Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti nomiga qutlovlar kelmoqda



Xorijiy mamlakatlar yetakchilari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga uning davlat rahbari lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan qutlovlar kelmoqda. Ularda O‘zbekiston Prezidentiga yangi zafarlar, xalqimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilgan. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Qozog‘iston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz bilan dildan qutlayman.

Saylovdagi ishonchli g‘alabangiz davlat rahbari lavozimida fidokorona faoliyatingiz, Vatanga va xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilayotganingiz natijasidir.

Ovoz berish yakunlari qudratli va taraqqiy topgan davlatni barpo etish, milliy hamjihatlikni va mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga qaratilgan strategik siyosatingiz xalqning yuksak ishonchini qozongani va keng qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol ifodasidir.

Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ko‘mak tamoyillariga amal qilgan holda, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni haqiqiy strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhida yanada kengaytirishga intilishim qat’iy ekanini tasdiqlayman.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan davlatlararo hamkorligimizni butun Markaziy Osiyoning barqarorligi, xavfsizligi va izchil taraqqiyoti yo‘lida sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishimizga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, Sizni davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga kelishga taklif etaman.

Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga O‘zbekiston farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatingizda ko‘zlagan barcha rejalaringiz muvaffaqiyatli amalga oshishini tilayman.

Hurmat bilan,

Qasim-Jomart Toqayev,

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Sizni Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabangiz bilan muborakbod etaman.

Prezidentlik saylovi natijalari obro‘yingiz va  O‘zbekiston xalqining Sizga bo‘lgan ishonchi balandligidan, respublikada barqaror ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan pragmatik va uzoqni ko‘zlagan siyosatingizni qo‘llab-quvvatlashidan dalolatdir.

Ishonchim komil, Sizning boshchiligingizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mamlakatni yanada rivojlantirish va ravnaqini ta’minlash bo‘yicha yangi g‘oya va tamoyillarning ro‘yobga chiqishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan keng qamrovli sheriklikni rivojlantirish, ishonchga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘zaro hurmat va ko‘mak tamoyillari asosida mustahkamlash Qirg‘iz Respublikasi tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.

Qirg‘iziston-O‘zbekiston munosabatlarida ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlari bo‘yicha misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, muhim qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga salmoqli hissasi qo‘shib kelmoqdasiz va shu munosabat bilan birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali bundan buyon ham ko‘p qirrali hamkorligimizni rivojlantirish, qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish va barcha kelishuvlarimizni ilgari surishga qat’iy intilishimni tasdiqlayman.

Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik va mo‘ljallagan barcha maqsadlarni amalga oshirishda yangi muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

 

Sadir Japarov,

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabangiz munosabati bilan samimiy qutlovimni qabul qilgaysiz.

Ushbu muhim siyosiy tadbir natijalari Sizning yuksak obro‘yingiz, O‘zbekiston xalqi mamlakatni izchil ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish va uning xalqaro maydondagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan strategik siyosatingizga ishonishi va uni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yaqqol ko‘rsatdi.

Tojikiston-O‘zbekiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini jadal rivojlantirishga salmoqli hissangizni qayd etib, ularni har tomonlama kengaytirish va yangi mazmun bilan boyitishdan chin dildan manfaatdor ekanimizni bildiraman.

Siz bilan bundan buyon ham mamlakatimizning strategik sherikligi va ittifoqchiligini xalqlarimizning tub manfaatlariga muvofiq holda samarali ilgari surishga birgalikda harakat qilishimizga ishonaman.

Sizga, qadrli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, yangi zafarlar, do‘st O‘zbekistonning og‘ishmay rivojlanishi yo‘lida o‘ylagan barcha rejalaringiz muvaffaqiyatli amalga oshishini, birodar o‘zbek xalqiga esa abadiy tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab qolaman.

Hurmat bilan,

 

Emomali Rahmon,

Tojikiston Respublikasi Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabangiz va ushbu lavozimga qayta saylanganingiz bilan samimiy qutlayman!

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sizning rahbarligingizda jadal taraqqiyot yo‘lidan dadil bormoqda, jamiyat hayotining barcha jabhalarida ulkan yutuqlarga erishmoqda va jahondagi nufuzini izchil mustahkamlamoqda.

Bugun Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada. Turli yo‘nalishlarda, shu jumladan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mustahkam ikki tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari bundan buyon ham yangi sur’at bilan rivojlanib borishiga aminman.

Ushbu yoqimli imkoniyatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bardavom ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat va yuksak ehtirom ila,

 

Gurbanguli Berdimuhamadov,

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Turkmaniston xalqi va Hukumati nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan O‘zbekiston Respublikasida o‘tgan Prezident saylovida qozongan g‘alabangiz bilan eng samimiy tabriklarimni yo‘llamoqdaman.

Ovoz berish yakunlari Sizning yurt farovonligini yuksaltirishga qaratilgan siyosatingiz qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqladi.

Turkmaniston O‘zbekiston bilan davr sinovidan o‘tgan mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga muhim ahamiyat qaratmoqda.

Siz bilan birgalikda samarali ishlashga tayyorligimni hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish niyatida ekanimni bildiraman.

Ushbu yoqimli imkoniyatdan foydalanib, Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, davlat rahbari lavozimidagi mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

 

Serdar Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylanganingiz munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga o‘zimning eng samimiy tilaklarim va ezgu istaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat mamnunman.

Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, do‘st O‘zbekiston hukumati va xalqiga esa yanada taraqqiyot va ravnaq tilab qolaman.

Sizga bo‘lgan samimiy ehtiromlarimni qabul qilgaysiz.

 

Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon,

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti

***

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Hurmatli Prezident janoblari!

Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganingiz bilan muborakbod etishga ijozat bergaysiz. Saylov natijalari O‘zbekiston xalqi siyosatingizni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatganiga qat’iy ishonaman.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganini qadrlayman. Biz Vengriya va O‘zbekiston Respublikasi manfaatlari yo‘lida boshlagan ishlarni davom ettirish imkoniyatidan mamnunman, zero, o‘zaro manfaatli hamkorlikni ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda ham rivojlantirishga qodirmiz. Ishonchim komil, iqtisodiyot, tijorat, madaniyat va ta’lim sohalaridagi sheriklikligimiz yangi imkoniyatlar ochib beradi.

Sizni ishontirib aytamanki, ikki tomonlama aloqalarimizga xizmat qiladigan va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorligimizni mustahkamlaydigan tashabbus doirasidagi barcha masalalarda mening hukumatim Siz bilan harakat qilishga doimo tayyor. 2023 yil oktyabr oyida bo‘lajak sammitni hamda avgust oyida shaxsan uchrashishimizni intizorlik bilan kutaman.

Mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar va mustahkam sog‘lik tilayman.

Hurmat bilan,

 

Viktor Orban,

Vengriya Bosh vaziri

***

 

Shuningdek, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon,

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif,

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bosh kotibi Sergey Lebedev,

Jahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili.

Qutlovlar kelishi davom etmoqda.



  ...