Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 4-iyul kuni SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdagi majlisida ishtirok etdi.

Hindiston tomonining raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ruslan Mirzayev ham qatnashdi.

Kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlari va faxriy mehmonlar sifatida sammitda Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Mo‘g‘uliston Prezidenti Xurelsux Uxnaagiyn, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida xalqaro munosabatlar tizimida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar – geosiyosiy keskinlik kuchayib, ziddiyatlar avj olayotgani, global barqarorlik va izchil taraqqiyotga xavf solayotgan yangi xatar va tahdidlar paydo bo‘layotgani, ekologiya, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi xavflar ortib borayotganini qayd etdi.

– Shu munosabat bilan konstruktiv va ishonchga asoslangan muloqotni yo‘lga qo‘yishga kuchli ehtiyoj borligi yaqqol ko‘rinib turibdi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

O‘zbekiston nizo va ziddiyatlarni hal qilish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yechimlarni izlash va murosali qarorlarni qabul qilishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy o‘rniga nisbatan prinsipial pozitsiyaga rioya qilishi ta’kidlandi.

SHHT faoliyati to‘g‘risida so‘z yuritar ekan, O‘zbekiston Prezidenti ushbu tashkilot muvaffaqiyati uning asosiy tamoyillariga qat’iy rioya etishga asoslanganligiga e’tibor qaratdi. Bular - tashkilotning blokdan tashqari maqomi, ochiqlikka qatiy sodiqlik, tenglik va konsensus asosida qaror qabul qilish tamoyillaridir.

– Eng muhimi, bizning hamkorligimiz turli manfaatlar, yondashuvlar, qarashlar va madaniy tafovutlarni o‘zaro hurmat qilish va konstruktiv idrok etishga suyanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

SHHTning mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalarni hal qilishda samarali xalqaro tuzilma sifatidagi yetakchi rolini saqlab qolish maqsadida qabul qilingan kelishuvlar va qarorlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, shakllantirilgan institutlar va hamkorlik mexanizmlarining faoliyatini audit qilish, tashkilotni modernizatsiyalash bo‘yicha kelishuvlarning bajarilishini jadallashtirish taklifi ilgari surildi. Ekspertlar forumi doirasida SHHT istiqbollari bo‘yicha qo‘shma tadqiqot loyihasini amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sammitning kun tartibidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni bayon qildi.

Xususan, davlatimiz rahbari ko‘p tomonlama siyosiy hujjat - SHHTning yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

– Uning qabul qilinishi ustuvor vazifalarni aniqlash, yangi sharoitlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha umumiy yondashuvlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari SHHT davlatlari sanoat va innovatsion taraqqiyot ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilik qilgani holda ulkan intellektual salohiyatga, eng boy energiya va agrar resurslarga ega ekanini qayd etdi.

– Bugungi kunda ichki-mintaqaviy savdo va sanoat-texnologik hamkorlikni rivojlantirish uchun umumiy makonni shakllantirish tashabbusi har qachongidan ham dolzarbdir, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Shu  ma’noda, Prezidentimiz innovatsion taraqqiyot, raqamlashtirish va robotlashtirish, sun’iy intellekt, biotexnologiya, farmatsevtika va kelajak sanoatining boshqa tarmoqlarini qamrab oladigan SHHTning yangi iqtisodiy muloqoti dasturini qabul qilishni taklif etdi.

Bu yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish maqsadida davlatimiz rahbari O‘zbekistonda SHHTga a’zo davlatlar hududlarining innovatsion sherikligi haftaligini hamda yuqori tehnologiyalar qo‘shma ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Transport-kommunikatsiya masalalariga to‘xtalib, O‘zbekiston Prezidenti SHHT davlatlarining transport o‘zaro bog‘liqligining yagona xaritasini ishlab chiqish tashabbusini bildirdi.

– Bu “to‘siqlar” va “bo‘shliqlar”ni aniqlash, umumiy, integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish uchun ustuvor chora-tadbirlar va loyihalarni belgilash imkonini beradi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilni SHHT makonida Ekologiya yili deb e’lon qilinishini qo‘llab-quvvatlab, mamlakatimiz yetakchisi “Yashil kamar” dasturi doirasida Mintaqaviy ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tayyorlashni taklif qildi.

– SHHT maydonida iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va “toza” texnologiyalarni joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va suv tejamkorligini rivojlantirish bo‘yicha yaqinroq muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlik zarur, - dedi davlatimiz rahbari.

O‘zbekiston Prezidenti Samarqanddagi "Ipak yo‘li" xalqaro universiteti negizida shu yilning oktyabr oyida Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida SHHT turizm industriyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Davlatimiz rahbari SHHTning boy madaniy-gumanitar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan siyosatni amalga oshirishning dolzarb ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Shu munosabat bilan intensiv madaniy almashinuvning yillik taqvimini shakllantirishni amaliyotga joriy etish hamda “SHHT - kelajakning ijodiy g‘oyalari va tashabbuslari makoni” yoshlar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha Tadbirlar dasturini tayyorlash taklif qilindi.

SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyatini faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni qayd etib, mamlakatimiz yetakchisi tuzilma kengashining sayyor yig‘ilishlari amaliyotini davom ettirishni qo‘llab-quvvatladi, bu tuzilmaning zamonaviy tahdidlarga tezkor javob berish masalalarida vakolatlarini oshirishga imkon berishini ta’kidladi.

Yana bir muhim masala - Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatga to‘xtalib o‘tildi.

Prezidentimiz Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilari bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari uzoq muddatli siyosiy yechimni topishdan barchadan ko‘ra manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan “SHHT – Afg‘oniston” aloqa guruhi formatida qo‘shma faoliyatni va maslahatlashuvlarni qayta tiklash taklif qilindi.

Tadbir yakunida SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari quyidagi hujjatlarni imzoladilar:

- SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Nyu-Dehli deklaratsiyasi;

- 2030-yilga qadar SHHT mintaqasida iqtisodiy rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida qaror;

- Eron Islom Respublikasini SHHT a’zoligiga qabul qilish tartibotini yakunlash va unga SHHTga a’zo davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror;

-  Belarus Respublikasining SHHTga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumni imzolash haqida qaror.

Bundan tashqari, iqtisodiy hamkorlik va raqamli transformatsiyani yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga qaratilgan 10 ta hujjat qabul qilindi.

SHHTga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi.



  ...