Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti Lombardiya viloyati bilan hamkorlik uchun katta salohiyat mavjudligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifining ikkinchi kunida Milan shahrida Lombardiya gubernatori Attilio Fontana bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Italiya shimolida joylashgan Lombardiya mamlakatning aholi soni va maydoni bo‘yicha eng yirik hamda iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyat respublika YAIMining 22 foizini ta’minlaydi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Yevropa Ittifoqida beshinchi o‘rinni egallaydi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Attilio Fontanani gubernator etib qayta saylangani bilan tabrikladi va ushbu lavozimdagi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Kuni kecha Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va Bosh vazir Jorja Meloni bilan o‘tgan muzokaralar samarali bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etilib, ular davomida hududlararo aloqalarni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.

Uchrashuvda, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

O‘tgan yilda O‘zbekiston hududlarining Lombardiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 83 foizga oshdi. Aprel oyida Milan va Toshkent o‘rtasidagi aviaqatnovlar qayta tiklandi.

Hududning Pietro Fiorentini, Terranova, Danieli, Fin. Opera kabi yetakchi kompaniyalari bilan mustahkam sheriklik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Prezidenti qo‘shma savdo va investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish, Italiyaning ilg‘or texnologiya va bilimlarini O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlariga yanada keng jalb qilish muhimligini ta’kidladi.

Lombardiya bilan keng ko‘lamli hamkorlik dasturini tez fursatda tayyorlash, Samarqandda qo‘shma investitsiya forumini o‘tkazish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, tadbirkorlik tashabbuslarini ilgari surish uchun qulay sharoitlar yaratish, tibbiyotda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, shu jumladan Madaniyat kunlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Gubernator Lombardiya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi loyiha va tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi. Mamlakatimiz hududlari bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli sheriklikka ko‘maklashishga tayyorligini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Attilio Fontanaga 2026-yilda Lombardiyada bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishda muvaffaqiyatlar tiladi.



  ...