi bilan “Imom Buxoriy” ordeni ta’sis etilgan. Yurtimiz va mintaqamizda muqaddas islom dinini asrash, ilmiy merosni o‘rganish va musulmonlarga yetkazish yo‘lida ma’naviy jasorat ko‘rsatib yashagan ikki buyuk vatandoshimiz, marhum muftiylar – shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan edi. Tadbirda ularning farzandlariga ushbu tabarruk nishon topshirildi.

El-yurtimizda hurmatga sazovor nuroniylar, davlat xizmatchilari, olim va pedagoglar, tadbirkorlar, sanoatchilar, ijodkor va san’atkorlar, harbiylar, sportchi va murabbiylar mukofotlarni qabul qilib oldi.

Prezidentimiz ularni tabriklab, samimiy dil so‘zlari va tilaklarini aytdi. 

 – Bugun men sizlarning ochiq chehrangiz, baxtiyor ko‘zlaringizni, sizlardagi baland ruhni ko‘rib, ochig‘ini aytsam, go‘yoki o‘zim ham mukofot olgandek xursand bo‘lib turibman. Niyatim: ko‘ksingizga yarashib turgan mana shu yuksak unvon va nishonlar sizlarga yangi-yangi kuch-g‘ayrat baxsh etsin, – dedi Prezident.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, xalqimizga ezgu tilaklar bildirdi.



  ...