Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Investitsiya loyihalarining ijrosi ko‘rib chiqildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Ma’lumki, ushbu mamlakatlar katta iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarga ega. So‘nggi yillardagi muntazam muloqotlar tufayli O‘zbekistonning ular bilan munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, hamkorlikning turli yo‘nalishlarida aloqalar faollashdi.

Davlatimiz rahbari 2019-yilda Yaponiyada, 2022-yilda Vengriyada rasmiy tashrif bilan bo‘lgan edi. Ozarbayjon Prezidenti va Vengriya Bosh vaziri mamlakatimizga kelgan. Shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” tuzilmalari doirasida doimiy fikr almashib kelinmoqda.

Siyosiy iroda va o‘zaro manfaatdorlik natijasida Vengriya bilan 33 ta, Ozarbayjon bilan 27 ta, Yaponiya bilan 13 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlar imzolangan.  

Yig‘ilishda ushbu loyihalarning ijro holati, ularni amalga oshirish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim haqida axborot berildi.

Masalan, Vengriya bilan hamkorlikda parrandachilik klasteri tashkil etish, aviakompaniya ochish, dori-darmonlar, butlovchi qismlar va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Ozarbayjon bilan energetika, kimyo, transport, mashinasozlik, qurilish sohalarida hamkorlik qilinmoqda.

Yaponiya bilan loyihalar ko‘lami ham keng: energetika, turizm, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, to‘qimachilik, chorvachilik.

Umuman aytganda, Vengriya, Ozarbayjon va Yaponiya bilan sheriklikdagi ushbu loyihalar natijasida 8 mingdan ziyod yangi ish o‘rni, qariyb 1 milliard 700 million dollarlik eksport imkoniyati yaratilishi nazarda tutilgan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, bu borada mas’ullar va investitsiya menejerlari ishini jonlantirish zarurligini ta’kidladi.

Ikki tomonlama muloqotlar, jumladan, ishbilarmon doiralarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish orqali yangi loyihalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Sanoat, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, xizmatlar, ta’lim va innovatsiyalar hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.



  ...