Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xitoyning Shenchjen shahrida mamlakatimizning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati taqdim etildi



O‘zbekiston elchixonasi vakillari tomonidan Xitoyning Guandun provinsiyasida joylashgan Shenchjen shahrida mamlakatimizning investitsiya va turizm imkoniyatlariga bag‘ishlangan forum tashkil etildi.

Tadbirda Guandun provinsiyasi va Shenchjen shahar maʼmuriyati rahbariyati, savdo, investitsiya va turizm sohalarida faoliyat ko‘rsatadigan yirik firma va kompaniyalar vakillari hamda O‘zbekistonning yetakchi sayyolik kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarish, tadbirkorlik va investitsiya faoliyatini olib borish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, iqtisodiy erkinliklar, xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, yurtimizning boy sayyohlik salohiyati hamda turizm yo‘nalishida Xitoy tomoni bilan hamkorlik uchun imkoniyatlar haqidagi batafsil maʼlumotlar forum qatnashchilarining eʼtiboriga havola qilindi.

Tadbir chog‘ida Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarimiz, go‘zal maskanlarimiz, betakror madaniyatimiz va anʼanalarimiz haqida hikoya qiluvchi videolavhalar ham namoyish etildi.

“China Global Purchasing Group” kompaniyasi bosh direktori Chjan Syuelyan:

- Aytish kerakki, O‘zbekistonning investitsiya va turizm salohiyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan forum Xitoyning ushbu sohalarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalari vakillari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Taqdimot davomida biz yurtingiz bilan hamkorlik o‘rnatish hamda biznes faoliyatini olib borishimiz uchun muhim bo‘lgan barcha zarur maʼlumotlarni oldik.

Shenchjen shahri nafaqat Guandun provinsiyasining, balki butun Xitoyning eng rivojlangan shaharlaridan biri hisoblanadi. Shahar iqtisodiyotining salmoqli qismini hizmatlar, elektrotexnika va IT sohasi mahsulotlarini ishlab chiqarish tashkil etadi. Shaharda Xitoyning  Huawei, ZTE, BYD kabi yetakchi kompaniyalar qarorgohlari joylashgan.

 “Tengxun” kompaniyasi direktori Lin Gotsay:

- O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik qirralari yaqin yillarda keskin kengayib ketganining guvohi bo‘layotirmiz. Mamlakatingiz Xitoy kompaniyalari uchun jozibali biznes maskaniga aylanib bormoqda.

Bunga, albatta, ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan do‘stona va stretegik sheriklik aloqalari asos bo‘lmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, biz tadbirkorlar uchun yurtingizda faoliyat yuritishimiz nuqtai nazaridan ishonchni mustahkamlamoqda.

Forum davomida tashkil etilgan B2B shaklidagi uchrashuvlarda Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishtirildi.



  ...